Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:58

Xitoyliklar o‘zbek maxfiy xizmati raisining maxfiy yuzini ochib qo‘ydi


O‘zbek Internet nashrlari qudratli Milliy xavfsizlik xizmatining 20 yildan beri o‘zgarmasdan kelayotgan sirli raisi Rustam Inoyatovning Xitoyga qilayotgan safari haqida xabar yozish barobarida uning jilmayib turgan suratini ham e‘lon qildi. Jamoatchilikka umuman ko‘rinish bermay kelayotgan "rais" suratini chop etish nafaqat matbuot¸ balki o‘zbek siyosatidagi o‘zgarishlar nishonasi sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekistondagi norasmiy va yarim rasmiy Internet nashrlari Xitoyning rasmiy Sinxua agentligiga tayanib turib O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning Xitoyga safar boshlagani haqida xabar tarqatdi.

Ayni paytda¸ bu xabarga xitoyliklar olgan surat ham ilova qilindi - Xitoy xavfsizlik xizmati raisi¸ Politbyuro a‘zosi¸ Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi qoshidagi Siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi Men Tszyanchju bilan protokol uchun tushirilgan bu suratda Rustam Inoyatov qariyb butun bo‘yi bilan aks etgan.

Rustam Inoyatov xitoylik hamkasbi bilan. (Surat Xitoy agentligiga tegishli).
Rustam Inoyatov xitoylik hamkasbi bilan. (Surat Xitoy agentligiga tegishli).

MXX raisining nima maqsad va vazifalar bilan Xitoyga safar qilayotganiyu¸ uning xitoylik hamkasbi bilan nimalarni muhokama etib¸ nimaga kelishib olgani haqidagi xabar qolib¸ Rustam Inoyatovning ayni kunda tushirilgan rasmi ko‘pchilikda qiziqish¸ bir paytning o‘zida esa¸ hayrat uyg‘otdi.

Bu hayrat esa bejiz emas. O‘zbekiston hayotining barcha sohalarini to‘liq nazoratiga olgan qudratli Milliy xavfsizlik xizmatiga 1995 yilning iyunidan beri raislik qilib kelayotgan 70 yashar Rustam Inoyatovning na o‘zi va na surati jamoatchilikka tanish emas. Uning qaysidir tasodif bilan virtual dunyoga tushib qolgan bir-ikki surati ham qariyb 20 yil oldin tasvirga olingan. Nomining o‘ziyoq aksar o‘zbekistonliklarda qo‘rquv uyg‘otadigan maxfiy xizmatning maxfiy raisi shaxsi¸ faoliyati¸ xususan¸ sog‘lig‘iga oid ma‘lumotlar ham yo‘q hisobi.

Salomatligi haqida turli farazlar yurgan MXX raisining 2014 yil 14 oktabrida olingan suratining Internet nashrlarida paydo bo‘lishi bunday taxminlarga chek qo‘yishga ham asos bo‘ldi.

Inoyatovni ko‘rsatish taqiqlanganmi?

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi sobiq jurnalisti¸ yoshlar telekanalida "Munosabat" nomli tahliliy ko‘rsatuv boshlovchisi bo‘lib ishlagan Malohat Eshonqulova Rustam Inoyatovni ko‘rsatish haqida rasmiy taqiq bo‘lmaganini aytadi.

Bunday taqiq yo‘qligi boisi esa¸ suhbatdosh ta‘kidicha¸ jurnalistlarning Rustam Inoyatov va uning MXXchilari yaqiniga borish¸ demakki¸ ularni ko‘rish¸ gaplashish¸ suratga olish imkonidan mutlaq mahrum ekani bilan izohlanadi:

- Bizga faqat Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni ko‘rsatmaslik haqida buyruq berilgan edi. Mirziyoyev qatnashgan hukumat majlislari haqida tayyorlangan xabar va dasturlardan uning tasvirini kesib tashlab¸ ustini yopardik. Inoyatov haqida bizga hech narsa aytilmagan¸ aftidan¸ rahbariyat bu shaxs va uning tashkiloti bilan ishlash qoidalarini yaxshi bilgan - jurnalist zoti ular yoniga yaqinlashgan emas. U boradigan joylar¸ o‘tkazadigan yig‘in va majlislar jurnalistlar uchun taqiqlangan hududdir. Shaxsan men¸ Inoyatovni na uzoq va na yaqindan ko‘rgan emasman¸ deydi Malohat Eshonqulova.

Rustam Inoyatovning jamoatchilik ko‘zidan mutlaq bekitilishi esa¸ maxfiy tashkilot va uning raisidan qo‘rqish hissini yanada kuchaytirish maqsadida qilinsa kerak¸ deb taxmin qiladi bu suhbatdosh.

Rais o‘yin qoidasini yaxshi bilganidan ko‘rinish bermaydi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti Ikrom yoqubov Rustam Inoyatovni jamoatchilik ko‘zidan panada saqlash tashabbuskori aynan MXX raisining o‘zi ekanini aytadi:

- Raisning shaxsiy tashabbusi bilan Rustam Inoyatovning rasmi yoki bergan intervyulari jamoatchilikka ochiq ko‘rsatilmas edi. Bilishimcha¸ rais o‘zi uch marta televideniyega intervyu bergan va ulardan birortasi ko‘rsatilgan emas. Inoyatovning o‘zi soyada qolishni afzal ko‘rardi. Eski kommunistik tizimda ishlab kelgan rahbarlar orasida shunaqa yozilmagan qonun bor - ommaviy axborot vositalarida faqat birinchi shaxs ko‘rsatilishi kerak. Kimning nima qilib¸ qayerda ko‘rinish bergani to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga yetkaziladi va uning jig‘iga tegadi. Prezidentda men turganda boshqalarning ommaviy axborot vositalariga chiqishi mumkin emas¸ degan g‘oya bor va Rustam Inoyatov buni juda yaxshi biladi¸ deydi MXX sobiq zobiti Ozodlik bilan suhbatda.

O‘yin qoidasi nega buzildi?

14-15 oktabr kunlari Xitoy va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari MXX raisining Xitoyga safari haqida xabar tarqatdi va uning o‘z hamkasbi bilan jilmayib qo‘l ushlab turgan mahobatli suratini e‘lon qildi. Bu yangilik va surat darhol Rossiya matbuotida ham tarqadi.

Odatda faqat prezident safarlari va prezident uchrashuvlari haqida yangilik tarqatuvchi Xitoy va O‘zbekiston nashrlari Rustam Inoyatovning Pekin rasmiylari bilan muloqot chog‘ida terrorchilikka qarshi birgalikda kurashni mustahkamlash va xavfsizlikni ta‘minlashda o‘zaro hamkorlikni uzluksiz rivojlantirish masalalarini muhokama qilganini yozdi.

Yozilmagan o‘yin qoidalaridan bunday chekinish Inoyatov ixtiyori bilan bo‘ldimi¸ yoki aksincha?

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Ikrom yoqubov¸ buni mahalliy jamoatchilik emas¸ Rossiya boshqaruviga yuborilgan nozik signal deb baholaydi:

- Rustam Inoyatovning Xitoyga borishi va xitoylik hamkasbi bilan suratining ochiq e‘lon qilinishi bu general-polkovnik Rustam Inoyatovning prezident Karimov bilan kelishib qilgan harakati deb bilaman. Men buni ko‘proq Rossiyaga yuborilgan signal deb qabul qildim. Taxminimcha¸ yo Karimov qaysidir bir masalada Rossiya bilan kelisha olmayapti¸ yoki qaysidir xavfsizlik masalasi ustida Rossiya bilan kelishish arafasida turibdi. Inoyatovni Xitoyga jo‘natib¸ bu haqda xabar tarqatishdan maqsad¸ Rossiyaga "agar sen bo‘lmasang¸ Xitoy bor"¸ deyishdir.

Saylovlar yaqinlashayapti va Karimov hokimiyatni birovga berib qo‘yadigan odam emas. Xitoy orqali Rossiyani jazavaga solish avval ham bo‘lgan. 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng Karimov yugurib birinchi Xitoyga bordi va Xitoydan qandaydir va‘dalar oldi¸ keyin Rossiya tarafidan qabul qilindi. Hozirgi vaziyatda Karimov uchun muhim savol Rossiya¸ Putin o‘zining yana prezidentlikda qolishiga qanday munosabat qilishini aniq bilishdir. Agar O‘zbekistondagi xavfsizlik vaziyatini izdan chiqarishi mumkin bitta o‘yinchi bo‘lsa¸ u ham Rossiya. Shuning uchun saylovlar oldidan Rossiyaning o‘z rejasiga qanday qarashini bilish Karimov uchun juda muhim. Shu maqsadda u Xitoy orqali Rossiyaga nozik signal yuboryapti¸ deb o‘ylayman¸ deydi MXX sobiq zobiti Ikrom yoqubov.

XS
SM
MD
LG