Линклар

logo-print

O‘zbekistonda kollejlarning 1- va 2-kurs talabalari ham paxtaga haydaldi. Maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari esa paxtaga chiqarilgan talabalar o‘rniga kollejda o‘qishga majburlanmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, o‘quvchilarga o‘zini kollej talabasi deb tanishtirish ham uqtirilmoqda. Mahalliy hokimiyat vakillari voyaga yetmagan bolalarning paxtaga chiqarilganini shu yo‘l orqali yashirishga urinmoqda.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida barcha kollejlarning 1- va 2-kurs talabalari paxtaga haydaldi. Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan kollej o‘qituvchisiga ko‘ra, o‘quv yurtlarining pastki kurslari Chinoz tumani hokimi Mahmud Eshonov topshirig‘i bilan paxtaga chiqarilmoqda.

Qashqadaryoning Shahrisabz shahridagi tibbiyot va pedagogika kollejlarining 1- va 2- kurs talabalari ham 9 oktabrdan boshlab paxtaga chiqarildi.

“Faqat Shahrisabzdagi tibbiyot va pedagogika kollejlari 1-, 2- kurslarni to‘liq kunlik terimga chiqarayapti. Boshqa kollejlarda esa ahvol sal boshqacharoq. Kollejlarning 1-, 2- kurslari nomiga o‘qiyapti. Darslarga bitta guruhdan bor - yo‘g‘i besh - olti nafar bola boradi. Boshqalari ota-onasi o‘rniga paxtaga chiqayapti",- deya xabar yo‘lladi qashqadaryolik Ozodlik muxlisi.

Samarqandning Toyloq tumanidagi kollejlarda ham vaziyat xuddi shundayligi haqida xabar yo‘lladi yana bir manbamiz:

"Har kuni tumanimizdagi kollejlardan birinchi kurs talabalarini paxtaga olib ketayapti. Viloyat hokimi “18 yoshga to‘lmaganlarni paxtaga olib chiqilmasin" degan buyrug‘i chiqqan deyishdi. Lekin tuman hokimlari “hammani olib chiqasan" debdi",- deydi Toyloq tumanida yashovchi manba.

Shuningdek, Ozodlikka kelgan boshqa xabarlarda Samarqand viloyati Jomboy transport kolleji, Jizzaxning G‘allaorol tumanidagi iqtisodiyot kolleji, Xorazmning Ko‘shko‘pir tumanidagi qurilish-transport kasb hunar kolleji, Buxoro tibbiyot kolleji, Namangan yengil sanoat kolleji va Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumani Qizil-uzaq qishloq xo‘jalik kollejining ham 1- va 2- kurs talabalari paxtaga chiqarilgani aytiladi.

Ozodlik muxbiri tilga olingan ushbu kollejlar rahbarlarining ayrimlari bilan bog‘langanida ular pastki kurs talabalari paxtaga chiqarilganini inkor qilishdi.

Jumladan, Chinoz tumani agrosanoat kolleji direktori Ibrohim Rasulov va Qo‘shko‘pir qurilish-transport kolleji rahbari Egambergan Avezov 1- va 2- kurs talabalarining paxtaga chiqarilganini qa‘tiy rad qilishdi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan talabalarning paxtaga chiqarilayotganini turli xil yo‘llar bilan yashirishga harakat qilinayapti.

Jumladan, manbalarimiz yo‘llagan xabarlarga ko‘ra, pastki kurs talabalari paxtaga chiqarilgan paytda ularning o‘rniga maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari kollejda o‘qishga majburlanmoqda.

Samarqand viloyati Payariq tumani Chelak shahrida yashovchi manbaning Ozodlikka yozishicha, uning 8-sinfda o‘qiyotgan qizi ham paxtaga ketgan talabalar o‘rniga kollejga qatnayapti:

“Qizim Chelak shahridagi 80-maktabning 8-sinfida o‘qiydi. Hozir u Payariq maishiy xizmat ko‘rsatish kollejiga qatnayapti. Kollejning 1-kurs talabalari ham paxta terimiga majburan jo‘natilgan. Shu sababli maktablarning 8- va 9-sinf o‘quvchilari kollejlarda majburan o‘qitilayapti. Kollej va maktab rahbariyati “Agar komissiya kelib tekshirsa, shu kollejda 1-kursda o‘qiyman”, deysizlar deb majburlayapti”, deya xabar yo‘lladi samarqandlik ota.

Manbalarga ko‘ra, Samarqanddagi boshqa aksar maktablarda ham yuqori sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilgan kollej talabalari o‘rniga o‘qish holatlari uchraydi.

Samarqand viloyati xalq ta‘limi tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilari kollej talabalari o‘rniga o‘qiyotgani amalda boshqacha izohlanmoqda:

“O‘zi maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilarining kollejlar bilan tanishuvi qonunda nazarda tutilgan. Hozir viloyatdagi 8- va 9- sinf o‘quvchilarining kollejlarga qatnayotgani ta‘limning keyingi bosqichini qamrab olish bo‘yicha deb atayapmiz. Maktab o‘quvchilari o‘zlariga yaqin joydagi xududiy kollejlarga borayapti”, dedi manbamiz.

O‘zbekistonda bu yil 18 yoshgacha bo‘lganlar paxtaga chiqarilmasligi haqidagi hukumat ko‘rsatmasiga qaramay, ayrim viloyatlarda 18ga to‘lmagan yoshlar paxta terimiga jalb etilayotgani kuzatilmoqda.

Bir qator inson huquqlari tashkilotlarini birlashtiruvchi Cotton Campaign tashkiloti O‘zbekiston hukumatini majburiy mehnatni taqiqlashga va bu taqiqni buzganlarni jazolashga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG