Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:40

Obama Islomiy davlatni tor-mor qilish uzoq cho‘zilishidan ogohlantirdi


Iroq va Suriya hududlarini ishg‘ol qilib¸ bu yerda islom xalifaligi iddaosi bilan keng ko‘lamli diniy va etnik terror o‘tkazayotgan Islomiy davlat guruhiga qarshi xalqaro kurashni muvofiqlashtirish AQSh prezidenti kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident 14-15 oktabr kunlari xorij rahbarlari va harbiy qo‘mondonlari bilan ayni masalani muhokama qildi.

Dushanba kuni Vashington tashqarisidagi havo kuchlari harbiy bazasida 20 dan oshiq davlat harbiy qo‘mondonlari bilan uchrashgan Oq uy rahbari Islomiy davlat guruhining Turkiya-Suriya chegarasidagi Kobani shahriga uyushtirayotgan hujumlari xususida tashvish izhor qildi. Obama shuningdek¸ janggarilarning Iroqdagi Anbar viloyatini to‘liq o‘z nazoratiga olish ehtimoli haqida ham xavotir bildirdi.

- Ayni kunlarda Iroqning Anbar viloyatida borayotgan janglar diqqat-markazimizda qolmoqda¸ shu bilan birga biz Suriyadagi Kobani shahri ichkarisi va atrofida yuzaga kelgan vaziyatdan qattiq tashvishdamiz. Bu janglar Iroq va Shom islomiy davlatining bu ikki davlatga solayotgan tahdidining ochiq ifodasidir. Har ikkala frontda ham koalitsiya havo hujumlari davom etadi¸ dedi prezident Obama.

Islomiy davlat guruhining nafaqat Iroq va Suriya¸ balki butun dunyo xavfsizligi uchun tahdid ekanini ta‘kidlagan Oq uy rahbari¸ unga qarshi xalqaro koalitsiya safi kengayib borayotganini bildirdi:

- Hozirgi kunga kelib IShIDga qarshi koalitsiyaga 60 ga yaqin davlat qo‘shildi va ulardan 20 tasi vakillari bugun oramizda o‘tiribdi. Bular orasida arab davlatlari¸ Turkiya¸ NATO ittifoqchilari va boshqa davlatlar bor. Bu amaliyotlar dunyoning IShIDga qarshi ekanini ko‘rsatadi¸ dedi AQSh prezidenti.

Bu koalitsiya maqsadi¸ Amerika rahbari ta‘kidicha¸ IShIDni mintaqa va dunyoga boshqa tahdid sola olmaydigan qilib tor-mor etishdir:

- Bu uzoqqa cho‘ziladigan kampaniya bo‘ladi. Bu muammoning qisqa va tez yechimi yo‘q. Biz bu kurashning boshlanishidamiz. Har qanday harbiy amaliyot davomida bo‘lgani kabi bu jarayonda ham lgari siljish va ortga ketishlar bo‘ladi¸ deya ogohlantirdi Obama.

Obama 20 davlat harbiy qo‘mondonlari bilan uchrashib turgan soatlarda AQSh va koalitsiya kuchlari Kobani va Anbardagi IShID janggarilari va istehkomlariga havodan zarba berishni davom ettirdi.

Bu hujumlarga qaramay¸ Islomiy davlat hujumlari davom etmoqda va so‘nggi xabarlarga qaraganda¸ janggarilar Kobanining uchdan bir qismini qo‘lga olgan¸ Anbar viloyatidagi Amiriya shaharchasini ishg‘ol qilayozgan.

Poytaxt Bag‘doddan 40 km masofada joylashgan bu shaharcha janggarilar qo‘liga o‘tsa¸ ular Anbar viloyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.

Oqibatda esa janggarilar Bag‘dod ostonasidan to Turkiya chegarasiga qadar bo‘lgan Iroq va Suriya hududini qo‘lga olgan bo‘ladi.

Islomiy davlat o‘z qamrovini kengaytirib borayotgan ayni paytda¸ AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan “Islomiy Davlat” guruhi haqida razvedka ma‘lumotlari almashishni jadallashtirishga kelishib olganini bildirdi.

AQSh prezidenti Barak Obamaning 15 oktabr kuni Britaniya¸ Frantsiya¸ Germaniya va Italiya rahbarlari bilan o‘tkazgan videomuloqotida ham asosan Iroq va Suriya hududining kattagina qismini ishg‘ol qilgan Islomiy davlat janggari guruhiga qarshi kurash masalalarini muhokama qilindi.

XS
SM
MD
LG