Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:35

Toshkent viloyatida bir kunda uch prokuror ishdan olindi


O‘zbekiston prokurorlari qonun ijrosi ustidan nazorat qilish ishidan tashqari paxta uchun ham mas‘uldir.
O‘zbekiston prokurorlari qonun ijrosi ustidan nazorat qilish ishidan tashqari paxta uchun ham mas‘uldir.

Toshkent viloyatining Qibray tumani prokurori Alisher Abdusalomov 10 oktabr kuni ishdan olindi.

Ozodlikning huquq tizimlariga yaqin manbasi farazicha, Abdusalomovning ishdan olinishi paxta bilan bog‘liq :

“Prokurorlar ham paxta terimi boshlangandan beri tinchlik bilmaydi. Paxtaga hasharchilarni yig‘ish, ularni jo‘natishni nazorat qilish ishlari uchun prokurorlar javob beradi. Prokurorlar kechalari bilan uyiga kelmay, paxta shtablarida yotib qoladi. Balki¸ tabiatan kamtarin bo‘lgan Alisher Abdusalomov yetarlicha qattiqqo‘llik qilmay¸ xalqni ëppasiga haydamagandir”, deb taxmin qildi Ozodlik manbasi.

Qibray tumani prokuraturasi Alisher Abdusalomovning ishda yo‘qligini tasdiqlar ekan, telefon orqali boshqa ma‘lumot berilmasligini aytdi.

Alisher Abdusalomov O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘g‘li va O‘zbekiston Markaziy banki raisining kuyovidir.

10 oktabr kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumani prokurori Umid Muhammedov ham ishdan olindi.

Ohangaron tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Umid Muhammedovning ishdan olinishi ham paxta siyosati bilan bog‘liq ekanini ta‘kidladi:

“Tafsilotlarini bilmaymanu, lekin paxta bilan bog‘liq deb aytishdi”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz hokimlik mulozimi.

Ozodlik Toshkent viloyati prokuraturasi bilan bog‘lanib, prokurorlarning nima sababdan ishdan olingani haqida so‘radi. O‘zini tanishtirmagan prokuratura mulozimi prokurorlarning ishdan olinganini tasdiqlar ekan, savollarga javob olish uchun rasmiy maktub bilan murojaat qilish kerakligini aytdi.

Ozodlik olgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyatining yana bir tumani prokurori ishdan olingan. Lekin hozircha ishdan bo‘shatilgan uchinchi prokuror qaysi tumanda ishlaganini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Respublikasining "Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunida prokurorlarning qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilishiga oid biror band yo‘q. Aksincha, qonunda prokuratura hokimliklar va mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishini nazorat qiluvchi organ ekani ta‘kidlanadi.

Biroq O‘zbekistonda so‘nggi yillarda viloyat va tuman prokurorlari ham kundalik xizmat va vazifalari qolib, kunu tun qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilgani, xususan, paxta yig‘im-terimi kampaniyasiga mas‘ul etib tayinlanishi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari prokurorlarning fermer xo‘jaliklarida ekin maydonlari necha santimetr chuqurlikda shudgor qilinganini shaxsan borib o‘lchagani, chigitning vaqtida ekilishini nazorat qilish uchun kunlab dalada yurgani, g‘o‘za chopig‘i, yagana va terimini o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta‘minlashga javobgar shaxs etib tayinlanganiga oid lavhalarini namoyish qilgani kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG