Линклар

O‘zbekiston chegaralarida MXXning maxsus guruhlari tuzilmoqda


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" chegara punkti panjaralari yonida turnaqator navbat.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" chegara punkti panjaralari yonida turnaqator navbat.

O‘zbekistonning chegaradosh viloyat va tuman hokimliklari MXX Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati harbiylariga yordam beruvchi ko‘ngilli "Chegara posbonlari" guruhlarini tuzishga kirishdi. 30 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonning chegara hududlariga yaqin aholi punktlarida "Chegara posbonlari" guruhini tuzish haqidagi Nizomni tasdiqlagan.

Toshkent, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi chegaradosh tuman hokimliklarida O‘zbekistonning qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan chegaralari nazoratida harbiylarga yordam beradigan guruhlar tuzila boshladi.

Toshkent va Namangan viloyati hokimliklaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 3 oktabr kuni O‘zbekiston MXX hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirokida hokimliklarda yig‘ilish bo‘lgan.

"Hokimiyatda bo‘ldi yig‘ilish. Shunaqa Milliy xavfsizlikdan ukazaniye keldi, shunaqa gruppalar tuzilsin, degan. Hozir gruppalar tuzadigan odamlar tayinlandi va endi-endi gruppalarga odam yig‘ish boshlanayapti", dedi qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh Namangan viloyati hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi.

Andijon viloyatining qo‘shni Qirg‘izistonga chegaradosh Marhamat, Xonobod, Qorasuv tumanlarida ko‘ngillilar guruhini tuzishga hozirlik borayotgani aytildi. Viloyat IIBning hududiy bo‘linmalaridan biridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, guruhlar tarkibi kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

"Xohlovchilar mahalla qo‘mitalariga murojaat qilishi kerak. Mahallalar odamlarni saralab beradida, keyin arizani ichki ishlar bilan milliy xavfsizlik ko‘rib chiqib, tasdiqlaydi", dedi Andijon IIBning hududiy bo‘linmalaridan biri xodimi.

Tojikiston bilan chegaradosh Toshkent viloyatida ham chegara hududlariga yaqin mahallalar va u yerlarda tuzilajak guruhlar ko‘lamini aniqlash bo‘yicha komissiya ishlamoqda.

"Bizda hali qo‘shnilar bilan demarkatsiya qilinmagan chegara hududlari bor. Bekobodda bir-ikkita mahallalarimiz voobshche Tojikiston tomonida qolib ketgan. Bu yerlarda ishlash qiyin. "Chegara posbonlari" guruhini MXX va IIB tasdiqlab bergandan keyin bu yerda ish boshlaydi", dedi Toshkent viloyati hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi.

Chegaradosh viloyat va tuman hokimliklari faol bajarishga kirishgan bu topshiriq O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 30 sentabr kuni tasdiqlagan "Chegara posbonlari" guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi Nizom asosida berildi.

Ushbu nizomda 18 yoshdan 60 yoshgacha fuqarolardan iborat posbonlar guruhlari O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi harbiylariga chegara nazoratida amaliy yordam berishi aytilgan.

Ularning asosiy vazifalari quyidagi holatlarni aniqlash va bundan o‘z vaqtida chegarachilarni ogohlantirishdir:

- Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki bunga urinish hollari;

- Milliy, irqiy, etnik yoki diniy ziddiyatni qo‘zg‘ovchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish hollari;

- O‘zbekistonda davlat tizimini ag‘darishga urinish yoki bunga chaqirish hollari;

- Odamlarni yo‘q qilish yoki ularga zarar keltirishga qasd qilish, bunga urinish hollari;

- Qidiruvda bo‘lgan shasxlarning chegara oldi rayonlarida paydo bo‘lishi va hokazo holatlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, bu ko‘ngillilar MXX chegarachilariga topishirilgan davlat chegaralaridagi noqonuniy hatti-harakatlarni ham aniqlashi hamda bu haqda tegishli organlarga axborot yetkazib turishi lozim.

Vazirlar Mahkamasi qarorida aytilishicha, faol fuqarolardan tuzilgan bu guruhlarni qo‘mondonlar boshqaradi. Shuningdek, qo‘mondonlar O‘zbekistondagi eng kam ish haqining 4 barobari, guruh a‘zolari esa eng kam ish haqining 3 barobarigacha oylik oladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi qolgan 4 respublikaning barchasi bilan chegaradosh. Davlat chegarasining umumiy uzunligi 6 ming 221 kilometr. Buning 2 ming 203 kilometri Qozog‘iston, 1 ming 99 kilometri Qirg‘iziston, 1 ming 161 kilometri Tojikiston, 1 ming 621 kilometri Turkmaniston va 137 kilometri Afg‘onistonga tutash.

XS
SM
MD
LG