Линклар

Turkiya Islomiy davlatga qarshi yakka urushga kirmoqchi emas


Turkiya qo‘shinlari Suriya sarhadida chegara chizig‘ining narigi tomonida boraëtgan urushga hozircha tomoshabin bo‘lib turibdi.

Turkiya qo‘shinlari Suriya sarhadida chegara chizig‘ining narigi tomonida boraëtgan urushga hozircha tomoshabin bo‘lib turibdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li 9 oktabr kuni Anqaraga kelgan NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuvdan so‘ng o‘z mamlakati Islomiy davlat guruhiga qarshi yakka o‘zi quruqlik amaliyotlarini boshlamasligini e‘lon qildi.

- Turkiyadan Islomiy davlatga qarshi bir o‘zi jangga kirishni kutish¸ norealdir¸ dedi Anqara diplomatlari rahbari jumladan.

AQSh va uning ittifoqchilari NATO a‘zosi bo‘lgan Turkiya rahbariyatini Suriya-Turkiya chegarasidagi Kobani shahrini ishg‘ol qilishga urinayotgan Islomiy davlatga qarshi quruqlikdan hujumga o‘tishga ko‘ndirishga urinmoqda.

NATO a‘zolari Turkiyaning bunday amaliyot uchun qo‘ygan shartlarini qabul qilmagani ortidan Anqara ham faqat havo hujumlariga yordam berish bilan cheklanishini bildirdi.

Tashqi ishlar vaziri ayni paytda havo hujumlarining Islomiy davlatni to‘xtatish uchun yetarli emasligi va shu bois quruqlik hujumlari boshlash rejasi ham ko‘rib chiqilishi lozimligini ta‘kidladi.

Chavusho‘g‘li Anqara Suriyaning Turkiyaga tutash shimoliy mintaqalarida bufer zona va uchish taqiqlangan hudud tashkil etilishi g‘oyasini qo‘llashini bildirdi.

Ammo NATO Bosh kotibi na bufer zona¸ va na uchish taqiqlangan hudud tashkil etish harbiy alьyans tomonidan muhokama etilmayotganini bildirdi.

Turkiyaning Islomiy davlatga qarshi quruqli hujumlari boshlash uchun qo‘yayotgan talablari ichida nafaqat terror guruhi¸ balki ular qarshi kurashayotgan Bashar Asad rejimini ham birdek yo‘q qilish¸shu maqsadda Asadga qarshi urushayotgan mo‘‘tadil guruhlarga qurol berish g‘oyalari ham bor.

Turkiya shartlariga munosabat bergan Rossiya hukumati Suriya bilan Turkiya o‘rtasida bufer zona tashkil qilish rejasi BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlansagina¸ amalga oshirilishi lozimligini bildirdi. BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a‘zosi sifatida Rossiya veto haqqiga ega va o‘z ittifoqchisi bo‘lgan Asad rejimini himoya qilish uchun bunday vakolatdan foydalanishi mumkin.

Ayni paytda AQSh va koalitsiya havo kuchlari Kobanini qamalga olgan Islomiy davlat kuchlariga qarshi zarba berganiga qaramay¸ janggarilar Kobanidagi politsiya bo‘limini qo‘lga olgan va hozirda shaharning uchdan bir qismi ustidan nazorat o‘rnatgan.

So‘nggi 24 soat davomida Islomiy davlat istehkomlari va artilleriya kuchlariga qarshi 13 marta hujum uyushtirilganini bildirgan AQSh harbiy qo‘mondonligi Kobani shahrining hozircha kurd guruhlari nazoratida ekanini bildirdi.

Anqara hukumatini Kobani shahrining Islomiy davlat qo‘liga o‘tmasligi uchun quruqlik amaliyotlari boshlashga ko‘ndirish maqsadida Turkiyaga kelgan AQSh rasmiy delegatsiyasi ham NATO Bosh kotibi hamrohligida muzokaralarni davom ettirmoqda.

Ammo keyingi 40 yil davomida o‘z hududida qurolli kurd guruhlari bilan qonli urush olib borgan Turkiya hukumatining Suriya hududida kurd davlati tuzish g‘oyasida bo‘lgan guruhlarning Islomiy davlatga qarshi urushiga yordam berish ehtimoli hozircha uzoqligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG