Линклар

O‘zbekistonda yaqin orada “Bolalarni ularning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishiga zararli ta‘sir ko‘rsatadigan axborotdan himoyalash to‘g‘risida” qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Qonun loyihasini “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi ishchi guruhi muhokama qilganini 12.uz xabar qildi.

Tilga olingan fraktsiya a‘zosi Ra‘no Gaimovaning aytganlariga tayanib saytning yozishicha:

axborot-kommunikatsiya vositalarning hayotga kirib kelishi;

Internet va ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan ba‘zi informatsiyalarning noxolis va haqiqatga zid ekanligi;

yoshlarning ongiga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotgan zararli informatsion hurujlar va

mafkuraviy xavflarning ko‘payib ketgani kabi omillar yangi qonun zaruratini belgilab bergan.

Sayt xabari bizni “Adolat”ning rasmiy saytiga boshladi. Qo‘shimcha informatsiya toparmikanmiz, deb o‘yladikda, axir!

Masalan, adolatchilar “bolalarni ularning jismoniy va ma‘naviy rivojiga zararli ta‘sir ko‘rsatadigan informatsiyadan himoyalash” yo‘lida qanday choralarni taklif etayotganiga qiziqdik.

Afsuski, izlaganimizni topolmadik: 12.uzning xabari partiya matbuot relizining takrori bo‘lib chiqdi.

Partiya matbuot xizmati xabarnomasidagi mana bu gap chanqog‘imizni biroz qondirishi mumkin: “...ommaviy axborot vositalarida shafqatsizlik va zo‘ravonlik targ‘ibotiga yo‘l qo‘ymaslikning ta‘sirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga e‘tibor qaratilgan”.

Lekin o‘sha “mexanizmlar” nimadan iborat ekanligi to‘g‘risida informatsiya yo‘q.

Balki bunday informatsiya hozircha zararli bo‘lsa kerakki, indamayaptilar.

E‘tibor bering, adolatchilar bolalarni informatsiyadan himoyalamoqchilar.

Voqea-hodisadan emas, informatsiyadan.

Voqea – "ovoz", Informatsiya – "aks sado".

Ya‘ni Voqea birlamchi, Informatsiya ikkilamchidir.

Voqea bo‘lmasa, Informatsiya ham yo‘q.

Shunisi qiziqki, Informatsiya yo‘q ekan, go‘yoki Voqea ham yo‘qday tuyulaveradi.

Masalan, shu kunlarda paxta terimiga maktab bolalari chiqarilmayapti. Lekin maktablarda har bir sinf uchun bittadan o‘qituvchi qoldirilib, qolgan muallimlar paxtaga haydalgan.

Bu haqda gapirilmasa, ya‘ni zararli informatsiya berilmasa, bas, – olam guliston – bu yilgi paxta bola mehnatisiz terildi – ijobiy informatsiya paydo bo‘ladi!

Sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik yo‘lidagi bu harakat “bolalarning jismoniy va ma‘naviy rivojiga”, o‘zimizdan qo‘shamiz – intellektual rivojiga – salbiy ta‘sir ko‘rsatishi to‘g‘risida o‘zbek deputatlari, xususan adolatchi deputatlarning boshi qotmaydi.

Mana yana bir necha zararli informatsiya:

“Chiroqchi hokimi paxta siësati iddaosi bilan kambag‘alning to‘yini buzdi”;

“Paxtaga majburan chiqarilgan shifokorlarning oyligi ham qirqilmoqda”;

“Boyovut hokimi paxtaga chiqmagan tadbirkorlarni jazolashni buyurdi”;

Mana bu esa, eng “svejiysi”, bugungisi: “Paxtaga chiqqan kollej talabalari o‘rniga maktab o‘quvchilari o‘qiyapti”

Gap shu yerga yetganda, adolatchilar, balki, meni “quloqdan tortganlikda”, ayblar. Ular, balki, “biz bolalarni Internetdagi uyatsiz materiallardan saqlamoqchimiz”, derlar.

To‘g‘ri, bolalarni ularning yoshiga nomunosib kontentdan saqlash kerak.

To‘g‘ri, uyat suratlar bolaning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishi uchun zararli.

Lekin, bu "Adolat"ning ishimi? Unda ota-ona nima qiladi?!

Bir narsani o‘ylab, boshqa narsani gapirish, ikkiyuzlamachilik qilish bolaning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishi uchun zararli emasmi?

Nafaqat bolaning, balki butun jamiyatning ma‘naviyati uchun tahlikali emasmi?

Lekin, adolatchilar fikricha, mening tashvishim ortiqcha tashvishdir: voqea bo‘laverishi mumkin, u haqda informatsiya bo‘lmasa, bas – olam guliston!

Chunki informatsiya zarardir.

XS
SM
MD
LG