Линклар

logo-print

"GM-O‘zbekiston"ga pudratchi korxonaning 19 yashar ishchisi paxtada vafot etdi


O‘zbek mashinacozlari o‘z ishini tashlab paxta terishga majbur bo‘lmoqda

O‘zbek mashinacozlari o‘z ishini tashlab paxta terishga majbur bo‘lmoqda

"GM-O‘zbekiston" avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan Asakadagi O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining 19 yoshli ishchisi, viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida paxta terayotgan Abbosbek Taptiyev 5 oktabr kuni paxta terimida vafot etdi.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, hasharchi yigit tunda yurak hurujiga uchragan.

Voqea to‘g‘risida Ozodlikka xabar bergan qo‘rg‘ontepalik manbaga ko‘ra, fojea hasharchilar tunaydigan binoda sodir bo‘lgan:

“Glushitel zavodi ishchilari paxta terimiga o‘n kunlik yotoqqa kelishgan. Hasharchilar “Qahramon” massivida paxta terishgan. Abbosbek degan bola ham zavod ishchisi ekan. Fermer tanishimning aytishicha, kechqurun o‘lib qopti. 19 yoshli sog‘lom bolaning birdaniga o‘lib qolishi ko‘pchilikni ajablantirdi”, dedi qo‘rg‘ontepalik manba.

O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining paxta terimiga mas‘ul bo‘lgan mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Abbosbek Taptiyev yurak xurujidan vafot etgan:

“Ishchilarimizning aytishlaricha, Abbosbek kechasi cho‘chib uyg‘onganu keyin hushidan ketgan. O‘sha paytda uning yuragi ushlab qolgan ekan. Keyin tuman kasalxonasiga olib borishsa, joni chiqib bo‘lgan ekan. Sudmedkspertiza uning yurak xurujidan vafot etgani haqida xulosa bergan”, dedi qo‘shma korxona mulozimlaridan biri.

Mulozimning aytishicha, zavod ishchilaridan 60 kishi paxta terimiga safarbar etilgan. Ular har o‘n kunda yangi ishchi-hasharchilar bilan almashinib turadi.

O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasi "GM-O‘zbekiston" avtomobillari uchun ovoz so‘ndirgichlar, yonilg‘i tutuni chiqarish tizimi moslamalari, katalitik neytralizatorlar, eshiklar uchun zarbga qarshi balkalar, panel qismlari ishlab chiqaradi.

O‘zbekistonda davom etayotgan paxta terimiga barcha byudjet tashkilotlari, xususiy korxonalar, sog‘liqni saqlash va xalq ta‘limi tizimi ishchi-xizmatchilari majburan jalb etilmoqda.

Salomatligi paxta terimiga to‘g‘ri kelmaydigan ishchi-xizmatchilarning e‘tirozlari ham hisobga olinmayotgani bois, o‘lim holatlari ko‘p sodir bo‘lyapti.

Jumladan, 3 oktabr kuni Farg‘ona Politexnika institutining 2-kurs talabasi, Rishton tumanida paxta terayotgan Shahnoza Mirzajonova olamdan o‘tdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Shahnozaga dalada kasallangani bois uyiga ruxsat berilgan va u uyiga kelganining ertasiga vafot etgan.

Abbosbekning o‘limi esa joriy yil paxta mavsumida Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan 15- mudhish voqeadir.

Joriy yilda "paxta fronti"da sodir bo‘lgan boshqa 14 ta voqea bilan maxsus sahifamizda tanishing.

XS
SM
MD
LG