Линклар

logo-print

AQSh Davlat departamenti 2015 yil uchun Green Card lotereyasini e‘lon qilar ekan, O‘zbekistonda yana firibgarlar harakatga tushdi. Shu kunlarda Samarqandda xususiy shirkatlar va jismoniy shaxslar mahallama-mahalla yurib odamlarga Green Card lotereyalarini to‘ldirishni taklif etmoqda.

Samarqandlik manbalar shu kunlarda shahardagi bozor va aholi gavjum joylarda Green Card lotereyalarini to‘ldirib berish bo‘yicha o‘z xizmatini taklif qilayotgan shaxslar yana faollashib qolganini xabar qilmoqda.

- Ko‘chada turib Green Card, Green Card, deb taklif qilyapti. O‘sha yerni o‘zida rasmga tushiradi, pasportni ko‘radi, u yog‘ini o‘zlari qilar ekan. Yutuq chiqsa keyin o‘zlari aytar ekan, - deydi o‘z baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan samarqandlik yigit.

AQSh Davlat departamenti har yili e‘lon qiladigan Green Card lotereyasiga hujjatlarni topshirishda o‘z ko‘magini taklif qiluvchi shaxslar, odatan vositachi firma xodimlari o‘laroq o‘zini taqdim qilishi kuzatilmoqda.

Samarqandliklarning aytishicha, bu shaxslar anketani to‘ldirib bergani uchun pul olmaydi. Lekin, yutuq chiqqan taqdirda yuz minimal oylik miqdorida haq olishi haqida oldindan og‘zaki tarzda kelishib oladi.

Samarqandlik blogger Toshpo‘lat Rahmatullayev Ozodlik bilan suhbatda lotereyani to‘ldirish uchun harakatlar aslida uch oy avval boshlanganini aytadi.

- O‘zi Green Card lotereyalari shu oy boshidan e‘lon qilindi. Lekin, maxsus shu ish bilan shug‘ullanadigan shirkatlar anketalarni uch oy oldin uyma-uy yurib to‘ldirib qo‘ygan. 1 oktabrdan boshlab, shu anketalarni kompyuter orqali yuborishyapti, - deydi Rahmatullayev.

Samarqandlik Olimjon ikki yil oldin vositachi shirkatlar orqali Green Card lotereyasiga anketa topshirganini aytadi. Yaqinda vositachi shirkat Olimjonga lotereyasiga yutuq chiqqani haqida aytgan.

Olimjonning iddaosicha, hozir shirkat undan yutuq kodi uchun 10 million so‘m (qariyb 3 ming AQSh dollari) so‘ramoqda.

- O‘sha firma ishtirokida men Green Card lotereyasiga o‘ynaganman. Kod ularga kelar ekan. Hozir ular shu kod uchun 10 million so‘m so‘rashyapti. Unday pul menda yo‘q. Hozir men to‘g‘ri elchixonaga borsam, kodimni ismim orqali topib berishar deb umid qilib turibman, - deb da‘vo qildi Olimjon.

Ozodlik muxbiri Olimjon bilan aloqada bo‘lgan va ismi oshkor qilinmayotgan shaxs bilan bog‘lanishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi. (Bu iddao tasdig‘ini topmagani bois, shirkat nomi e‘lon qilinmayotir. Ozodlik ayni iddaoga oid jurnalistik surishtiruvni boshladi.)

Samarqandlik blogger Toshpo‘lat Rahmatullayev taxminicha, hujjatlarni tarjima qilish bilan shug‘ullanadigan shirkatlar Green Card firibgarligiga aralashgan.

- Ko‘pchilik kompyuterda ishlashni bilmaydi. Inglizchani ham bilmaydi. Green Sard lotereyasini qanday to‘ldirish haqida tasavvurga ham ega emas. Shu vositachilar ularni shaxsiy ma‘lumotlarini olib o‘zlari topshirivoradi, yutuq chiqsa sotadi, - deydi Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Ma‘lumka, AQSh Green Card lotereyasiga hujjatni har bir kishi vositachilarsiz, o‘zlari topshirishlari kerak. Agar AQSh elchixonasi vositachilar o‘rtaga tushganini bilsa, lotereya yutug‘ini bekor qilib yuborishi mumkin.

Blogger Toshpo‘lat Rahmatullayevga ko‘ra, bunaqa holatlar juda ko‘p bo‘lgan.

- Har bir odam anketani o‘zi to‘ldirishi kerak. Agar o‘zi to‘ldirsa, yutuq kodi o‘ziga keladi. Boshqa shirkatlar to‘ldirsa, yutuq kodi ularga keladi. Vositachilar yordamida anketa topshirgan va yutuq chiqqan lotereya egalari elchixonaga borib, kodimni bilmayman. Lekin yutuq chiqqan ekan menga, deb borishlari mumkin. Lekin elchixona vositachilar orqali qilinganini bilib qolsa, yutuqni bekor qilib yuboradi. Vositachilardan kodini sotib olib borgani taqdirda ham hech kim unga Green Card kafolatini bermaydi. 3-4 ming dollar pulidan ham ayrilishi mumkin. Shuning uchun har bir odam o‘zi lotereyani to‘ldirishi kerak, - deydi Rahmatullayev.

Lekin, O‘zbekistonda firibgarlar yordamida Green Sard lotereyasini yutib olib, AQShga yo‘l olayotganlar ko‘p. Avvalroq Ozodlik bu borada surishtiruv o‘tkazgan edi.

Samarqandlik Olimjon uch yil avval yaqin o‘rtog‘i vositachilar ko‘magida Green Card lotereyasini yutib olib, AQShga ketganini aytadi.

- Yaqindagina AQShga ketdi. Men topshirgan firma orqali yutug‘i chiqqandi. U shirkatdagilar maxsus shug‘ullanar ekan, elchixonada bo‘ladigan suhbatga ham tayyorlashar ekan. Shunga xavas qilib men ham topshirgandim. Menga ham yutuq chiqdi. Endi kod uchun pul so‘rashyapti, - deydi Olimjon.

Lekin, Olimjon yutuq kodini sotib olgani taqdirda ham unga viza berilishiga hech qanaqa kafolat yo‘q.

AQSh Davlat departamenti ham pul mukofoti evaziga Green Card lotereyasida yutuq kafolatlayotgan shaxslarga ishonib o‘tirmang, deya ogohlantirib keladi.

Yaqinda Ukraina huquq-tartibot organi xodimlari amerikalik hamkasblari bilan hamkorlikda AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi Green Card lotereyalari firibgarligi bilan shug‘ullangan guruhni qo‘lga olgandi.

Ukraina Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mazkur guruh Green Card lotereyalarisida qatnashish uchun ukrain fuqarolarining shaxsiy ma‘lumotlaridan ularning roziligisiz foydalangan.

Lotereya natijalari chiqqach, firibgarlar g‘oliblarga ularning kodini 12 ming AQSh dollariga pullashgan.

Green Card firibgarligi O‘zbekistonda, ayniqsa Samarqandda keng tarqalgani ishoniladi. Lekin, shu paytgacha bu bilan bog‘liq jinoyat ishi ochilgani yo‘q.

2015 yil uchun Green Card lotereyasi 1 oktyabrь kuni e‘lon qilindi va unda qatnashmoqchi bo‘lganlar 3 noyabrgacha ariza topshirishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG