Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 00:08

Paxtaga majburan chiqarilgan shifokorlarning oyligi ham qirqilmoqda


O‘zbekistondagi tibbiyot xodimlari majburan paxta terimiga jalb qilingan holda ularning oylik maoshlari ham ushlab qolinmoqda. Ozodlikka bog‘langan shifokorlarga ko‘ra, paxtaga chiqqan ishchilarning sentabr oyidagi ish haqi berilmagan.

Namangan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ismi sir qolishini istagan vrachlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda paxtaga chiqarilgan ishchilar oyliksiz qolib ketayotgani haqida kuyunib gapirdi:

“Biz RShTTYoIMning Namangan filiali xodimlari paxta mavsumida yotoqda yurganimiz uchun ish haqi yozmas ekan. Hozir 600 ta hasharchi daladamiz. Bu yerda vrachlar, hamshiralar, farroshlar, texnika xodimlari va shofyorlar bor. Hammamizga paxta mavsumida oylik yozilmas ekan. Paxta terganingiz uchun haq olasizlar, oylik nachisleniye bo‘lmaydi, deyapti. Bizga paxtada yurganimiz uchun ish haqi yozilmas ekan", deydi namanganlik vrach.

Namanganlik hamshira qiz esa paxtaga chiqarilganlarning oyligi ushlab qolinayotgani nohaqlik ekanini aytadi:

“Biz xohlab paxtaga chiqayotganimiz yo‘qku. Shuncha harajat qilib kelamiz. Paxta terganimizdan oladiganimiz pul ovqatga zo‘rg‘a yetsa. Buning ustiga paxtaga chiqyapsizlar, shu chiqqan kunlaringizga oylik bo‘lmaydi, deyapti. Bu qanday nohaqlik”, deydi ismi sir qolishini istagan namanganlik hamshira.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan bo‘limi xodimlari paxta mavsumida oyliklari ushlab qolinishi 2011 yildan beri davom etib kelayotganini aytishdi.

Mazkur markazning hisobchilaridan biriga ko‘ra, paxta mavsumida faqat shifoxonada qolib ishlaydigan xodimlarga ish haqi yoziladi:

“Paxtaga chiqqanlarga oylik yo‘q. Paxta terganining pulini olyapti. Bu butun Namangan viloyati bo‘yicha shunday. Jamoatchilik ishiga pul to‘lanmaydiku. Hasharku bu. Biz kasal uchun berilgan pulni kasalga sarflayapmiz. Bizda kasalga qaragani uchun oylik oladi. Paxtaga chiqsa ishlamaydi hisob. Paxta terganidan oladi. Oylik yozilmaydi”, dedi tibbiy yordam ilmiy markazining hisobchilaridan biri.

Ozodlik muxbiri O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi tibbiyot muassasalariga bilan ham bog‘landi.

Sirdaryo viloyat markaziy kasalxonasining hisobchisi ularda ham paxtaga chiqqanlarga oylik yozilmasligini aytdi.

- Oylik ishga chiqqanlarga yoziladi, paxta tersa ishga chiqmaydiku, paxta terganidan haq oladiku, - deydi Sirdaryo viloyat markaziy kasalxonasining hisobchisi.

Paxtaga majburan chiqarilib oyligi qirqilayotgan shifokorlar bunga norozilik bildirishdi:

-Paxtaga o‘zimiz yo‘lkira qilib kelamiz, 4 ming so‘m yo‘lkira, qornimizni o‘zimiz qilamiz, ovqat bermaydi. Buning ustiga oyligimizni urib qolyapti. Oilamizni qanday boqamiz. O‘zi 300 ming so‘m oylik olsak, shuni ham ko‘p ko‘rishyapti. Biz paxtaga o‘zimiz xohlab chiqayotganimiz yo‘qku. Chiqmasak bo‘shatvoramiz desa, chiqsak oyligimizdan urib qolsa, qanday kunlarga qoldik, - deydi Namangan Yuqumli kasalliklar shifoxonasining ismini aytmagan hamshirasi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari shifokorlarning paxta mavsumida oyligi ushlab qolinayotgani yuzadan Ozodlikka izoh bera olmasliklarini aytishdi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashib kelayotgan Vashingtondagi “Cotton Campaign” faoli Mettyu Fisher Dali shifokorlarning o‘z xohishlariga zid tarzda paxta terimiga jalb etilishini mehnat huquqlarining buzilishi sifatida baholaydi:

- O‘zbekistonda yillardan beri o‘qituvchilar, shifokorlar va byudjet idoralari xodimlari ishdan haydalishlari haqidagi tahdidlar bilan paxta terishga majburlanadi. Buning ustiga oyliklari kesilmoqda. Bu zamonaviy qullikning bir ko‘rinishidir, - deydi Mettyu Fisher Dali.

Bir qancha inson huquqlari tashkilotlarini birlashtirgan “Cotton Campaign” avvalroq O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatni taqiqlash, bu taqiqni buzganlarni jazolashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG