Линклар

Arzon poyabzal tufayli yassitovon kasalligi ko‘paymoqda. Taniqli xonanda Avazbek Olimov xorijdan qo‘shiq o‘g‘irladi. Uch egizakning onasi yordam so‘rab murojaat qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Toshkent havoning keskin sovishiga tayyor emasligi ma‘lum bo‘ldi”

Hafta boshida havo harorati keskin tushib, surunkali yomg‘ir yog‘di, ammo Toshkent shahri havoning bu tariqa o‘zgarishiga tayyor emasligi ma‘lum bo‘ldi (“Noviy vek”, 9 oktabr).

Yomg‘ir oqibatida ariqlar chiqindi va xazonlarga to‘lgan. Ayni paytda shahar bo‘ylab deyarli barcha chorrahalarda, ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, kuzatuv kameralari simlarini o‘tkazish maqsadida qazish ishlari olib borilmoqda. Yog‘ingarchilik payti ushbu o‘ralar ham suvga to‘lgan.

Gazetaning yozishicha, shahar ma‘muriyati mutasaddilari ob-havo ma‘lumotidan kelib chiqqan holda bunday o‘zgarishga hozirlik ko‘rmog‘i lozim edi.

“Qo‘qqisdan kelgan kuz odamlarga quvonch keltirdi deb bo‘lmaydi. Ko‘plab shaharliklar rezina kalish va ixcham qayiqlar g‘amlab olish taraddudida. Aftidan, kuzni bularsiz o‘tkazish qiyinga o‘xshaydi”, deya kinoya bilan yozadi gazeta.

“Qashqadaryolik padarkush 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi”

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida padarkushlik jinoyati qayd etildi (“Huquq”, 9 oktabr).

Badaxshon qishlog‘ida yashab kelgan maktab muallimi Rustam Shoimov o‘g‘li Bobomurod Shoimov tomonidan o‘ldirildi. 1984 yilda tug‘ilgan, tayinli kasb-kori bo‘lmagan Bobomurod Shoimov ichkilikka mukkasidan ketadi. Shu bois otasini unga bir necha marta qattiq tanbeh beradi. Bu esa farzandning qalbida otaga adovat paydo bo‘lishiga olib keladi.

2014 yilning 23 yanvarida sinfdoshlari bilan spirtli ichimlik ichib, mast holga uyga qaytgan Bobomurod Shoimov otasini gayka buragich bilan urib o‘ldiradi.

Dastlabki tergov payti marhumning turmush o‘rtog‘i, ayblanuvchining onasi Bibisora Poyonova qotillikni o‘z bo‘yniga oladi.

Ammo keyinroq jinoyat uning o‘g‘li tomonidan sodir etilgani aniqlanadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi B. Shoimovni 16 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

“Bo‘kalik uch egizakning onasi faqat bitta bolasi uchun nafaqa puli olayotganidan arz qildi”

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi, uch egizakning onasi Matluba Azamatova faqat bitta farzandi uchun nafaqa puli olayotganidan arz qildi (“Adolat ko‘zgusi”, 9 oktabr).

Azamatova 2013 yilning 17 fevralida uch egizak qizni dunyoga keltirgan. Eri kosib bo‘lgan ayol to‘rt nafar farzandni boqish qiyin bo‘layotgani haqida yozgan.

Ayni paytda, u uch egizak qizni bolalar bog‘chasida imtiyozli joylashtirishga amaliy yordam so‘ragan.

“Uch egizakni dunyoga keltirish, ularni sog‘-salomat voyaga yetkazish oson emas. Shunday ekan, ushbu hududning mutasaddi rahbarlari bosh-qosh bo‘lib, yana bir bor Alloh nazari tushgan bu xonadonga o‘zgacha e‘tibor qaratsalar, xalqning hurmatiga yanada ko‘proq sazovor bo‘lishadi va savobga muyassar bo‘lar edilar”, deb yozadi gazeta.

“Arzon poyabzal tufayli yassitovon kasalligi ko‘paymoqda”

Farzandlariga arzon poyabzal olib berishga majbur bo‘layotgan ota-onalar bilib-bilmay bolasida yassitovonlik kasalligi rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda (“Oila davrasida”, 9 oktabr).

Respublika Travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti mutaxassisi Rustam Sharopovga ko‘ra, yassitovonlik kasalligining oldini olish uchun bolaga toza charmdan tayyorlangan, oyoqni to‘la qoplagan, tagi yumshoq, poshnasi 2 santimetr poyabzal kiydirish kerak.

Shifokor aytgan talablarga javob beradigan bolalar oyoq kiyimlari O‘zbekiston bozorlarida o‘rtacha 50 ming so‘mdan sotilmoqda. Ota-onalar esa 10-20 ming so‘mlik arzon, ammo sifatsiz oyoq kiyimlar olib bermoqda.

Qayd etilishicha, “3-6 yoshli bolalarda yassitovonlikning uchrashi normal holat” degan fikr to‘g‘ri emas. Aksincha, bola kasallikka mazkur yoshda chalinsa, tezroq davolash chorasini ko‘rish kerak. Chunki 10 yoshdan keyingi davo samarasi 10 foizga ham yetmaydi.

“O‘zbekistonga pornografik disk olib kirayotganlar qo‘lga olindi”

Keles chegara bojxona postida Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi poyezdda O‘zbekistonga 1750 dona pornogarfik disk olib kirayotgan fuqaro qo‘lga olindi (“Inson va qonun”, 7 oktabr).

Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar beradi. Moskva – Dushanbe yo‘nalishidagi poyezd o‘rindig‘i tagidan topilgan 100 ga yaqin kontrafakt disklar ham olib qo‘yilgan. Samarqandlik fuqaro nomiga Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasi orasidan esa bojxona bayonnomasida ko‘rsatilmagan 32 ta disk topilgan.

O‘zbekiston qonunchiliga ko‘ra, mamlakatga pornografik mahsulotlar olib kirish taqiqlanadi. Audiovizual asarlarni sotish va tarqatish bilan esa Intellektual mulk agentligi litsenziyasi asosida yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin.

“O‘zbekistonlik olimlar suvdan foydalanishning samarali usulini yaratishdi”

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti olimlari suv sarfini va oqimini o‘ta aniqlikda o‘lchab beradigan vosita yaratishdi (“O‘zbekiston ovozi”, 9 oktabr).

Yangi qurilma intensiv bog‘larda sinovdan o‘tkazilgan. Professor Fredun Barayevga ko‘ra, uskuna rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilayotgan moslamalardan qolishmaydi, ammo narxi bir necha baravar arzon. Qayd etilishicha, suv o‘lchash vositasi obi hayotdan samarali va oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Yangi ixtiro sug‘orma dehqonchilikda qo‘llaniladi.

“Taniqli xonanda Avazbek Olimov xorijdan qo‘shiq o‘g‘irladi”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Avazbek Olimov o‘g‘li Javlon Olimov bilan birga xorijdan o‘g‘irlangan qo‘shiqni kuylab chiqdi. (“Darakchi”, 9 oktabr).

Taniqli xonanda aynan qaysi qo‘shiqni o‘g‘irlaganiga aniqlik kiritilmagan. Qayd etilishicha, chet eldan o‘g‘irlangan qo‘shiqqa xonanda Farg‘ona vodiysi uslubida klip ham ishlagan.

Ayni paytda, xonanda Sardor Mamadaliyev marhum qo‘shiqchi Oxunjon Madaliyevning “Qo‘ynimda bir yor”, “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” kabi qo‘shiqlarini qaytadan kuylab chiqqani uchun tanqidga uchragan. Nuqul Oxunjon Madaliyev repertuariga murojaat qilayotgan Sardor Mamadaliyev bu bilan dangasaligini xaspo‘shlashda ayblangan.

XS
SM
MD
LG