Линклар

Chiroqchi tumanining Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qiladigan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov buzdi. To‘yga tashrif buyurgan mehmonlar hokim bilan birgalikda kelgan militsiya xodimlarini ko‘rib yeyayotgan ovqatlarini tashlab qochdi. Mahalliy fermer xo‘jaligi rahbari, maktab direktori, o‘qituvchi va boshqa “nozik” mehmonlar esa o‘zlarini to‘yxona orqasidagi tutzorga urdi. Paxta terimi paytida to‘y qilmaslik haqida farmoyish bergan hokim o‘z buyrug‘ini buzganlarni shu tariqa jazoladi.

Xalqqa qarshi hokim

Chiroqchi tumanidagi “Oqtosh” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Po‘stin qishlog‘ida 7 oktabrda kunduz kuni o‘tkazilayotgan to‘yni Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov buzdi.

Shu kuni Po‘stin qishlog‘ida yashaydigan Moyli Xo‘janov o‘zining 60 yillik yubileyi, o‘g‘liga kelin tushirish va ikki nafar nevarasining sunnat to‘yini bir qilib xalqqa osh berayotgan edi.

Moyli buvaning to‘yiga mehmon bo‘lib kelganlardan birining aytishicha, taxminan soat 11 larda tuman hokimi Ravshan Komilov militsiya hamrohligida to‘yxonaga kirib kelgan:

- Moyli bovo xalqqa to‘y berayotgan edi. Bir payt hokim keldi deb qocha-qoch boshlandi. Hokimning o‘zi erkaklarni ham, xotinlarni ham quvib borayapti, “men 16 oktabrgacha to‘y o‘tkazmanglar degan farmoyishimni bilmaysanmi” deb hammani sensirab quvib yubordi. Hatto qozonni boshidagi oshpazlar ham qolmadi. Bir kambag‘alning to‘yini buzib tashladi-da, deydi chiroqchilik manba.

Suhbatdoshning aytishicha, to‘yga taxminan 200 nafar odam yig‘ilgan edi:

- Moyli bovo hokimga elanib, “men bilmabman, ruxsat bering kelinimni olib kelib olay deb yotgan edi. Keyin bizlar ham turib ketib qoldik, deydi Ozodlik manbasi.

Ovozi yozib olinmaslik sharti bilan gapirgan ushbu to‘y mehmonlaridan yana biriga ko‘ra¸ hokim uyma-uy kirib xotin-xalajni ham to‘ydan haydagan:

“Bizning “Beshchashma” fermerlar uyushmasida beshta fermer xo‘jaligi bor. Bular bir haftadayoq paxta planini bajarib bo‘lgan edi. Lekin hokim uchun farqi yo‘q ekan. U to‘yxonadagi uylarga kirib, to‘y egasining qarindoshlarini, quda tomondan kelgan bolali ayollarni ham “tur yo‘qol hammang, paxtaga chiq” deb haydadi”, deydi to‘y mehmoni.

Suhbatdoshning aytishicha, bundan so‘ng hokim “nozik” mehmonlarni quvishga o‘tgan:

“Moyli bovo uyidan 20 metrcha uzoqlikda ukasi Jontemir domlaning uyi bor. U yerda maktab direktori, qurilish firmasi boshlig‘i, qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, Past-Uyshin qishloq vrachlik punkti do‘xtirlari, hurmatli domlalar, fermerlar ziyofat yeb o‘tirishgan ekan. Hokim kelibdi, degan gapni eshitgandan so‘ng hammasi tirvaraqay qochib, uyning ortidagi ikki gektarlik tut plantatsiyasining ichiga kirib yashiringan. Hokim ketgandan so‘ng hammasi tutzordan chiqib, ziyofatni ham yemay moshinalarini chiyillatib surib yubordi”, deydi to‘y mehmoni.

"Paxta siyosati" aybdor...

Suhbatdoshning aytishicha, shundan so‘ng to‘yning ruhi so‘ngan:

“Endi to‘yxonaga o‘xshamay qoldi. Hamma qochib ketdi. Moyli bovo hokimni ko‘ngligi olish maqsadida, unga to‘n ham yopdi. Lekin hokim, men hali to‘nga yarasha xizmat qilganim yo‘q” deb, to‘nni hoji otalardan biriga sovg‘a qildi. Bir amallab huvillab qolgan uyga kelinni tushirib olishdi”, dedi to‘y mehmonilaridan biri.

Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov Ozodlik bilan suhbatda paxta siyosati davom etayotganini ta‘kidlar ekan, Moyli bovoning to‘yini buzganligini inkor qildi:

“Men bilmayman, men hech kimning to‘yini buzganim yo‘q. Lekin siyosat shunday, hamma paxta terayapti, hamma paxtaga. Hech joyda to‘y yo‘q!”, degan hokim gapni qisqa qildi va aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zbekistonning aksar tumanlarida paxta terimi mavsumida to‘y-ma‘rakalar o‘tkazish mahalliy hokimlarning og‘zaki farmoyishi bilan taqiqlangan.

Prezident zo‘ravon hokim istamaydi....

Ozodlik bilan suhbatlashgan chiroqchiliklardan biri prezidentning o‘zidan to‘y-marakalarga to‘siq qo‘yilmasligi haqida eshitganini aytar ekan, mahalliy hokimlar uchun prezidentning aytganlari bir chaqachalik ahamiyati yo‘qligini ta‘kidlaydi:

“Men bir majlisda prezidentning gapini eshitganman. U “o‘zbek xalqi to‘yingni ham qilaver, paxtangni ham teraver”, deb aytgandi. Bu hokim esa 16 oktyabrgacha to‘y qilmaysan¸ deb farmoyish bergan. Men ham hayron qoldim, prezidentning gapi gapmi yoki hokimni?”, deydi chiroqchilik suhbatdosh..

Paxta paytida to‘ylar to‘xtatilsin deb rasman farmoyish bermagan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov "xalq bilan suhbat"larida birida hokimlar zo‘ravonligini qoralagan edi:

“Albatta¸ katta bir musht bilan boshqaradigan odam rahbar shaxs paydo bo‘lsa, shu tartib o‘rnatadigan gaplardan butunlay voz kechamiz endi, baraka topgurlar. Kuchli musht ko‘taradigan, zo‘ravonlik qiladigan o‘zining savlati bilan hammani qo‘rqitadigan odamlar endi bo‘lmaydi O‘zbekistonda!”, degan edi Islom Karimov.

XS
SM
MD
LG