Линклар

Ijtimoiy tarmoqlarda 10 oktabr kuni tushdan keyin Dushanbe shahrida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilishi haqida xabar tarqatilganidan so‘ng, poytaxtda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Xabarlarga qaraganda, o‘zlarini Tojikiston hukumatiga muxolif bo‘lgan kuchlarni birlashtirgan “24 guruhi” prezident va hukumat iste‘fosini talab qilib norozilik namoyishi o‘tkazishni rejalagan.

Dushanbeda xavfsizlik choralari kuchaytirildi

8 oktabr kuni kechqurundan boshlab poytaxtga olib kiradigan barcha yo‘llardagi postlar OMON va bronetexnikalar bilan kuchaytirildi.

Dushanbe shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general Said Jo‘raxonzodaning 9 oktabr kuni Ozodlik radiosiga aytishicha, postlarning kuchaytirilishi xavfsizlik va jamoat tartibini qo‘riqlashga qaratilgan.

General xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi “24 guruhi” a‘zosi Umarali Quvvatov va tarafdorlarining Dushanbe shahrida norozilik mitingi o‘tkazilishiga oid chaqiriqlari bilan bog‘liq emasligini ta‘kidladi.

Poytaxtga kirish postlarida militsiya xodimlari fuqarolar va mashinalarni to‘xtatib, hujjat tekshirayotganini odamlar aytmoqda.

Vahdat tumanidan bo‘lgan haydovchi Sobir Rahmatovning aytishicha, so‘nggi ikki kunda postlarda qurollangan militsiya xodimlari ko‘paygan va BTRlar paydo bo‘lgan.

“Poytaxtni kuzatuv kameralari nazorat qiladi”

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi o‘z saytida 9 oktabr kuni e‘lon qilgan “Kuzatuv kameralari jamoat tartibini nazorat qiladi” maqolasida prospekt, maydon va ko‘chalarda xizmat o‘tashga ko‘p sonli militsiya xodimlari jalb qilingani va butun Dushanbe bo‘ylab kuzatuv kameralari o‘rnatilgani” haqida yoziladi.

IIVning bu maqolasi Dushanbe shahrida miting va norozilik namoyishlari o‘tkazilishi haqidagi chaqiriqlar Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng paydo bo‘ldi.

Tojikiston IIV “24 guruhi”ning bu chaqiriqlarini tilga olmasdan, kameralar kuzatuvi yomon niyatli provakatorlarning “iflos maqsadlarni amalga oshirishga xalaqit qiladi” deb ta‘kidlaydi.

Ayni paytda shahar bo‘ylab 855 videokamera o‘rnatilgani aytiladi.

“24 guruhi” qonundan tashqari deb e‘lon qilindi

Tojikiston Oliy sudi 9 oktabr kuni o‘zini “24 guruhi” deb atagan muxolifat tashkilotini ekstremistik guruh deb topdi va uning faoliyatini taqiqladi.

Mahkamaning bu qarori “24 guruhi” Internet orqali tojikistonliklarni 10 oktyabrь kuni Dushanbeda norozilik namoyishiga chiqishga undaëtgan bir paytda chiqarildi.

Oliy sud hakami Salomat Hakimova mahkama hukmiga ko‘ra¸ 24 guruhining Internet sahifasi va ular tarqataëtgan nashrlar ham taqiqlanganini bildirdi.

Ayni paytda “24 guruhi” o‘zlarini yangi nom – “Yangi Tojikiston” muxolif kuchlari ittifoqi” deb nomlagani aytiladi.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi “24 guruhi” da‘vat qilayotgan namoyishga qo‘shilmaslikka da‘vat qildi

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashi 8 oktabr kuni navbatdan tashqari o‘tkazgan majlisida tojik xalqiga murojaat yo‘llab, bu norozilik miting va namoyishlarida ishtirok etmaslikka da‘vat etdi:

“Biz partiyamiz a‘zolarini, tarafdorlarini va TIUP pozitsiyasini qo‘llab quvvatlovchilarni g‘ayriqonuniy tadbirlarda ishtirok etmaslik va provokatsiyali vaziyatlardan uzoq turishga da‘vat etamiz. G‘ayriqonuniy tadbirlarda partiya rahbariyati bilan kengashmay turib ishtirok etish partiya siyosatiga qarshi harakat sifatida qabul qilinadi va buning uchun partiya safidan haydalish mumkin”, deyiladi”, TIUP murojaatida.

“24 guruhi”ning jahon jamoatchiligiga murojaati

“Yangi Tojikiston” muxolif kuchlari ittifoqi” degan yangi nom bilan atalgan “24 guruhi” tarafdorlari 8 oktabr kuni jahon jamoatchiligi, BMT va YeXHTga yo‘llagan murojaatida 10 oktabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilishi rejalanayotgan norozilik namoyishining sabablarini ochiqlagan.

Murojaatda Tojikiston prezidentining mamlakatni xarob bir ahvolga keltirgani, qashshoqlik bois ikki milliondan ortiq tojikistonlikning mehnat muhojiratiga chiqib ketgani , muxolifat faollarining qamoqqa tashlangani va hukumatni prezidentning yaqin qarindoshlari egallagani aytilar ekan, “Tojikistonda ijtimoiy adolat, demokratiya va inson huquqlari hurmat qilinadigan davlat barpo qilish uchun kurash boshlangani” e‘lon qilinadi.

“Yangi Tojikiston” muxolif kuchlari ittifoqi” 10 oktyabrь kuni Dushanbeda o‘tkaziladigan noroziliklardan kelib chiqadigan salbiy oqibatlar Emomali Rahmon hukumati zimmasida bo‘lishini ta‘kidlagan.

9 oktabr kuni Dushanbedagi barcha oliy o‘quv yurtlarining dekanlari majlis o‘tkazib, 10 oktabr kuni darsdan qolmasligini, aks holda qayta tiklash imkonidan mahrum qilingan holda o‘qishdan haydalishi haqida talabalarni ogohlantirgan.

"24 guruhi" ortida kim turibdi?

Tojikistondagi yonilg‘i va boshqa bir qancha mollar biznesiga ega bo‘lgan Umarali Quvvatov va Sharofiddin Gadoyev "Faroz" va "Tojiron" firmalari sohibi bo‘lgan. Bu ikki tadbirokr 2012 yilda Tojikistonni tark etganidan so‘ng "24 guruhi"ni ta‘sis qilgan.

Quvvatov va Gadoyevning iddao qilishicha, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning kuyovlaridan biri Shamsulloh Sohibov ularning biznesini tortib olgan.

XS
SM
MD
LG