Линклар

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen tumanidan bo‘lgan Komil Rahmatov ayni paytda Xo‘jand shahar tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga So‘g‘d viloyat IIBning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi vakillari ma‘lum qilganlar. Ozodlik manbalariga ko‘ra, u O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasidan Xo‘jand shahriga olib kelingan.

45 yoshli Komil Rahmatov shu yilning 11 sentabr kuni qirg‘izistonlik militsiya xodimlari tomonidan O‘sh xalqaro aeroportida ushlangandi.

Hozirda Rahmatovga nisbatan boshqa mamlakatlar hududidagi qurolli ziddiyatda ishtirok etganlik uchun jazolash ko‘zda tutilgan modda bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Tojikiston Jinoyat kodeksidagi bu yangi modda bo‘yicha ayblanmish shaxs, aybi isbotlangan taqdirda, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

So‘g‘d viloyat IIB vakilining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, Komil Rahmatov Turkiya orqali Falastinga ketib, u yerda jihodda ishtirok etish niyatini yashirmagan. U huquq-tartibot idoralari xodimlariga o‘z aqidasidan kelib chiqqan holda yahudiy davlatiga qarshi kurashayotgan janggarilarga borib qo‘shilishga qaror qilganini aytgan. Samolyotga chipta olish uchun Rahmatov hatto sigirini sotishga qaror qilgan.

Bu Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralarining janggohlarga chiqib ketayotgan tojikistonliklarni tutib qolishi bo‘yicha ikkinchi holatdir. Shu yil sentabr oyida isfaralik Nasiba Fattoyeva va uning ikki farzandi tojik-qirg‘iz chegarasidan o‘tkazilmagandi. Keyinchalik uning Suriyada “Islomiy davlat” janggarilari safida jang qilayotgan erining oldiga ketmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Nasiba Fattoyeva yashagan Chorqishloqdan Suriyadagi urushda 20 kishi ishtirok etayotgani haqida Ozodlik avval xabar qilgan edi.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari ma‘lumotiga ko‘ra, Suriyadagi urushda So‘g‘d viloyatining Isfara, Spitamen va Panjikent tumanlaridan bo‘lgan fuqarolar ishtirok etmoqda. Ularning aksariyatini Rossiyaga tirikchilik qilish uchun ketgan mardikorlar tashkil qiladi.

Spitamenlik ikki mardikor – Odil Po‘lodov va Komil Shukurov ham Rossiyada ishlab yurgan paytda targ‘ibot tufayli Suriyaga ketib qolganlarini aytadilar. Biroq Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan bu kishilar ikki hafta mobaynida u yerda bo‘layotgan voqealarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, mulohaza qilib ko‘rgach, uyga qaytishga qaror qilganlar.

Odil Po‘lodovning akasi Turdiali Ozodlikning tojik xizmatiga shu voqeadan keyin inisi Rossiyaga boshqa bormaslikka qaror qilganini, endilikda uyda fermerlik bilan shug‘ullanayotganini aytgan.

So‘g‘d viloyat prokuraturasi Suriyadan ixtiyoriy ravishda qaytgan fuqarolarga o‘z uylarida xotirjam yashash kafolatini bermoqda.

XS
SM
MD
LG