OzodMirkofon eshittirishi bilan bog‘langan toshkentlik tinglovchi Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida paxta terayotgan xotini kunlik 55 kilogrammlik rejani bajarolmayotgani bois, kuniga 15-20 ming so‘mdan pul to‘lashga majburlanayotganidan arz qildi.
Ismi sir saqlanishini so‘ragan tinglovchi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi shifoxonalardan birida hamshira bo‘lib ishlaydigan rafiqasi Do‘stlik tumanidagi 27-xo‘jaligida paxta terayotganini aytmoqda.
11 oktabr kuni rafiqasi xolidan xabar olgani borgan tinglovchi u yerdagi shart-sharoit va terimchilar zimmasiga yuklangan majburiyatdan dahshatga tushganini aytdi.
- Bir maktabning sportzalida yotibdi. Ertalab soat 6 da avtobus kelarkan, terimchilarni soat 7 larga dalaga olib borib tashlashar ekan. Dalada esa paxta yo‘q, faqat ko‘rak-mo‘rak terib, rejani bajarishga harakat qilishayapti. Lekin 55 kilogrammlik rejani mening xotinim to‘rtdan birini zo‘rg‘a terayapti. Terib berolmagan kilorammlariga pul to‘layapti. Bu qanaqa zo‘ravonlik?! - deb e‘tiroz bildirdi tinglovchi.