Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:33

AQSh Mehnat vazirligi: O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatni dastaklaydi


AQSh Mehnat vazirligining 2013 yilda eng yomon shaklda bolalar mehnatidan foydalanish yuzasidan e‘lon qilingan yangi hisobotida O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili paxta terimi mavsumida bolalar va kattalarni majburiy mehnatga jalb qilish sistemasini saqlab qolgani ta‘kidlandi.

“2013 yilda 10 yoshli bolalar ham paxta tergan”

AQSh Mehnat vazirligi hisobotining O‘zbekistonga oid qismida davlat bolalarni muntazam tarzda majburiy mehnatga jalb qilishda ishtirok etgani qayd etilgan va bolalar majburiy mehnatidan foydalanish amaliyotiga barham berish uchun rejalashtirish tizimida islohotlar o‘tkazish tavsiya qilingan.

-Paxtani majburiy tarzda terish o‘zbek bolalari zimmasiga yuqlatilmoqda, - dedi hisobot yuzasidan fikr bildirgan Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbek-nemis forumi direktori Umida Niyozova. – 2013 yilda katta yoshdagi bolalar bilan bir qatorda ommaviy tarzda o‘qituvchilar va davlat sektorida ishlovchi boshqa ishchi-xizmatchilar ham majburiy mehnatga jalb etilgan.

AQSh Mehnat vazirligi Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari O‘zbekistonda hozir bo‘lganiga qaramay, o‘zbek hukumati 2013 yilda rejalashtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun bolalarni paxta terimiga mobilizatsiya qilganini ta‘kidlaydi. Mehnat vazirligi AQSh elchixonasi va nodavlat tashkilotlari hisobotlariga tayangan holda, o‘tgan yili 10 yoshdagi bolalar ham paxta terganini qayd etgan.

Hisobotda O‘zbekiston hukumati har qanday ma‘lumotni qattiq nazorat ostiga olgani tufayli vaziyatni kompleksli tarzda monitoring qilish imkoniyatlari cheklanganligidan va majburiy mehnat oqibatida bolalarning ta‘lim olish huquqi buzilayotganidan tashvish bildirilgan.

Brayan Kempbell: AQSh Mehnat vazirligi hisoboti maqtovga loyiq

2013 yilda O‘zbekistonda monitoring o‘tkazgan xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari guruhiga hukumat vakillari ham kiritilgani, ular o‘quv dargohlarida paxta terimi tufayli o‘quv jarayoni bo‘lmaganini aniqlaganlarini qayd etgan AQSh Mehnat vazirligi, ekspertlar paxta terimiga jalb etilgan bolalar soni yuzasidan to‘laqonli ma‘lumotlar bera olmagan bo‘lishi mumkinligini ham e‘tibordan soqit qilmaydi.

-AQSh Mehnat departamenti xalqaro hamjamiyat uzoqdan beri bilib kelgan faktni ochiqchasiga aytgani uchun maqtovlarga loyiqdir, ya‘ni O‘zbekiston paxta sektorida bolalar mehnatidan foydalanilishining birlamchi sababi o‘zbek hukumati paxta sanoatida sistemali majburiy mehnatni joriy etganidir, - dedi Xalqaro mehnat huquqlari forumining huquqiy va siyosiy dasturi direktori Brayan Kempbell.

AQSh Mehnat vazirligi eng yomon shaklda bolalar mehnatidan foydalanish yuzasidan hisobotini yil sayin e‘lon qilib boradi. Bundan maqsad savdo-sotiq munosabatlarida imtiyozlar olish ilinjida bo‘lgan davlatlar bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish borasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini qanday bajarayotgani haqida AQSh hukumatiga ma‘lumot berishdir.

Cotton Campaign: Mahalliy hukumatlarda asabiy taranglik vaziyati hukm surmoqda

AQSh Mehnat vazirligi 2013 yilga bag‘ishlangan hisobotini e‘lon qilgan bir paytda O‘zbekistonda navbatdagi paxta terimi mavsumi qizib bormoqda.

O‘zbekiston paxtachiligidagi majburiy mehnatni tugatishni maqsad qilgan o‘nlab xalqaro huquq guruhlarini birlashtiruvchi Cotton Campaign (Paxta kampaniyasi) koalitsiyasi o‘zbek hukumati joriy mavsumda ham majburiy mehnat, fermerlarga ko‘rsatma berish va rejani bajarmagan dehqonlarni jazolash tizimini saqlab qolganidan bong urmoqda.

Joriy yilda 18 yoshga to‘lmagan bolalarni paxtaga majburlash taqiqlangani sababli yig‘im-terimning barcha og‘irligi talabalar, byudjet va xususiy sektorda ishlovchi odamlar zimmasiga tushmoqda.

Cotton Campaign mahalliy hokimiyatlarda ham joriy paxta mavsumida asabiy taranglik vaziyati hukm surayotganini aytadi. Tashkilotga ko‘ra, tuman va viloyat rahbarlarining ish o‘rnida qolishi yoki bo‘shatilishi paxta plani to‘lishiga bog‘liq bo‘lgani uchun ham mana shunday vaziyat yuzaga kelgan. Shuning uchun ham mahalliy hokimiyatlar rejani bajarish uchun fermerlarga, xususiy va byudjet sektori xodimlariga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda.

-O‘zbekistonda hukumat tomonidan majburiy mehnatning dastaklanishi sarmoyadorlar hamjamiyati tashvishini ham kuchaytiradi. AQSh Mehnat vazirligi hisobotida hukumatlar, shirkatlar va sarmoyadorlar paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanishga barham berish maqsadida O‘zbekiston hukumatiga ta‘sir ko‘rsatishga chaqirilgan, - dedi AQShdagi sarmoyalarni boshqarish Calvert Investments shirkatining barqarorlikni va siyosatni tadqiq qilish bo‘yicha katta vitse prezidenti.

XS
SM
MD
LG