Линклар

Moskvaning bir necha yildan beri qurilayotgan “Moskva-Siti” ofis markazlaridagi binolardan birining 10- qavatidan quruvchilarning osma kajavasi qulab tushishi natijasida o‘zbekistonlik bir muhojir - 21 yashar G‘ulomjon Nodirjon o‘g‘li Erkayev halok bo‘ldi, olti o‘zbekistonlik ishchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi.

Dastlab Rossiya ommaviy axborot vositalarida qulagan kajavada jarohat olganlar soni yetti kishi, o‘lgan ishchi Turkiya fuqarosi ekani to‘g‘risida xabar paydo bo‘lgan edi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasida Ozodlik so‘roviga hodisa 15 oktabr kuni tong saharda sodir bo‘lganini tasdiqlab berishdi.

- Baxtsiz hodisa bugun ertalab taxminan soat oltilarda sodir bo‘ldi. Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, osma mexanizm 10 qavatdan tros uzilishi natijasida tushib ketgan. Unda bo‘lgan 8 kishidan bittasi hodisa joyida o‘ldi, yana yetti kishi og‘ir jarohat oldi. Ularning qaysi davlat fuqarolari ekani to‘g‘risida ma‘lumotga ega emasmiz, ammo jarohatlanganlarning barchasi shahar klinikalariga olib ketildi, deya ma‘lumot berdi Moskva politsiyasi navbatchi ofitseri.

Ma‘lum bo‘lishicha, hodisa joyiga yetib kelgan Tez yordam va politsiya xodimlari yarador ishchilarni qurilish krani tagidagi osma kajava yonidan topgan, o‘lgan ishchining jasadini esa kimdir omborxonaga olib kirib qo‘yganini aniqlagan. Tergovchilar shu tariqa prorablardan biri jinoyat izini yo‘qotishga uringanini aytmoqda.

(Video LifeNews rasmiy saytidan olindi)

Biroq, mehnat xavfsizligi qoidalari buzilishi natijasida sodir bo‘lgan bu hodisani taftish qilayotgan Moskva shahar Qurilish nazorati boshqarmasida Ozodlikka biroz boshqacharoq ma‘lumot berildi.

- 15 oktabr kuni soat 5:40 da Moskva shahri, 1-chi Krasnogvardeyskaya ko‘chasi 16 a manzili bo‘yicha joylashgan ko‘p qavatli kompleks qurilishida ishchilar ketayotgan yuk ko‘targich quladi. Bu minora sodda qilib “Oko” deb ataladi. Qurilish bosh pudratchisi - Turkiyaning “ANT YaPI SANAYI VE TIJARET ANONIM ShIRKETI”. Binoning 3- qavatidan tros uzilishi va platforma tushib ketishi natijasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bir kishi nobud bo‘ldi, boshqa olti o‘zbekistonlik ishchi turli jarohatlar bilan gospitalizatsiya qilindi, dedi o‘zini tanishtirmagan Rosstroynadzor vakilasi.

Nazorat idorasi xodimasi osma kajava odamlarni ko‘tarishga mo‘ljallanmagani, bu qurilma qavatlardan yig‘iladigan chiqindilarni pastga tushirish uchun ishlatilganini ham qo‘shimcha qildi.

"Rosstroynadzor" Moskva-Siti ob‘ektida rejadan tashqari tekshiruv boshlab yuborgani, mehnat xavfsizligini buzgan tashkilotlarga nisbatan qattiq choralar qo‘llashni va‘da qilmoqda.

Ayni paytda, qulab tushgan osma kajavada bo‘lgan o‘zbekistonliklar yoshi 19 dan 35 yoshgacha bo‘lgani, ularda suyak singani, umurtqa lat yegani, tanaga ochiq jarohat yetgani va miya chayqalgani qayd qilingani ma‘lum. Ozodlik Sitida nobud bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining ismi G‘ulomjon Nodirjon o‘g‘li Erkayev ekani, u 21 yoshdagi bo‘lganini aniqladi. Quruvchi yigit kabina ostida qolib ketgani aytilmoqda.

Hodisa joyida Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimlari tergovoldi taftish ishlarini olib bormoqda.

Moskva-Siti” qurilishidagi baxtsiz hodisalar

“Moskva-Siti” ko‘p qavatli binolar majmuasi qurilishida markaziy-osiyolik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar birinchi marotaba sodir bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan yilning 24 martida Sitining “Krasnopresnenskaya naberejnaya” 7 manzilida 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ustiga metall qurilma tushib ketib, hodisa joyida nobud bo‘lgan.

2001 yilning 9 iyulida “Moskva-Siti”ning Taras Shevchenko ko‘chasi tarafida minora-kran tushib ketishi oqibatida ikki kishi nobud bo‘lgan.

2006 yil 19 avgustda “Moskva-Siti” qurilishiga jalb qilingan mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv kelib chiqqan. Ish joyini talashayotgan Tojikiston fuqarolari o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida bir kishi o‘ldirilgan, besh kishi jiddiy jarohat olgan.

2007 yilning 31 dekabrida Markaziy binoning 16 qavatidan tushlikka ketayotgan 37 yoshli qirg‘izistonlik muhojir qulab tushgan va halok bo‘lgan.

2010 yilning 18 fevralida “Tsentralьnoye Yadro” qurilish uchastkasida ishlayotgan 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qoqilib, 8 metrlik balandlikdan tushib ketgan. Olingan jarohatlardan bu yigitning ham joni o‘sha yerda uzilgan.

Bundan tashqari, kuzatuvchilar hisob-kitobiga ko‘ra, “Moskva-Siti” hududida keyingi 13 yil davomida 13 marta yirik yong‘in chiqqan.

Shuningdek, 2013 yilning 7 iyulga o‘tar kechasi “Moskva-Siti” qurilishida ishlayotgan muhojirlar ommaviy zaharlanishi hodisasi sodir bo‘ldi: Moskva shahar politsiyasi hodisa ortidan 108 kishi zaharlanish alomatlari bilan poytaxt shifoxonalariga olib ketilganini ma‘lum qilgan edi.

Joriy yilning 26 may kuni “Moskva-Siti” maydonidagi mehnat muhojirlari ommaviy mushtlashuvidan so‘ng politsiya asosan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan 450 muhojirni qo‘lga olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG