Линклар

Toshkentda 14-15 oktabr kunlari Xalqaro paxta yarmarkasining ochilishi arafasida dunyoning yetakchi shirkatlari O‘zbekiston paxtasiga qarshi boykotga qo‘shilmoqda.

Target, Walmart, C&A, Marks&Spencer, IKEA, H&M shirkatlari qatori Britaniyaning Tesco yirik chakana tarmog‘i ham o‘z mahsulotlarida majburiy mehnat mahsuli deb ko‘riladigan o‘zbek paxtasini ishlatishdan voz kechdi va O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi kampaniyaga qo‘shildi.

-Tesco birinchilardan bo‘lib 2007 yilda o‘zbek paxtasidan voz kechgan edi, hozir esa biz O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi kampaniyaga qo‘shilayotganimizdan juda faxrlanamiz, - deydi Tesco shirkatining ta‘minot ishlari bo‘yicha rahbari Jayls Bolton.

Qarorgohi San Frantsiskoda joylashgan bolalar mehnatiga qarshi kurashuvchi “RSN -Responsible Sourcing Network” tashkilotiga ko‘ra, hozirga qadar O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi petitsiyani imzolagan shirkatlar soni 153tani tashkil etmoqda.

– Toki O‘zbekiston hukumati paxta sektorida bolalar mehnati va kattalar majburiy mehnatidan voz kechmas ekan O‘zbekiston paxtasini o‘z mahsulotlarimizda ishlatmaymiz, - deya bildirishmoqda petitsiyaga imzo qo‘ygan shirkatlar.

Hozirga qadar yuzdan ziyod shirkat o‘z mahsulotlarida o‘zbek paxtasidan foydalanmay qo‘ygan. Xorijiy shirkatlarning boykoti ortidan O‘zbekistonda yosh bolalarni, maktab o‘quvchilarini paxtaga chiqarish to‘xtatilganday bo‘ldi. O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda 18 yoshgacha bo‘lganlar paxta chiqarilmasligi haqida bildirgan.

O‘zbekistonda bu yil yosh bolalar, maktab o‘quvchilari paxta termiga chiqarilmayotgan esa-da, ular o‘rniga shifokorlar, hamshiralar, o‘qituvchilar, talabalar paxta terishga majburlanmoqda.

O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi kurashib kelayotgan Vashingtondagi “Cotton Campaign” guruhiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda davlat korxonalarining bir milliondan ortiq xodimlari va talabalar paxtaga chiqarilgan.

Guruh faoli Mettyu Fisher Dali shifokorlarning o‘z xohishlariga zid tarzda paxta terimiga jalb etilishini mehnat huquqlarining buzilishi sifatida baholaydi:

- O‘zbekistonda yillardan beri o‘qituvchilar, shifokorlar va byudjet idoralari xodimlari ishdan haydalishlari haqidagi tahdidlar bilan paxta terishga majburlanadi. Buning ustiga oyliklari kesilmoqda. Bu zamonaviy qullikning bir ko‘rinishidir, - deydi Mettyu Fisher Dali.

Bir qancha inson huquqlari tashkilotlarini birlashtirgan “Cotton Campaign” avvalroq O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatni taqiqlash, bu taqiqni buzganlarni jazolashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG