Линклар

logo-print

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2015 yilda Chexiyaga tashrifi kutilmoqda. Buni tasdiqlagan Chexiya prezidenti mamuriyati vakili prezident Milosh Zeman xalqaro hamjamiyat tanqidlarga qaramay, dunyo diktatorlaridan biri ko‘riladigan Islom Karimovni Pragaga taklif etish qaroridan voz kechmaganini bildirdi.

Chexiya prezidenti ma‘muriyatining tashqi aloqalar bo‘yicha bo‘limi rahbari Xinek Kmonichek Ozodlik bilan suhbatda Islom Karimovning Pragaga tashrifi kelasi yilda amalga oshishi mumkinligini aytdi.

- Joriy yilda qoldirilgan tashrif 2015 yilda amalga oshishiga umid qilmoqdamiz. O‘zbekistonda, taxminan mart oyida prezident saylovi o‘tkazilishi bois, tashrifning aniq sanasi hozircha belgilangani yo‘q. Ya‘ni, saylovdan oldinmi yoki keyin bo‘ladimi, kim g‘olib bo‘lsa o‘sha keladimi - hali hech kim bilmaydi. Lekin O‘zbekiston prezidentining Chexiyaga kechiktirilgan tashrifi rejaga muvofiq 2015 yil davomida amalga oshishini bilamiz,- dedi Kmonichek.

Hozircha O‘zbekiston prezidenti devoni Islom Karimovning Chexiyaga tashrif taklifini qabul qilgani, qabul qilgan bo‘lsa, safar qachon amalga oshishi mumkinligi haqida biror ma‘lumot bermadi.

O‘zbekiston rahbari Islom Karimov shu yil fevralь oyida Pragaga davlat tashrifi bilan kelishi kutilayotgan edi.

Tashrif kuniga bir hafta qolganda O‘zbekiston rahbarining Chexiyaga safari noma‘lum muddatga kechiktirilgani ma‘lum qilindi.

Ayrim chexiyalik vazirlar Karimov bilan uchrasha olmasligi mazkur tashrifning qoldirilishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Chexiya tomoni tashrif O‘zbekiston tomoni so‘roviga ko‘ra, qoldirilganini bildirgandi.

Janob Kmonichekka ko‘ra, fevral oyidagi tashrif qoldirilgani bois O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida ikki tomonlama shartnomalar imzolanmay qolgan.

- O‘zbekiston bilan umumiy qiymati 15 milliard chex kronasi (qariyb 700 million AQSh dollari) turadigan shartnoma imzolash kutilayotgandi. Lekin tashrif qoldirildi. Bo‘lajak tashrif davomida ana shu shartnomalar imzolanadi. Hozir Rossiya sanktsiyalari ortidan Qozog‘iston qatori O‘zbekistonga ham bizga muqobil bozor sifatida qarayapmiz. Bu masala ham O‘zbekiston rahbari bilan muxokama etilishi kerak bo‘lgan mavzulardan biridir, - dedi Kmonichek.

Dunyodagi eng qattol diktatorlardan, deb ko‘riladigan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning Pragaga kutilayotgan tashrifi sabab Chexiya prezidenti Milosh Zeman xalqaro tashkilotlar tanqidi ostida qolgan edi.

Jami 31 ta tashkilot, jumladan Chexiyadagi ikki nufuzli guruh mamlakat prezidenti Milosh Zemanga murojaat etib, O‘zbekiston rahbari Islom Karimov bilan 20-22 fevral kunlariga belgilangan uchrashuvni bekor qilishga chaqirgan edi.

Huquq faollari janob Zemandan o‘zbekistonlik hamkasbi bilan muzokalarda siyosiy maxbuslarni ozod qilishni, inson huquqlari ahvolini yaxshilashni talab qilishi kerakligini ta‘kidlashgan edi.

- Biz ochiq jamiyat o‘laroq o‘zbeklar saylagan prezident bilan har qanday mavzuni muhokama etishga ochiqmiz, - deydi Xinek Kmonichek.

Ayni paytda Praga-Toshkent havo yo‘nalishi bekor bo‘lmoqda. Czech Airlines aviakompaniyasi 24 oktabrdan boshlab, O‘zbekistonga samolyot qatnovini to‘xtatishini bildirgan.

Kelajakda bu yo‘nalish qayta ochilishi mumkinmi, degan savolga janob Kmonichek shunday javob berdi:

- Praga-Toshkent yo‘nalishi faxrimiz edi. Bilasiz, Chexiya havo yo‘lari iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Shu bois, bu yo‘nalishning kelajakda qayta ochilishi shirkatga bog‘liq. Biz esa o‘z navbatida buning uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz, - dedi Chexiya prezidenti ma‘muriyatining tashqi aloqalar bo‘yicha bo‘limi rahbari Xinek Kmonichek.

Kutilayotgan tashrif O‘zbekiston rahbarining Chexiya Respublikasiga ikkinchi tashrifi bo‘lishi mumkin. Islom Karimov ilk bor Chexiyaga 1997 yil yanvar oyida safar qilgan.

2001 yilda Pragada hibsga olingan O‘zbekiston muxolifati yetakchisi Muhammad Solihni Toshkentga ekstraditsiya qilishdan Chexiya hukumatining bosh tortishi ikki mamlakat o‘rtasiga sovuqchilik solgan edi.

Chexiyaning o‘sha paytdagi Prezidenti Vatslav Havel O‘zbekiston bilan munosabatlardagi iqtisodiy manfaatlarni chetga surib, Muhammad Solihni Praga qasrida qabul qilgan.

Agar kelasi yil Karimovning Pragaga safari amalga oshsa, u ayni qasrda Milosh Zeman tarafidan qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG