Линклар

logo-print

O‘zbek milliarderlarini qutqarish uchun Nazarboyev pora berganmi?


Nikolya Sarkozi va Nursulton Nazarboyev, 2009 yilning 6 oktyabri.

Nikolya Sarkozi va Nursulton Nazarboyev, 2009 yilning 6 oktyabri.

Parij nashrlari 2010 yilda Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Sarkozi bilan 2 milliard yevrolik shartnomani imzolash evaziga qozoq prezidenti Nazarboyev milliarderlar Fattoh Shodiyev, Alijon Ibragimov va Aleksandr Mashkevichni Belgiya sudidan qutqarib qolganini iddao qilmoqda.

Le Monde gazetasining yozishicha, gap Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 2010 yilning oktyabrida Parijga qilgan rasmiy safari doirasida imzolangan shartnoma haqida bormoqda. Mazkur shartnomaga muvofiq Qozog‘iston Fransiyadan 45 ta vertolyot sotib olishi kerak edi.

Maqolada aytilishicha, Fransiya Moliya vazirligi qoshidagi pul yuvishga qarshi kurash departamenti o‘sha yili Parij prokuraturasiga Sarkozining maslahatchilaridan biri hisobiga 300 ming yevro mablag‘ kelib tushgani to‘g‘risidagi ma‘lumotni jo‘natgan. O‘shandan beri “pul yuvish”, “xorij davlatlarining yuqori lavozimli amaldorlariga pora berish”, “jinoyatni yashirish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, o‘ta yashirin ravishda tergov olib borilmoqda.

Le Monde gazetasining yozishicha, tergovchilar bu ma‘lumotlarni ipidan ignasigacha o‘rganib chiqib, prezident Nazarboyev 2 milliard yevrolik shartnomani imzolash evaziga Sarkozidan Belgiyada sudlanishi mumkin bo‘lgan qozog‘istonlik milliarderlar Fattoh Shodiyev, Alijon Ibragimov va Aleksandr Mashkevichlarni qutqarishni talab qilgan, degan versiyani olg‘a surishmoqda.

Nomi zikr etilgan shaxslar shundan keyin Belgiya parlamenti shoshilinch qabul qilgan ko‘rsatmaga muvofiq javobgarlikdan bo‘shatilgan.

1954 yilda Farg‘onada tug‘ilgan va Qirg‘izistonda ulg‘aygan Alijon Ibragimov, 1953 yilda Jizzaxda tug‘ilib, 1990 yillarning boshlaridan beri Qozog‘istonda biznes bilan shug‘ullanib kelayotgan Fattoh Shodiyev, 1954 yilda Bishkekda tug‘ilib, 1989 yildan beri Qozog‘istonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Aleksandr Mashkevich prezident Nazarboyevga yaqin bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.

Ular Belgiyada “pul yuvish”, “hujjatlarni soxtalashtirish”da ayblangan. Birok 2011 yilning iyunida Belgiya parlamenti ko‘rsatmasidan so‘ng mazkur milliarderlar 23 million yevro jarima to‘lab, javobgarlikdan ozod etilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2011 yilning 27 iyunida Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov Parijga borgan va vertolyotlarni sotib olish yuzasidan kontraktni imzolagan.

Fransiya politsiyasi Fattoh Shodiyev, Alijon Ibragimov va Aleksandr Mashkevichlarni ozod qilish yuzasidan parlament ko‘rsatmasi qabul qilinishida Belgiya senatining o‘sha paytdagi vitse-prezidenti Arman de Deker asosiy o‘yinchi bo‘lganini ham aniqlagan.

Le Monde gazetasining yozishicha, Arman de Deker qonunni buzmaganini aytib, o‘sha paytda Fattoh Shodiyevning Fransiyalik advokati va Sarkozining maslahatchisi bilan Nazarboyevlarning do‘stlari bo‘lgan milliarderlarga oid sud jarayoninini muhokama qilishganini tan olgan.

Fransiyada boshlanib, avjiga chiqayotgan mazkur janjal yuzasidan Qozog‘iston hukumati hozircha hech qanday rasmiy bayonot bergani yo‘q. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari esa Ozodlik radiosiga bu ish yuzasidan hech qanday ma‘lumotga ega emasliklarini aytgan.

XS
SM
MD
LG