Линклар

O‘zbekistondagi sunnat to‘ylarning gimniga aylanib, 22 yildan beri tildan tushmayotgan “Toychoq bola, toy bola” qo‘shig‘i "Tanish qo‘shiqlar" sahifasining bugungi mavzusi bo‘ldi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan bir yil o‘tib, "Mustaqillik maydoni"dagi bayramda aytilgan bu qo‘shiq o‘zbek bolalariga bag‘ishlangan ilk milliy qo‘shiq sifatida tarixga kirdi.

Bundan oldin O‘zbekistondagi sovet bolalariga atalgan¸ pioner va komsomollar ulug‘langan mafkuraviy qo‘shiqlarni Sherqo‘zi G‘oziyev ijro qilar edi.

Bu qo‘shiqlarda maktab bog‘ida hashar qilayotgan¸ pionerlar uyida aviamodel yasayotgan shaklan o‘zbek, mazmunan sovet bolalar qiyofasi tarannum qilinar edi.

Sovet Ittifoqi tugab, kommunistik mafkura istalmagan g‘oya o‘laroq chetlashgan bir paytda o‘zbek ashulachisi Abdulhay Karimov sovetlardan farqli bir bolakay haqida qo‘shiq kuyladi.

Qo‘shiq sunnat qilinadigan Muhammadga ummat bo‘lgan musulmon bolakay haqida edi:

Tahoratsiz yurmas endi shu kundan,

Joynamozni olib bering tugundan.

Yaratganga sajda qilsin bugundan,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola,

Shirin bola, shakar bola, to‘ybola.

Qo‘shiqning lirik qaxramoni bo‘lgan bolakay o‘zbeklarning obro‘sini ko‘tarish majburiyatini ham olgan:

Katta bo‘lib o‘zi topar nonini,

Vataniga fido qilar jonini.

Tiklar yana o‘zbeklarni shonini,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

22 yildan beri nafaqat O‘zbekiston balki butun Markaziy Osiyodagi sunnat to‘ylarning ajralmas qismiga aylangan “Toychoq bola “ qo‘shig‘ining ijrochisi, farg‘onalik hofiz Abdulhay Karimov Ozodlik mehmoni bo‘ldi.

Abdulhay Karimov o‘zining tashrif qog‘oziga aylangan bu qo‘shiq tarixi haqida g‘ururlanib gapirdi:

- Qo‘shiq aytilgan zahoti mashhur bo‘ldi. Matnni xotinim Marhabo Karimova yozib bergan edi. Musiqani o‘zim bastalaganman. Buni tarixini aytib bersam: Bir kuni sunnat to‘ydan kelsam xotinim¸ to‘y bolaga atab qo‘shiq aytdingizmi, deb so‘rab qoldi. Men unaqa qo‘shiq yo‘q, dedim. Keyin xotinim Marhabo bir o‘tirishda she‘rini yozib berdi. O‘zbekiston mustaqilligining bir yillik bayramida Toshkentdagi "Mustaqillik maydoni"da kuyladim. Hammaga yoqdi. Telekanallarda tinimsiz qo‘yiladigan bo‘ldi, - deb xotirlaydi farg‘onalik qo‘shiqchi Abdulhay Karimov.

Bu qo‘shiqni o‘ziga shon-shuhrat, obro‘-e‘tibor, moddiy farovonlik olib kelgan qo‘shiq, deb bilishini ta‘kidlagan suhbatdosh uni Ozodlik tinglovchilariga xirgoyi qilib berdi:

Tol yog‘ochdan qamchi qilar, ot qilar,

Dadasini yomon desang, dod qilar.

Checham, deydi kampirlarni mot qilar,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Yaxshi ko‘rib o‘ynagani qum bo‘lar,

Ayasini yonida bir zum bo‘lar.

Tug‘ilibon dadasiga dum bo‘lar,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Yaxshi ko‘rar ammasiyu xolasi,

Deyishadi jigarimning bolasi.

To‘ylariga novvos boqar tog‘asi,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Yarashadi yig‘lasa ham, kulsa ham,

Goh erkalab, goh tumtayib tursa ham.

Uyat bo‘lmas ishton kiymay yursa ham,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Dadasining armonlarin o‘ldirar,

Ayasining sandiqlarin to‘ldirir.

O‘rtoqlarin nisholdaga to‘ydirar,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Katta bo‘lib o‘zi topar nonini,

Vataniga fido qilar jonini.

Tiklar yana o‘zbeklarning shonini,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Tahoratsiz yurmas endi shu kundan,

Joynamozni olib bering tugundan.

Yaratganga sajda qilsin bugundan,

Toychoq bo‘lib chopib yurgan to‘ybola.

Shirin bola, shakar bola, to‘ybola.

Toychoq bo‘lib chopib yurgan boy bola.

XS
SM
MD
LG