Линклар

Sher sotilganini eshitganman. Masalan, hayvonot bog‘iga.

She‘r sotilganini eshitganman pop-yulduz, pop-yulduzkalarga.

Mer ham sotilganini eshitib qolasiz - shahar hokimini aytyapman.

Lekin er sotilganini eshitmagandim.

Er bo‘lgandayam, “buzulmaydigan er”ning sotilganini.

Yo‘q, yo‘q, adashdim: 90 yillar boshida Yulduz Usmonova Murod Rajabovni 20 tiyinga sotib olganiydi -“Temir erkak” filьmidagi hangomani aytyapman.

O‘shandan beri Usmonova - Yulduz opaga, Rajabov - Murod boboga aylandi.

Kaminaning ham sochi oqarib, chalpakka o‘rab tashlasa, it yemas holga yetdim.

Ko‘p narsani ko‘rdim, hayratlanib charchadim, deb o‘tirsam, boyaroq bir hamkasbim AyPadidan bir surat ko‘rsatib qoldi – bir e‘lon suratini.

“Er sotiladi, buzulmaydigan er”, degan e‘lon.

Telefoni ham berilgan.

Hamkasbim zang urdi:

Haa, demak, Er emas, Yer sotilar ekan!

Rosa kuldik, kulishdik.

Kulishdigu keyin uzoq o‘ylandik.

Kimdir u dedi, kimdir bu.

Oxir-oqibat bir qarorga keldik: e‘lon muallifi o‘zbek yozuvi islohoti qurboni bo‘lsa kerak. Uning savodi lotin yozuvida chiqqan. Lekin bu yozuvni biladiganlar avlodi hali yosh, cho‘ntagida xemiri yo‘q. Erning, yo‘g‘e, Yerning potentsial xaridori esa, kirilchilar orasida.

Marketing, deb qo‘yibdi buni!

Targetga urish, deb qo‘yibdi.

Hamkasblar bahsidan chang chiqayaptiyu meni xayol boshqa yoqlarga olib ketdi.

Boshlab qo‘ygan ishi - yozuv islohotiga - tuya go‘shti yedirib, millatni bir-birini tushunmaydigan lotinchilar va kirilchilarga aylantirib qo‘ygan hukumatni “alqadim”.

Voy alqadime, aylantirib ham, o‘rgiltirib ham alqadim.

Keyin boshqa narsani o‘yladim:

chindan ham xotinlar erlarini sotishni boshlasa, masalan, nevaramning buvisi meni necha pulga sotarkin?

Sotaman, degani bilan ish bitib qolmaydi.

Muhimi meni birov olarmikan?

Olsa, necha pulga olarkin?

Umuman, narxim qancha?

Ho‘o‘v, hamjins, Siz ham o‘zingizga shunday savol berib ko‘rganmisiz?

Berib ko‘ring.

Befoyda bo‘lmaydi.

XS
SM
MD
LG