Линклар

logo-print

"Islomiy davlat" guruhi jangarilar 300 dan 2000 AQSh dollariga qadar maosh olayotgani haqida xabarlar berilmoqda. Shu yil 29 iyunda xalifalik e‘lon qilgan guruhning bir kunlik sof daromadi kamida 2 million AQSh dollariga yetgani aytildi. Oqibatda, bu jangarilarni birlashtirib turgan omil g‘oyami yoki pul, degan bahs qizib bormoqda.

"Islomiy davlat" g‘aznasi 3 yo‘l bilan to‘ldirilmoqda:

Birlashgan Arab Amirliklarida chop etiladigan ingliz tilidagi The National nashri Bag‘doddagi manbalariga tayangan holda “Islomiy davlat”(ID)ning moliyaviy tizimi va byujeti haqidagi bir maqolani chop etdi.

Maqolada yozilishicha, Bag‘dodiy qurayotgan davlat byudjet tizimi – Suriya va Iroqda egallab olingan zavodlardan olinayotgan neftning noqonuniy savdosi, ID hududidagi tadbikorlardan undirilayotgan soliq va o‘g‘irlangan shaxslarni ozod qilish evaziga undirilgan tovon puli hisobiga yig‘iladi.

Reuters agentligi muxbiri bilan so‘zlashgan mosullik do‘kondorlardan biri jangarilar mujohidlar uchun pul talab qilganida, rad etgani uchun uning do‘koni yonida bomba portlatishganini aytadi:

"Agar o‘shanda ham rad etsa, unda uni o‘g‘irlashgan va uning oilasidan tovon puli talab qilishgan", deya xotirlagan mosullik do‘kondor shu yil ichida mujohidlar uchun 6 yoki 7 bora 100 AQSh dollaridan pul berganini aytadi.

1-manba: Turkiya, Iordaniya, Eronga yashirin sotilayotgan neftь

Ozodlikning Bag‘doddagi muxbiri Muhammmad Karim kuzatuvlariga ko‘ra, ID, asosan, Turkiya va Iordaniya hududidan keladigan tujjorlarga sotiladigan neft hisobiga g‘aznasini to‘ldirmoqda.

- Bizdagi axborotlarga ko‘ra, ular neftni zavodlardan oladi va xorijdan boradigan kichik tujjorlarga sotadi. Misol uchun, neftning bir barreli narxi shu kunda rasman 100 dollar bo‘lsa, ular 19 yoki 20 dollardan sotayapti. Savdo, asosan, kechasi bo‘ladi va tujjorlar uni yashirincha xorijga chiqarib sotadi. Bu jangarilar uchun juda yaxshi kelishuv, - deydi Muhammad Karim.

Ammo, bu mintaqadagi vaziyatni kuzatayotgan qatarlik tadqiqoqtchi Luay al-Xatibning aytishicha, hozir ID Iroqdagi 5 ta naft zahirasini o‘z nazoratiga olgan hamda bu manbalardan kuniga 25 ming tonnaga qadar neft qazib olinmoqda.

"Agar barellini past narx - 25-60 dollardan sotgan taqdirda ham kuniga 1 million 200 ming AQSh dollaridan ortiq daromad olish mumkin. Hozir ular ishonchli tujjorlar tarmog‘ini tuzib olgan va ular vositasida yashirin tarzda sotilayotgan neftni Turkiya hududiga chiqarayotgani haqida axborot bor", deydi Reuters agentligiga so‘zlagan al-Xatib.

2-manba: Xalifalik ahlidan majburan undirilayotgan soliq

"Islomiy davlat" g‘aznasiga daromad olib keladigan ikkinchi yirik manba — uning tasarrufiga o‘tayotgan hududlaridagi barcha katta-kichik savdo shoxobchalari, yonilg‘i quyish shoxobchalari, kichik korxonalar, katta kompaniyalar, hatto shifoxona va dorixonalardan undirilayotgan soliqdir.

Bag‘dodlik jurnalist Muhammad Karim qisqa fursatda o‘rnatilgan bu tizimga hamma bo‘ysunishi shart, deydi:

- Masalan, ular bozorga boradi va kattaroq do‘konlarga oyiga 500, kichkinaroq do‘konlarga 300, yakka tartibdagi savdogarlarga 100-150 dollardan oyiga soliq belgilab qo‘ygan. Har oyda biri keladi va soliqni olgandan keyin qo‘liga "Men falonchi falonchidan soliqni oldim" degan qog‘oz berib ketadi, - deydi Muhammad Karim.

ID ichidagi manbalariga tayangan holda jurnalistning aytishicha, soliqni to‘lashdan bosh tortganlar jazolanishi, hattoki o‘ldirilishi ham mumkin.

Shuningdek, ID jangarilari xalifalik ichida nazorat-o‘tkazish punktlarini joriy qilgani va o‘tgan-qaytgan avtomobillardan pul undirishi, ba‘zan yo‘lovchilarining xamyonlarini ham tintishi aytilmoqda.

3-manba: Garovga olinganlardan undirilgan tovon puli

AQShdagi Jorjtaun universitetining Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassisi Pol Sallivanning Telegraph nashriga aytishicha, ID mahalliy biznes vakillaridan oyiga 5 million AQSh dollari miqdorida pul undiradi.

Telegraph nashrining yozishicha, o‘tgan yil davomida odamlarni garovga olish evaziga 40 million AQSh dollari miqdorida pul ishlagani, garovga olingan har bir xorijlik uchun o‘rtacha 3 million AQSh dollarigacha pul talab qilishadi.

Frantsiyalik marhum jurnalist Jeyms Foley uchun esa 80 million AQSh dollari so‘ralgani qayd etilgan.

Shu tariqa, moliyaviy ta‘minotni yaxshigina yo‘lga qo‘yib olgan ID shitob bilan boshqaruv tizimini mukammallashtirmoqda.

"Xalifalik g‘aznasini devonlar nazorat qilmoqda"

Shu kunga qadar o‘z vazirliklarini ham ta‘sis etgan va birinchilardan bo‘lib ta‘sis etilgan vazirlik Moliya vazirligidir.

- Ular Moliya vazirligi va Oliy va Xalq ta‘limi vazirliklarini ta‘sis qilgan. Avval Iroq hukumati tomonidan ta‘sis qilingan vazirliklar bekor qilingan. Ammo, biz "Islomiy davlat" ichida nimalar bo‘layotganini aniq bilmaymiz, - deydi bag‘dodlik jurnalist Muhammad Karimov.

Islomiy jangarilik faoliyati bo‘yicha tadqiqotlar olib borayotgan iroqlik tadqiqotchi Hishom al Hoshimiyning Telegraph nashriga aytishicha, ID yetakchisi Bag‘dodiy boshqaruv funktsiyasini o‘z ishonchli vakillari o‘rtasida taqsimlab qo‘ygan.

"U juda ratsional fikrlaydi. U o‘zi nima ish qilayotganini aniq biladi, tushunadi. U aniq g‘oyaga ega va juda g‘ayratli", deydi Hoshimiy.

Tuzilma o‘laroq bu davlatni tutib turgan muhim richaglardan biri - katta tajribaga ega bo‘lgan, uyushgan harbiy boshqaruvdir.

"Xalifalik boshqaruvi Saddamning zobitlari qo‘lida"

Bag‘dodlik jurnalist Muhammad Karimga ko‘ra, ID boshqaruv tizimining tepasida o‘ta tajribali harbiy zobitlardan iborat hay‘at turibdi.

- Aslida ular odatdagi muntazam armiyaga o‘xshaydi. Lekin bu armiya biror davlatga emas, terror tashkilotlarga oid. Muhimi, bu armiya juda professional yetakchilarga ega. Yana ham muhimi, muqaddam Saddam armiyasi tarkibida bo‘lgan bu harbiylarni g‘oya birlashtirib turibdi, - deydi Muhammad Karim.

Tajribali harbiylar armiyani muntazam ravishda oylik maosh bilan ta‘minlash va harbiy amaliyotlardan so‘ng qo‘lga tushgan o‘ljalardan ulush berib, rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘ygan.

"Jangarilar 300-2000 dollar atrofida maosh oladi"

G‘arb matbuotida berilgan xabarlarga ko‘ra, vazirliklardagi harbiylarning o‘rtacha oyligi 1 ming AQSh dollari atrofida, oddiy jangchilar esa oyiga 300 - 2000 AQSh dollariga qadar maosh oladi.

Yaqinda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Busurmanqul Tabaldiyev jihodchilarning kattagina qismi mablag‘ qozonish uchun jihodga ketayotgani, ularga kuniga 1 ming AQSh dollaridan maosh berilishi haqida bayonot bergan edi.

Shu kunlarda Suriyada jihod qilayotgan va WhatsApp tarmog‘i orqali Ozodlikka bo‘lgan mujohidlardan biri esa ularning niyati boylik orttirish ekani haqida ma‘lumotlarni inkor qilar ekan, ID ma‘muriyati unga oyigi 100 AQSh dollaridan oylik olishi va bu kundalik hayotiy ehtiyoji uchun yetarli ekani haqida yozdi.

Jangari: "Maoshimiz 100 dollar, g‘animatimiz ham bor"

Ismini oshkor qilmayotganimiz jihodchi Ozodlikning savollariga yo‘llagan yozma javoblarida ID jangchilari janglarda qo‘lga kiritilgan g‘animatdan ulush olish hisobiga ham daromad qilishini bildirdi:

"Daromad ganimatga qarab, yolgon emas rost, masalan bitta dushka mashinasi bilan yuz ming dollar turadi undan, ALHAMDULILLAH qancha kup ganimat tushkan", deb yozdi mujohid.

Uning aytishicha, tushgan daromad ikki qismga ajratiladi va uning bir qismi shahid ketgan mujohidlarning oilalarga taqsimlanadi, qolgan qismi jangchi mujohidlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Bundan tashqari, mujohidlar qo‘lga kiritilayotgan qurol-yarog‘ uchun ham rag‘batlantirilishi aytildi:

Qurol yaroqni kupligini, bilas qimmatligini, Masalan kalashnik aftomat yangi eskisiga qarab 2000 - 1500 $”, deb yozdi ayni paytda Suriyada jang qilayotgan o‘zbekistonlik mujohid.

Uning da‘vosicha, ID ichida jang harakatlaridan tushayotgan o‘lja va g‘animatlar hisob-kitob qilinadi, shariat qoidalari asosida taqsimlanadi.

Bundan tashqari, harbiylar ta‘minoti ham tartibga solingan:

“Yashash joyi yaxshi alohida alohida oziq ovqat masullar bor yetkazib turadi. G'animat teng bulinadi. Tibbiy xam yaxshi sharoitlar ularni masullari bor qarab turadi”, deb yozdi ismini oshkor qilmayotganimiz suriyalik mujohid.

Ayni paytda Suriyadagi jami jangarilar soni AQSh Markaziy Razvedka Byurosi hisobicha, 31 yarim ming atrofidadir.

Telegraph nashri esa 7-12 ming atrofida, bularning 3 mingi xorijlik jangarilardir, degan raqamlarni e‘lon qildi.

Sunniylar xalifalik jinoyatlarini qoralaydi

Iroqda va Shomda o‘rnatilgan xalifalik – uning o‘zi mansub bo‘lgan sunniy diniy jamoalar yetakchilari, olimlar va deyarli barcha islom davlatlari rahbariyati tomonidan rad qilingan.

Jumladan, Ramazon oyi munosabati bilan Toshkent shahridagi yirik masjidlarda ma‘ruza qilgan o‘zbekistonlik taniqli ulamo, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari "Iroq va Shom islom davlati" guruhi jang harakatlarini "musibat" deb qoralagan va ular e‘lon qilgan islmoiy davlatni tan olmasligini aytib, o‘zbekistonliklarni bu guruh safiga qo‘shilishdan qaytargan.

- Musibat bizning musulmon ummatidan boshqaning boshida yo‘q hozir. Ramazon - ibodat oyi - ular bir-birining qonini to‘kayapti, mulkini vayron qilayapti. BMTning bolalar bo‘yicha bo‘limi e‘lon qildi bugun - Suriyada 6 million bola och ekan. Kichkina bolachalar yalangoyoq, yalang‘och yig‘lashib turibdi - rasmini chiqarib qo‘yibdi. "6 million bola yordamga muhtoj - odamlar shularga yordam beringlar!" deb haligi tashkilot so‘rayapti. Ana shu anavinga o‘xshagan xalifa "betamizlar"ning faoliyatining samarasi shu! - deydi shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusuf.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi yetakchisi Yusuf Qarzoviy ham Iroq va Suriyada Ramazon oyining birinchi kunida e‘lon qilingan xalifalikni tan olmasligi, chunki bu shariat qoidalariga zidligini aytgan.

"Biz xalifalik imkon qadar tezroq ta‘sis etilishini kutayapmiz. Lekin "Islomiy davlat" (IShID yangi nomi - Tahr.) e‘lon qilgan xalifalik shariat nuqtai nazaridan asossizdir va bu Iroqdagi sunniylar hamda Suriyada kurashayotganlar uchun xavfli oqibatlarni keltirishi mumkin", dedi Yusuf Qarzoviy.

Islom ulamolari xalqaro ittifoqi rahbarining ta‘kidicha, musulmonlar rahbari sanaladigan xalifa radikal qarashlari bilan tanilgan bitta guruh tomonidan tayinlanishi shariatga to‘g‘ri kelmaydi.

Shariatga zid, deb qabul qilinmagan va qavmdoshlari tomonidan keskin qoralangan "Islomiy davlat" janggarilarining Suriya va Iroqda yuzlab mahalliy erkaklarning o‘ldirayotgani, ayollarni esa asir olayotgani dahshatli urush jinoyati, genotsid sifatida baholanmoqda.

Ozodlikning voqea joyidagi muxbirlari kuzatuvicha, Suriya va Iroq hududida "Islomiy davlat" e‘lon qilinganidan buyon o‘ldirilgan tinch aholi vakillari va harbiylar soni bir necha mingdan oshib ketgan. Bularning aksariyatini shia, yazidiy, nasroniy yoki alaviy jamoalariga mansub tinch aholi vakillari tashkil qiladi.

XS
SM
MD
LG