Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:07

"Memorial" terrorchilarni himoya qilayotganlikda "ayblandi"


Rossiyaning NTV telekanali “Memorial” Inson huquqlarini himoya qilish markazini islomiy terrorchi va ekstremist guruhlarni himoya qilayotganlikda aybladi. Rossiya federal kanali tayyorlagan ko‘rsatuvda tashkilot faoli Bahrom Hamroyevga “Musulmon birodarlar” tashkiloti a‘zosi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni “himoya qilayotganlik” aybi qo‘yildi. Bunga javoban, “Memorial” markazi NTV telekanali jurnalistlarini “savodsiz va yolg‘onchi”ga chiqardi.

NTVning iddaolari

NTV telekanali o‘tgan hafta oxirida "Memorial" markazini nishonga oldi.

2014 yilning 10 oktyabrida efirga uzatilgan “Chrezvichaynoye proisshestviye” dasturida Rossiya Adliya vazirligi kuni-kecha mamlakat Oliy Sudiga murojaat qilib, “chet el grantlari asosida terrorchilik va ekstremizmda ayblanayotgan shaxslarga ko‘mak berayotgan va “xorij agentlar” qatoriga kiritilgan “Memorial” markazi faoliyatini to‘xtatish” talabi bilan chiqqani iddao qilindi.

NTVchilar “tashkilot huquq himoyachilari ochiqchasiga radikal guruh a‘zolari himoyasi bilan shug‘ullanayotgani”ni isbotlovchi videoyozuvlar borligini bildiradi.

Birinchi videoda huquq himoyasi markazida ismi Ramil Yarmagomedov ekani aytilgan va qonga belangan yigitning maxfiy xizmat xodimlari tomonidan kaltaklangani to‘g‘risidagi gaplari “sahnalashtirilgan ko‘rsatuv” ekani va Ramilь hozirda Islom davlati jangarilari qatorida tinch aholini o‘ldirayotgani aytiladi.

Yana bir vidoyozuvda Rossiya shimolidagi Murmansk shahrida O‘zbekiston xalqaro qidiruvga bergan ikki buxorolik dindor hibs etilayotgani aks etgan. Bu shaxslar bir vaqtning o‘zida ham “Musulmon birodarlar” tashkiloti g‘oyalarini targ‘ib etganlikda ayblanayotgani va hozirda tergov ostida ekani aytiladi.

NTV telekanali jurnalistlari “Memorial” faoli Bahrom Hamroyevni “ekstremist yurtdoshlarini himoya qilishga xohish bildirganlikda” aybladi va buning evaziga katta pul olganini ham iddao qildi.

Huquq himoyachisining: "Men o‘zbek zolimlariga qarshi kurashda o‘z hamyurtlarimga ko‘maklashishim kerak", degan gapiga javoban jurnalist ayol: "Ya‘ni, siz terrorchilarga bepul yordam ko‘rsatmoqchi edingiz?" deya savol beradi.

Teleko‘rsatuv oxirida “Hamroyev va uning sanoqsiz hamkasblari” aynan ekstremist va terrorchilarga ko‘maklashgani uchun “Memorial”ning Rossiyada o‘z faoliyatini davom ettirish-ettirmasligini Oliy Sud ko‘rib chiqishi” ma‘lum qilinadi.

“Memorial” markazi: NTV yolg‘oni to‘g‘risida...

Bir kun o‘tmasdan “Memorial” Inson huquqlarini himoya qilish markazi rasmiy saytida “NTV yolg‘oni va Adliya vazirligi da‘volari to‘g‘risida...” bayonoti e‘lon qilindi.

“Buzuq niyatli yolg‘on reportajda go‘yo “Memorial” Inson huquqlarini himoya qilish markazi ekstremist va terrorchilarga ko‘maklashganlik ustida ushlangani tasvirlangan. Ularning savodsiz yolg‘oni go‘yo Adliya vazirligi “Memorial” markazini yo‘q qilishga qaratilgan da‘vo bilan chiqqanidadir. Aslida, Adliya vazirligi Rossiya Oliy sudiga “Memorial” Inson huquqlarini himoya qilish markazini emas, balki boshqa tashkilot – Rossiya tarixiy-ma‘rifiy, homiylik va huquq himoyasi jamiyati bo‘lgan “Memorial”ni tugatish arizasi bilan murojaat qilgan”, deyiladi tashkilot rasmiy bayonotida.

“Memorial” markazi “Memorial” jamiyatining tugatilishi ham mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekaniga va bu tuzilmani tugatish uchun biror qonuniy asos yo‘qligiga jamoatchilik e‘tiborini qaratdi.

24 sentabr kuni Rossiya Adliya vazirligi Oliy sudga murojaat qilib, “Memorial” jamiyatini tugatish da‘vosi bilan chiqdi va Sud bu masalada 13 oktabr kuni mahkama o‘tkazishini ma‘lum qildi.

Rossiya prezidentining Inson haqlari bo‘yicha kengashi rahbari Mixail Fedotov “Memorial” yopilishiga “asos ko‘rmayotgani”ni bildirgan bo‘lsa, 87 yoshli rossiyalik taniqli huquq faoli, Moskva Xelьsinki guruhi rahbari Lyudmila Alekseyeva: "“Memorial” yopilishi Rossiya uchun xalqaro miqyosdagi sharmandalik bo‘ladi”, dedi.

Rossiya, Germaniya, Italiya, Belarus, Qozog‘iston, Fransiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan “Memorial” jamiyati tarkibiga kiruvchi 62 tashkilot Stalin davrida qatag‘on qilinganlarni oqlash, tadqiqotchilik, huquq himoyasi va madaniy-ma‘rifiy ishlar bilan shug‘ullanib keladi.

Bahrom Hamroyev: NTVga intervьyu bergan emasman

Ayni paytda ko‘rsatuv qahramonlaridan biri – “Memorial” markazi a‘zosi, “Yordam” Inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Bahrom Hamroyev NTV telekanaliga hech qanday intervyu bermagani, balki unga provokatsion savollar bilan murojaat qilgan jurnalistlar o‘zini “Doveriye-Moskva” telekanali xodimlari deb tanishtirganini Ozodlikka gapirib berdi.

(Suhbat davomida aloqa noma‘lum sabablarga ko‘ra bir necha marotaba uzilganini kuzatishingiz mumkin)

Баҳром Ҳамроев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:30 0:00
Бевосита линк

- Bu zamon nohaqni haq, haqni nohaq deydigan zamon bo‘ldi. Birinchidan, NTV mendan intervyu ham olgani yo‘q: “Doveriye” degan telekanal kelib migrantlar masalasida gapirib bering, deb ig‘vogarona savollar berishdi. “Siz nima uchun Murmanskka yashirincha borib keldingiz?”, “O‘zbekiston fuqarolari “Musulmon birodarlar” tashkilotiga a‘zoligini bilib, yordam beryapsiz”, dedi. Men ularga “Men ularning beayb ekaniga ko‘proq ishonaman. Albatta, men ularni himoya qilaman”, degan gaplarni gapirdim, - deydi huquq faoli.

Shuningdek, Bahrom Hamroyev ko‘rsatuvda namoyish qilingan va Murmansk musulmonlar jamoasi vakili Gasan Magomedovich degan shaxsdan hech qanday pul olmaganini aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda Gasan Magomedovich huquq himoyachisi so‘zlarini tasdiqlab, jurnalistlar uning boshqa masalada gapirilgan gaplarini “kontekstdan yulib olib”, montaj qilganini ma‘lum qildi.

Мурмансклик Гасан Магомедович билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00
Бевосита линк

- Men bu reportajni ko‘rdim: hamma narsani boshdan oyoq ag‘darib qo‘yishibdi! Aslida biz yordam ko‘rsatish niyatida qilgan edik. Reportaj bir soatdan ortiq davom etdi, bir oy oldin olingan edi. U qamalgan yigitlar mening korxonamda ishlashardi. Ularga yordam tarzida pul yig‘ilayotganini gapirdim. U yerda Bahrom Hamroyevning pul olgani-olmagani to‘g‘risida mutlaqo gap-so‘z bo‘lmagan edi! Shunchaki bu pul ularning himoyasiga jamoamiz tomonidan yig‘ildi, - deydi jurnalistlar uning so‘zlaridan teskari ma‘no chiqarganidan afsuslangan murmansklik musulmonlar jamoasi vakili Gasan.

Ozodlik muxbiri mazkur reportajni tayyorlagan “Doveriye” va NTV telekanali jurnalistlaridan bu xususda biror izoh ololmadi.

“Memorial” bosim ostida

Huquq faoli Bahrom Hamroyev esa NTV telekanali tayyorlagan ko‘rsatuv “yuqoridan berilgan buyurtma” ekaniga ishonishini aytib, “Memorial” markazi Kreml siyosatini "qo‘llab-quvvatlamayotgan tashkilotlardan biri sifatida yo‘qotilishi mumkinligi"ni ham ehtimoldan holi qilmadi.

- Menga hech kim pul o‘tkazgani ham yo‘q – bersa yaxshi bo‘lardi. Xullas, bu “Memorial”ning sha‘niga dog‘ tushirish, yomon otliqqa chiqarish maqsadda qilinmoqda. Inson huquqlari masalasi Rossiyada ancha og‘irlashib bormoqda. Ukraina voqealari, umuman Rossiya ichkarisida bo‘layotgan voqealarda “Memorial” faol ish olib borayapti va bu uning shu faoliyatiga to‘siq yaratish metodidir, - deya munosabat bildirdi Bahrom Hamroyev.

XS
SM
MD
LG