Линклар

OzodJavobning navbatdagi sonida pulni qarzga berish va olish tartib qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Keyingi paytlarda pulni qarzga berish va olish holatlari bilan bog‘liq murojaatlar Ozodlikka ko‘plab bo‘layapti.

Jumladan, toshkentlik Nigora ismli ayol “Foizga qarz berish jinoyat emasmi?”, deya so‘radi. Jizzaxlik Karim aka sudxo‘rlik, ya‘ni foyda evaziga qarzga pul berishga qanday jazo borligiga qiziqdi. Shuningdek, mushtariylar qarzga pul berib, “kuyib qolmaslik” uchun nima qilish lozimligi borasida so‘rashdi. “Qarz oldi-berdisi bilan qonunan shug‘ullanish yo‘llari bormi?”, “Sudxo‘rlik ortidan daromad topgan shaxs soliqqa tortiladimi?” kabi savollar ham mushtariylardan ko‘plab keldi.

Ushbu savollarga javob izlash jarayonida O‘zbekiston qonunlarini titib, qarz oldi-berdisiga monelik qiladigan biror jihatni topmadik.

“Fuqarolik kodeksi”ning 41-bobi, “Qarz” bo‘limida jismoniy shaxslar o‘rtasidagi qarz-oldi berdisining qonuniy ko‘rinishlari qayd qilingan. Bu yerda sudxo‘rlik - foizga qarz berishga ham ruxsat etilganini ko‘rish mumkin. Demak, mamlakat qonunlarida sudxo‘rlikka qarshi hech qanday jazo ko‘zda tutilmagan ya‘ni foizga pul berish jinoyat emas.

Amaldagi tartibga ko‘ra, agar qarzga berilayotgan pul summasi minimal oylik ish haqining o‘n barobaridan kam bo‘lsa, tomonlar o‘rtasida og‘zaki shartnoma tuzilishi mumkin.

Bugungi kunda eng kam ish haqi 107 ming 635 so‘mni tashkil qiladi. Demak 10 million 763 ming 500 so‘mdan kam summadagi pulni qarzga bermoqchi yoki olmoqchi bo‘lsangiz oldi-berdini notarial tasdiqlatish shart emas. (Bunday holatda yuzaga kelgan nizo borasida maqola davomida o‘qiysiz). Bunday holatda yozma qarz shartnomasi yoki qarz oluvchining tilxati kifoya qiladi. Agar qarz summasi bundan ko‘p bo‘lsa, tomonlar o‘rtasida qarz shartnomasi tuzilib, notarial tasdiqlatish lozim bo‘ladi.

Qarz shartnomasini notarial tasdiqlatish majburiy bo‘lmay, faqat tomonlar xohishiga bog‘liq. Bu taraflardan birining (aksariyat hollarda, qarz beruvchining) talabi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Shartnoma notarial tasdiqlangani uchun to‘lanadigan davlat boji yuqori bo‘lib, uni to‘lash majburiyati qarzdor zimmasiga yuklanadi.

Qarz shartnomasini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 1 foizi miqdorida davlat boji belgilangan. Deylik, 15 million so‘m qarzga berilayotgan bo‘lsa, 150 ming so‘m davlat boji to‘lash lozim. Biroq qarz shartnomasining summasi kam bo‘lsa, to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqi (107 ming 635 so‘m)ning 20 foizi (21 ming 527 so‘m)dan kam bo‘lmasligi kerak.

Notarial ha­ra­katlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, qarz shartnomasi xohlagan notarial idorada tasdiqlanishi mumkin. Unda qarzning qaytarilish muddati, joyi va majburiyat bajarilishi usullari ko‘rsatiladi.

Qarz oluvchi qarzga olingan pulni bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pul miqdoriga baravar qaytarib berish majburiyatini oladi. Qarz shartnomasi pul qaytarilgan paytdan boshlab uzilgan hisoblanadi.

Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar

“Fuqarolik kodeksi”ning 734-moddasiga ko‘ra, foizlar to‘lash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanishi lozim. Qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega hisoblanadi.

Soliq inspektsiyasi xodimlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, foizga pul qarz bergan fuqaro topgan daromadining 8,5 foizi miqdorida soliq to‘lashi shart hisoblanadi.

Qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq nizolar

Qarz oluvchi olingan pulni belgilangan vaqtda qaytarib bera olmasa va tomonlar o‘rtasida nizo yuzaga kelsa, fuqarolar o‘rtasida tuziladigan qarz shartnomasining summasi minimal oylik ish haqining o‘n baravaridan ortiq (10 million 763 ming 500 so‘m)ni tashkil etganda sud faqat yozma hujjatlarni inobatga oladi. Bunday vaziyatda guvohlarning ko‘rsatmasi inobatga olinmaydi.

Minimal oylik ish haqining o‘n baravaridan kam summaga tuzilgan qarz shartnomasi bo‘yicha esa, sud guvohlarning ko‘rsatmasini inobatga olishi mumkin.

******* **** **** **** *** *** *** *** *** *** *** *** *** ***

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG