Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

Prezident Karimovni kimsasiz Andijon kutib oldi


Surat 2014 yil 6 oktabr kuni Karimov Andijonga tashrif buyurgan paytda olingan.
Surat 2014 yil 6 oktabr kuni Karimov Andijonga tashrif buyurgan paytda olingan.

Islom Karimovning Andijon viloyatiga 6 oktabr kungi amaliy safari viloyat markazining asosiy ko‘chalaridagi kundalik hayotni bir kunga izdan chiqardi: do‘kon va restoranlar, xizmat ko‘rsatish shahobchalari va dorixonalar yopildi. Prezident korteji o‘tishi oldidan ko‘chalar, hatto militsiya xodimlaridan ham tozalandi.

Andijonlik manbadan olingan bu ma‘lumotga uning o‘zidan olingan hamda mahalliy axborot vositalarining Prezident safari to‘g‘risidagi reportajlariga ilova qilingan suratlar ham dalildir: Prezident borib ko‘rgan ob‘ektlar fototasvirlarida bironta ham odam ko‘rinmaydi.

Islom Karimovning Andijonga safari to‘g‘risidagi rasmiy xabarlar propagandistik yaltiroq so‘zlardan tozalansa, O‘zbekiston rahbari 6 oktabr kuni Andijonda mana bu ishlarni qilgani ma‘lum bo‘ladi:

Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy bahori” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, fermerlar, viloyat faollari bilan suhbatlashdi;

Oltinko‘l tumanidagi “Dalvarzin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan zamonaviy uy-joy massivini borib ko‘rdi;

yangi uy sohiblaridan biri – Otabek Qobulov xonadonida bo‘ldi;

Andijon shahridagi Istiqlol ko‘chasi va bu yerda qad rostlagan zamonaviy binolar bilan tanishdi.

Rasmiy xabarlarda mana bu ma‘lumotlar ham keltirildi:

“2013-2015 yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida shu yilning yanvarь-sentyabrь oylarida umumiy qiymati 253 milliard so‘mlik 2 ming 815 loyiha amalga oshirildi va 24 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi”.

“Joriy yilda viloyatda 80 ming gektardan oshiq maydonda g‘alla ekilib, 500 ming tonnaga yaqin hosil olindi. Bugungi kunda 93 ming 400 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig‘ib-terib olinmoqda”.

“Bu yil viloyatning 31 qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 977 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi massivlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo‘llar qurildi”.

O‘zAning bu ma‘lumotlar keltirilgan xabarida bironta ham tanqidiy fikr yo‘q. Demak, Andijon shahar hokimi ham, viloyat hokimi ham yaqin orada ishdan olinmaydi, deb o‘ylash mumkin.

Biz Karimovning Andijon safari to‘g‘risidagi rasmiy xabarlarda tilga olinmagan jihatlarni o‘rganish uchun oltinko‘llik bir necha kishiga murojaat qildik. Gap Prezidentning tashrifiga oid ekanligini eshitiboq aloqani uzib qo‘ydi.

Shunisi qiziqki, bir umr davlat va jamoat tashkilotlarida ishlab kelgan taniqli bir oqsoqol ham o‘z Prezidentining Andijonga tashrifidan olgan taassurotlarini o‘rtoqlashishni istamadi. “Men siyosatga aralashmay qo‘yganman”, dedi oqsoqol.

Andijonlik inson huquqlari himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov Karimovning tashrifiga doir dastlabki umumiy savolimizga javoban shaharda Prezidentning xavfsizligini ta‘minlash uchun choralar favqulodda bo‘lganiga e‘tiborimizni qaratdi:

- Yo‘llar, hattoki, piyodalar uchun ham berk bo‘ldi ba‘zi joylarda. Shoh ko‘chalarda, masalan, Bobur shoh ko‘chasida bironta ham odam qoldirilmadi. Hatto militsiya xodimlari ham qoldirilmadi Prezident o‘tadigan paytda.

- Militsiya xodimlari ham qoldirilmagan bo‘lsa, Prezidentning xavfsizligini kim ta‘minladi?

- Mutlaqo hech kim qolmagan bo‘lsa ko‘chada, kim tahdid solishi mumkin, deb javob berdi savolga savol bilan Saidjahon Zaynobiddinov.

Uning so‘zlariga andijonlik bir tinglovchimiz jo‘natgan fotosuratlar dalil bo‘la oladi. WhatsApp orqali yetib kelgan boshqa suratlarda ham Andijon va uning atrofidagi ko‘chalarda transport harakati to‘xtatilgani, odamlar o‘qish va ishga piyoda ketayotgani aks etgan.

Yana bir andijonlikdan ikkitagina savolimizga qisqa javoblar ola bildik:

- Prezident Karimovning kecha Andijonda bo‘lganidan xabaringiz bo‘ldimi?

- Bugun eshitdim.

- Karimov bilan uchrashib qolsangiz, nimani so‘ragan bo‘lardingiz?

- So‘raydigan narsam yo‘q. Tinchlik bo‘layapti, shuning o‘zi katta baxt emasmi?

Bu so‘zlarni aytar ekan, bu andijonlik, shunchaki, o‘zbekning doimiy tilagidan kelib chiqdimi yoki bundan 9 yil avval, 2005 yil ning mayida yuz bergan fojeani nazarda tutdimi – buni aniqlashga ulgurmadik – aloqani uzib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG