Линклар

logo-print

Prezident Karimov Ollohning uyiga poyabzalsiz kirdi


Toshkentda "Minor" masjidi ochilish marosimidan hozirlangan ko‘rsatuvidan olingan surat.

Toshkentda "Minor" masjidi ochilish marosimidan hozirlangan ko‘rsatuvidan olingan surat.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi "Minor" masjidi ochilish marosimida ishtirok etgan prezident Islom Karimov masjidga poyabzal bilan kirdimi, degan savol paydo bo‘ldi. Bunga o‘zbekistonlik jurnalist Ismat Xushevning prezident Islom Karimovga: "Ollohning uyiga poyabzalda kirish gunohi kabir emasmi?" sarlavhasi ostida yo‘llagan ochiq maktubi turtki bo‘ldi.

Taniqli o‘zbekistonlik jurnalist Ismat Xushev O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga yo‘llagan navbatdagi ochiq xatida yurt rahbarining masjidga poyabzal bilan kirganini da‘vo qildi:

"Bir haftadirki, O‘zbekiston televideniyasi - Prezident Ollohning uyiga botinkasi bilan sayr qilib yurganini tinmay ko‘rsatish bilan band… Hamma yalangoyoq – bitta Prezident botinkada... Maslahatchilar esa Prezident orqasida turib nimalarnidir tinmay yozib chizish bilan ovora. Ularning vazifasi aslida nimadan iborat? Ular faqat eshitadilar, yozadilar, lekin gapirolmaydilar, bamisoli gung odamday. Oqibatda Ollohning uyida Prezidentning yuzini shuvit qildilar..." deb yozdi Ismat Xushev.

Jurnalist O‘zbekiston prezidentiga ko‘plab ochiq maktublar yozgan va yozib kelmoqda. Uning bu galgi maktubi ijtimoiy tarmoqlarda: "Nahotki, Islom Karimov el ko‘zi o‘ngida masjidga oyoq kiyimi bilan kirgan bo‘lsa?!" degan savolni paydo qildi va qiziquvchilar bu savolni Ozodlikka ham yo‘lladi.

"O‘zbekiston" televideniyesi O‘zbekiston prezidenti ishtirokida o‘tgan Toshkentdagi “Minor” masjidi ochilish marosimidan hozirlagan ko‘rsatuvda prezident Islom Karimov masjidda poyabzalsiz ko‘rinadi.

Tasvirda bir yoniga poyabzalsiz Anvar qori Tursunov, yana bir yoniga "Minor" masjidining imom xatibi Rahmatulloh qorini olgan prezident duoga qo‘l ochgan holda aks etgan.

Prezident Karimov "Minor" masjidiga poyabzal bilan kirdimi yoki poyabzalsiz, degan savol ortidan: "Prezident masjidda namoz ham o‘qidimi?" degan savol o‘rtaga chiqdi.

Ozodlik bu savolga aniq javob topolmadi. "O‘zbekiston" televideniyesida namoyish qilingan ko‘rsatuvda bu haqda hech qanday ma‘lumot berilmagan.

Ushbu marosimda ishtirok etgan mulozim-guvohlardan biri ismi sir qolishi sharti bilan: "Bu marosimda Qur‘on tilovat qilindi, xolos. Aslida masjidga kirganda ikki rakat nafl namozi o‘qiladi. Lekin prezidentimiz ichkarida namoz o‘qigan-o‘qimaganini biz ko‘rolmadik", deb javob berdi.

O‘ta nozik bu masalada ochiq gapirmaslikni ma‘qul ko‘rgan bu mulozim prezident Islom Karimov jamoat bilan namoz o‘qiganiga hech guvoh bo‘lmaganini ham qo‘shimcha qildi:

"Men prezident bilan jamoat namozlarida hech birga bo‘lmagan ekanman. U kishining jamoat bilan namoz o‘qiganlarini hech ko‘rmaganman. Shuning uchun, bu haqda bir narsa deyolmayman", dedi o‘zbekistonlik mulozim.

Ma‘lumki, prezident Islom Karimov 1992 yilda Makka shahriga borgan va Ka‘bani ziyorat qilgan edi. O‘shanda unga kabapo‘shning oyat bitilgan bir parchasi Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan tuhfa qilingan.

Aksar o‘zbekistonliklar bu ziyorat chog‘ida prezident Karimov Haj amalini ado etgan, deb biladi. O‘shanda prezident bilan Ka‘bani ziyorat qilgan asli o‘zbekistonlik, shu kunlarda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan Zuhriddin Turkistoniy bu Umra ziyorati bo‘lgan, deb xotirlaydi:

- O‘shanda u kishi Ka‘bani tavof qilganlar, ehrom kiyganlar va Ka‘ba ichkarisiga ham kirganlar. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman, chunki yonlarida davlatning odamlari ko‘p edi, bizni yaqinlashtirishmagan, ammo biz o‘shanda ikki rakat namoz o‘qigan va Umra ziyoratini ado qilganlar, deb bilamiz. Bu Saudiyaga davlat tashrifi bo‘lgan va u kishi juda katta hurmat va ehtirom bilan qarshi olinganlar, - deb xotirladi Zuhriddin Turkistoniy.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG