Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:17

Andijonda musulmonlardan soqolini olish talab qilinmoqda


Paxtaobodda yoshroq dindorlarning soqoli olib tashlangani ko‘pchilikning ko‘ziga tashlanmoqda, deydi tinglovchimiz.
Paxtaobodda yoshroq dindorlarning soqoli olib tashlangani ko‘pchilikning ko‘ziga tashlanmoqda, deydi tinglovchimiz.

Andijonning Paxtaobod tumanida dindor yigitlarga soqollarini qirtishlab olish tavsiya qilinmoqda. Paxtaobodlik tinglovchi Ozodlikka bergan bu xabarni huquq-tartibot idoralaridagi manbalarimiz tasdiqlashdi. Andijon viloyati huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, soqolli namozxonni “nazoratga olish” ko‘rsatmasi Qirg‘iziston bilan chegaradosh Paxtaobod, Xonobod, Xo‘jaobod kabi tumanlariga berilgan. Andijonlik faollarga ko‘ra, keyingi paytlarda Qirg‘iziston bilan chegaradosh tumanlarda yoshlar orasida soqol qo‘yib yurish urfga aylanib borayotgani bois, huquq-tartibot idoralari og‘zaki tarzda ogohlantiruv berayotgan bo‘lishi mumkin, demoqda.

Andijonning Paxtaobodidan Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan namozxon yigit tuman masjidiga o‘tgan juma namoziga kelgan 35-55 yosh oralig‘idagi erkaklarning deyarli barchasi birdaniga soqollarini oldirib tashlagani ko‘pchilikning ko‘ziga tashlandi, deya gap boshladi.

“Ko‘pchilik taniydigan qori akalar bor. Ularni har doim masjidda ko‘rib yuramiz. O‘tgan namozda hammasining soqoli qirtishlab oldirib tashlaganidan xayron qoldik. So‘rab-surishtirsak, Toshkentdan MXXdan maxsus odamlar kelib, pensiya yoshiga yetmagan, 35-55 yoshlardagi qori akalardan soqollarini oldirib tashlashni talab qilishgan ekan”, deydi paxtaobodlik bu yigit.

Uning aytishicha, soqolni olib tashlash tavsiyasi faqatgina dindor yigitlarga berilmoqda.

“Masjid imomlari, katta yoshdagi oqsoqollar odatdagidek yurishibdi. Lekin yoshroq nomozxonlar orasida soqollilari qolmadi hisob”, deydi u.

Andijon viloyati huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Paxtaobod, Xonobod va Xo‘jaobod tumanlari Qirg‘izistonga tutash bo‘lgani bois, ehtiyot chorasi sifatida aholi orasida soqol va diniy liboslarga doir tushuntirish ishlarini olib borish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

“Haqiqatan, yoshlarning diniy oqimlarga kirib ketishi oldini olish uchun maktablar, mahalla qo‘mitalari oqsoqollari va maslahatchilar bilan birgalikda tushuntirish ishlari olib borilyapti. Unaqa soqol qo‘yib yuradigan yoshlar ko‘p emas. Chunki profilaktika ishlarini qattiq olib boryapmiz”, dedi Andijon viloyati huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Paxtaobod huquq-tartibot idoralarining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, tumanda dindonlar orasida soqolni olib yurish va diniy libos kiymaslikka doir tushuntirish ishlari olib borilayotganini tasdiqladi.

“Masalan, soqol qo‘yish, hijob bo‘yicha ishlar tashkil qilingan. Xavfsizlik bo‘yicha ishlar to‘la tashkil qilingan. Lekin sizga telefon orqali ma‘lumot bera olmayman. Lekin diniy oqimlar bo‘yicha profilaktika yaxshi tashkil qilingan”, deya ta‘kidladi mutasaddi.

Andijonlik huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinov, Ozodlik bilan suhbatda, viloyat bo‘yicha dindorlarni ommaviy tarzda soqol qo‘yib yurishdan voz kechishga majburlash holati yo‘qligi, bu alohida holatlarda ba‘zi tumanlarda vaqti-vaqti bilan ko‘riladigan chora bo‘lishi mumkin, deydi.

- Unaqangi ommaviy buyruq yo‘q. Balki yoshroq 30-35 yoshdagi odamga aytishlari mumkin, soqolingni olib yursang bo‘lmaydimi, deb. Nimaga desangiz, birortasini olib kirib qo‘ygan bo‘lsa, diniy oqimga aloqador, deb, boshqalarni ham chaqirgan bo‘lishi mumkin. Yoki, aytalik, rasmiy belgilangan diniy libos borku o‘shandan o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin rasmiy ruxsat berilgan darajadan. Bundan tashqari bu tumanlarga qo‘shni Qirg‘izistonda yoshlar orasida soqol qo‘yib yurish juda urf bo‘lib ketdi. Yosh-yosh o‘zbek yigitlari uchiga qaychi tekkizmasdan soqol qo‘yib yurishibdi. Xullas o‘sha chegaraga yaqin joylarda balki buning ta‘siri kuchayayotgan bo‘lsa, balki og‘zaki ko‘rsatma bo‘lishi mumkin, deydi huquq faoli.

O‘zbekistonda dindonlarning tashqi ko‘rinishiga doir cheklovlar yillardan beri amal qilib keladi. Bu cheklovlar keyingi oylarda yanada kuchayayotgani kuzatilmoqda.

Shu oy boshrog‘ida O‘zbekistondagi masjidlarda o‘qilgan Qurbon hayiti namoziga boshiga oq do‘ppi kiyib kelganlardan do‘ppilarini yechib tashlash, aks holda masjiddan chiqib ketish talab qilindi. Bundan tashqari yoshi 20ga to‘lmagan yigitlar hayit nomoziga kiritilmagani haqida ham Ozodlik xabar qilgan edi.

Shuningdek, bu yil ham Toshkent va Toshkent viloyatlarida urf bo‘lgan yangi tushgan kelinlarga Hayit salomi marosimini o‘tkazish taqiqlab qo‘yilgan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, poytaxtning Eski shahar qismidagi ayrim mahallalarda yangi kelin tushirgan oilalardan hayitni o‘tkazmaslik borasida tilxat ham olingan.

Dindorlarning soqol qo‘yishiga cheklov joriy qilinganiga yana bir misol, O‘zbekiston fuqarosi pasportiga rasmga tushmoqchi bo‘lganlar soqollarini oldirib tushishlari talab qilinadi. Faqatgina qo‘lida hujjati bo‘lgan imomlar va yoshi 60 dan oshgan keksalarga uzunligi 2 santimetrgacha bo‘lgan soqol bilan suratga tushishga ruxsat berilgan.

XS
SM
MD
LG