Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:46

Mehribonlik uyida o‘sgan 20 yashar qizga pasport berish uchun qonun yo‘q


Tatyana Timofeyeva
Tatyana Timofeyeva

Bir umr O‘zbekistonda yashagan, o‘zbek tilini ona tilim deb biladigan Tatyana Timofeyeva 20 yoshda. U Toshkentdagi SOS-O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasida ulg‘aygan¸ ya‘ni ota onasiz qolgan bolalar uyida o‘sgan.

Toshkentda 14 yildan buyon faoliyat yuritayotgan ushbu mehribonlik uyidan chiqqan yuzlab tarbiyalanuvchisi orasida faqat Tatyananing na fuqarolik pasporti, na fuqaroligi yo‘qligini tasdiqlovchi guvohnomasi bor. Uning yagona aybi Tojikiston hududida tug‘ilganidir.

- Tug‘ilishim bilan uch oydan keyin onam meni bu yerga olib kelgan, dom malyutkaga topshirib o‘zi ketgan. Shu bilan u yo‘q. Qaytib kelmagan, xabar ham yo‘q, deya o‘zbek tilida gapiradi Tatyana.

20 yoshli Tatyananing tug‘ilganlik guvohnomasi Tojikistonnning Xo‘jand shahrida berilgan. Aynan shu bois ham unga na O‘zbekiston fuqaroligi, na fuqaroligi yo‘qligi shaxs guvohnomasi berilayotir.

- Sen Tojikistonda tug‘ilgansan. Hech bo‘lmasa ota-onang haqida ma‘lumot bo‘lganida ham bo‘lar edi”¸ deydi. Ota-onam haqida ma‘lumot yo‘q. “Biz Tojikiston va Qozog‘istonga bermaymiz” deyapti. “Vid na jitelstvo beramiz” deyishayapti. Ammo u ham bir yarim yildan buyon cho‘zilayapti. “Umuman bermaymiz. Qonun yopilgan. Qonun ochilishini kutayapmiz. Qonun hozir yo‘q” deyapti. Men OVIRga chiqdim, prezident apparatiga, mahallaga chiqdim. Bo‘lmadi. Shu pasport bilan, fuqarolikni ololmayotganim uchun ishga joylasha ololmayapman, pulimni ololmayapman. Normalniy yashay ololmayapman, tushunasizmi? Men hozir kutsam ishga joylasha olmayman. Pulim yo‘q. Yiqqan pulimga yashayapman. Bankdagi pulimni olishim kerak, ishga joylashishim kerak. Pasport bilan borsam, bankda schyot ochiladi. Hech bo‘lmasa shu puldan ishlatardim, deydi Tanya.

Hujjat to‘plash jarayonida Tatyana Timofeyeva Dushanbe rasmiylaridan Tojikiston fuqarosi emasligini tasdiqlovchi ma‘lumotnoma ham olib¸ uni o‘zbek idoralariga taqdim etgan.

SOS bolalar mahallasida ulg‘aygan Tatyana Toshkentdagi radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kollejida menejer mutaxassisligini egallagan¸ ammo kollej diplomini haligacha qo‘liga ololmagan:

- Pasportim yo‘qligi uchun kollejdan diplom ololmayapman. Forma 4 bilan borsam “biz unaqa qog‘oz bilmaymiz, biz tepadan gap eshitamiz, qilib bera olmaymiz pasport bilan keling. Qilib beramiz. Pulingizni ham qilib beramiz deyishdi.

O‘ylashmayaptiki, men bu yerda ishlashim kerak, diplomimni olishim kerak. Institutlarga kirgim keladi, o‘qigim keladi, deydi Tatyana.

Hozir u Toshkent viloyatining Zangiota tumanida oyiga 150 ming so‘m to‘lab ijarada yashamoqda. "Bu ketishda yaqinda ijara pulini ham topolmay qolaman"¸ degan Tatyananing orzusi O‘zbekiston fuqaroligini olish va ismini sharqonalashtirish:

- Umrimning oxirigacha O‘zbekistonda yashagim keladi. O‘zbekistonimni tashlab, hech qayerga chiqqim yo‘q. Menga shu yer yoqadi. Agar pasport olsam¸ xudo xoxlasa ismimni ham o‘zgartirib yuboraman. Samira ismini olmoqchiman. O‘zbek oilaga, musulmon oilasiga turmushga chiqmoqdaman. Ularda Tanya boshqacha chiqadi. Ismim o‘zimga yoqmaydi. Men o‘zbekcha ism olmoqchiman. Hozir mana to‘y bo‘lib qolsa¸ baribir ZAGSdan o‘tish kerak. ZAGSda pasport kerak¸ to‘g‘rimi? deya yana savolga ko‘madi Tatyana.

Rasmiylar javobi

Tatyana Timofeyeva ulg‘aygan Toshkentdagi SOS-O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasi o‘z tarbiyalanuvchisiga pasport olib berish bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Uyushmaning ismi sir qolishini istagan vakiliga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari Tatyana ishi bo‘yicha kutishni maslahat berish bilan cheklangan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mutasaddisi Tanyaning ishi hal bo‘lishi uchun qonun yo‘qligini iddao qildi:

- Qonun qabul qilinishi kerak. Bu xorijiy fuqaro. Fuqarolikka mansubligi masalasi yo‘q, propiskasi yo‘q. Birinchi¸ propiskasi hal bo‘lishi kerak. Qaysi rayon buning arizasini ko‘rib chiqadi. Shuni biz bilmaymiz. Keyin o‘sha rayon bunga nima pasport berilishini hal qiladi. Buning uchun qonun qabul qilinishi kerak. Yaqinda Vazirlar Mahkamasining 41-sonli qarori chiqqan. Chet el fuqarolarini doimiy propiskaga qo‘yish masalasi shunda yoritilgan. Bu hozir vaqtinchalik to‘xtatildi. O‘zgartish bo‘lmoqda. Uning qo‘liga shaxsini tasdiqlovchi hujjat qilib berganmiz. Bizning qo‘limizdan keladigani shu ma‘lumotnomani berganmiz. Rasmini yopishtirib¸ shu odam Timofeyeva deb berganmiz. Qonun bo‘lsa men uning arizasini birinchi navbatda qabul qilaman. Unga zarurligini men ham tushunib turibman, dedi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimi.

XS
SM
MD
LG