Линклар

Rossiyaparast ayirmachilar va Ukraina hukumat kuchlari o‘zaro sulh shartlariga Ukraina sharqidagi aksar hududda amal qilmoqdalar. Ammo kunu tun ayirmachilar hujumi ostida qolib¸ hozirda haqiqiy urush manzarasi tasviriga aylangan Donetsk aeroporti bundan mustasno.

Rossiyaparast qurolli guruhlarning aeroportga qilayotgan tinimsiz xurujlarini qaytarishga urinayotgan hukumat harbiylari ham separatchilar o‘z qarorgohiga aylantirgan turar-joy hududlariga qarshi javob hujumlari uyushtirmoqda.

Donetsk markazidan atigi 10 kilometr masofada joylashgan aeroport binosi hozirga qadar vayronaga aylanib ulgurgan – uchqichlar uchib-qo‘nishini nazorat qiluvchi dispetcherlik minorasi qulab¸ uchish yo‘laklari snaryad portlashlaridan o‘yilib ketgan.

Aeroport bo‘lmay qolganiga qaramay¸ bu ob‘ektning ramziy va strategik ahamiyati bois¸ har ikkala tomon ham janglarni to‘xtatish fikridan yiroq ko‘rinadi.

- Ayirmachilar o‘zlari e‘lon qilgan mustaqil respublika ramzini saqlab qolishga urinmoqda. Mustaqil respublika bo‘lishning unsurlaridan biri esa¸ qolgan dunyo bilan aloqa qilish imkonini beruvchi aeroportdir¸ deydi rossiyalik harbiy tahlilchi Igor Sutyagin.

Ayni paytda¸ tahlilchilarga ko‘ra¸ Donetsk aeroporti harbiy ahamiyatga ham ega:

- Bevosita harbiy qimmatga kelsak¸ uchish yo‘laklari tinimsiz hujumlardan so‘ng deyarli ishdan chiqib bo‘lgan. Lekin bu yo‘laklarni tezgina ta‘mirlab¸ yana mudofaa zahiralari olib keluvchi uchqichlar uchun muhim koridorga aylantirish mumkin¸ deydi Londondagi xavfsizlik tadqiqotlari markazi xodimi Duglas Barriyer.

Ayrim kuzatuvchilar¸ rossiyaparast ayirmachilarning Donetsk aeroportini qo‘lga olish uchun jon olib jon berayotgani ortida boshqa sabablar ham borligini taxmin qilmoqda.

Ular fikricha¸ ayirmachilar Ukraina hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvlarda ishlatish uchun qiruvchi uchqichlar kelishiga qo‘nalg‘a hozirlashga urinmoqda.

Bunday uchqichlarning Donetsk aeroportiga kelish-kelmasligi haqida qaror berish esa¸ to‘lig‘icha Kreml ixtiyorida¸ deyishmoqda ayrim tahlilchilar.

Ularga ko‘ra¸ Putin hukumati Ukraina sharqini ajratib olishga urinayotgan qurolli guruhlar ixtiyoriga qiruvchi uchqichlar berishni ehtimoldan soqit qilmayotir.

Tahlilchilar farazicha¸ Kreml yaqin o‘tmish tajribasidan kelib chiqib¸ Ukraina ichida Abxaziya¸ Janubiy Osetiya¸ Dnestrbo‘yida qilgani kabi muzlatilgan mojaro manbaini yaratishni rejalayotgan bo‘lishi mumkin.

Nomiga Ukraina tarkibiy qismi sifatida qolib¸ amalda Rossiya protektoratiga aylanadigan Donetsk xalq respublikasi kabi hududni saqlab qolish uchun Rossiyaga harbiy infrastruktura¸ xususan¸ katta aeroport kerak¸ degan fikrda Donetsk aeroporti ahamiyatini sharhlayotgan ayrim kuzatuvchilar.

Ayni paytda BMT 5 sentabr kuni Ukraina hukumati va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida sulh bitimi imzolanganidan beri sharqiy hududlarda kamida 331 odamning o‘ldirilganini ma‘lum qildi.

Aprel oyida Ukraina sharqida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida hozirga qadar¸ BMT hisob-kitobicha¸ 3660 nafar odam o‘lgan¸ 8756 nafari jarohatlangan.

XS
SM
MD
LG