Линклар

logo-print

Jizzaxda o‘qituvchilar paxta terimiga haydalgani ortidan o‘quvchilarga dars berishga hech kim qolmagani uchun maktablarda ta‘til e‘lon qilindi. Huquq faollari yuqori sinf o‘quvchilari ham majburiy paxtaga chiqarilganini aytayapti. Mutasaddilar esa ta‘tildagi o‘quvchilarning ota-onasiga paxta terishda ko‘maklashish hollarigina borligini ta‘kidlamoqda.

1 oktabrdan boshlab Jizzax viloyatining ayrim tumanlari, jumladan, Do‘stlik va Jizzax tumanlaridagi maktablarning 4-sinfdan yuqori sinflarining o‘quvchilari ta‘tilga chiqarildi.

Bu haqda Ozodlikka paxta jarayonini monitoring qilayotgan jizzaxlik huquq faoli O‘ktam Pardayev ma‘lum qildi:

- Jizzax tumanida Uchtepa degan joy bor. O‘quvchilari hozir o‘qituvchisiz qolgan o‘sha Uchtepadagi maktablarni. Al Xorazmiy nomli 32-maktab, keyin 13-maktab, Sharof Rashidov nomli 4-maktab. 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lganlarga dars o‘tilayapti. 4-sinfdan yuqori bo‘lgan o‘quvchilar maktabga kelmayapti. Ularga uyiga javob berib yuborgan. Bir hafta bo‘ldi. O‘qituvchilari paxta dalasida paxta terishmoqda. Faqatgina 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar dars o‘tmoqda. 5-sinfdan yuqori sinfdagilarning o‘qituvchilari paxta dalasida paxta termoqda. Shuning uchun o‘quvchilar uy yumushlari bilan uyida shug‘ullanayapti,- deydi huquq faoli O‘ktam Pardayev.

Mahalliy huquq faollaridan yana biri Jizzax tumani Qo‘shbarmoq qishlog‘idagi paxta jarayoniga oid o‘zi o‘rgangan ma‘lumotlarni Ozodlikka yetkazdi:

“Qo‘shbarmoq fuqarolar yig‘ini Qahramon mahallasidagi Abdulla Qodiriy nomli 31-maktabda 4-sinfdan yuqorisiga bugundan boshlab paxta bo‘layotgani uchun kanikul bergan. O‘qituvchilari paxtada bo‘lgani uchun o‘quvchilarga dars o‘tishga odam qolmagan. Shuning uchun 7 oktabrdan yuqori sinflarga kanikul berildi”, dedi mahalliy faol mikrofonsiz suhbatda.

Huquq faoli O‘ktam Pardayevga ko‘ra, ayrim hollarda ta‘tilga chiqarilgan o‘quvchilarni paxta terishga jalb qilish hollari ham kuzatilmoqda:

- Jizzax tumani O‘zbekiston qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli mahallasida 17-maktab joylashgan u yerda, 17-maktabning o‘qituvchilarini ham, 6-sinfdan yuqori bo‘lgan sinf o‘quvchilarini ham paxta terimiga olib ketilgan. Yashirincha olib chiqib paxta terdiriyapti hozir. Do‘stlik tumani Manas sovxozida ham maktab o‘quvchilari, kollej o‘quvchilarini olib chiqayapti deb aytishayapti,- deydi O‘ktam Pardayev.

Jizzaxning Do‘stlik tumanidagi paxta jarayonini kuzatayotgan yana bir faol ham ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, ushbu tumandagi ayrim maktablarning o‘quvchilari dalaga haydalgan:

- 7, 8, 9- sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilayapti. Bular Alisher Navoiy nomli, 5-maktab bilan Mirzo Ulug‘bek nomli 17-son maktab o‘quvchilari paxtaga chiqayapti. Keyin Do‘stlik tumaniga qarashli 27-son kollejining 1- va 2- kurs o‘quvchilari ham paxtaga chiqayapti,- dedi Do‘stlik tumanidagi paxta jarayonini kuzatayotgan mahalliy faollardan biri.

Jizzax tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, o‘qituvchilarning paxtaga chiqishi majburiy, lekin o‘quvchilardan ixtiyoriy ravishda dalaga chiqish so‘ralgan:

“O‘quvchilarning paxta terishi majburiy emas. Faqat xohlovchilar. 5-sinfdan yuqori sinflarga javob berilgan. Direktor o‘quvchilardan xohlovchilar paxtaga chiqishini so‘ragan. Shuning uchun yuqori sinf o‘quvchilari ham chiqayapti”, dedi jizzaxlik o‘qituvchilardan biri.

Ayni paytda Jizzax viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasining mulozimi o‘quvchilarning paxtaga chiqarilganinini inkor qildi:

“O‘quvchilar paxtaga chiqarilgani yo‘q. Chiqarilmaydi ham. Bu borada barcha maktablarga qa‘tiy ko‘rsatma berilgan. O‘quvchilarning ota-onalariga ko‘maklashish holatlari bo‘lishi mumkin. Lekin maktab tomonidan paxtaga chiqarishga hech kimga ruxsat berilmagan”, dedi Xalq ta‘limi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Mulozim yuqori sinf o‘quvchilarining qancha muddat ta‘tilda bo‘lishiga ham oydinlik kiritmadi.

XS
SM
MD
LG