Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:40

Gulnora Karimova PRchilari unga odil sudlov istamoqda


Gulnora Karimova o‘z vaqtida Yevropa tergov idoralari savollariga javob berish imkonidan foydalanmagan.
Gulnora Karimova o‘z vaqtida Yevropa tergov idoralari savollariga javob berish imkonidan foydalanmagan.

Gulnora Karimova hamon uy qamog‘ida qolmoqda. O‘zbekiston prezidenti qizining Londondagi vakili Loksli Rayan seshanba kuni ana shu mazmundagi bayonotni OAVga tarqatdi. Davidson Ryan Dore PR firmasi vakili, jumladan, Ozodlikka yuborgan bayonotda aytilishicha, Gulnora Karimova mamlakatni tark etgani haqidagi xabarlar jamoatchilikni chalg‘itish maqsadida tarqatilmoqda. O‘zbekiston va xorijda jiddiy jinoyatlarda ayblanayotgan Gulnoraning PRchilari Internetda ham uning himoyasiga qaratilgan kampaniya boshladi.

Davidson Ryan Dore PR firmasi vakili Loksli Rayan 14 oktabr kuni tarqatgan bayonotda iddao qilinishicha, go‘yo yaqinda Gulnora Karimova uy qamog‘idan ozod qilingani va mamlakatni tark etgani haqida paydo bo‘lgan xabarlar haqiqatdan yiroqdir.

“Gulnora Karimovaning hamon O‘zbekistonda uy qamog‘ida qolayotgani va fevral oyidan beri tashqi dunyo bilan deyarli aloqa qila olmayotganini tasdiqlashim mumkin. U va u bilan birga ushlab turilgan 16 yoshli qizi hamon shoshilinch tibbiy yordamga muhtojdir. Gulnora ozod etilganiga doir har qanday xabarlar haqiqatga mos emas va chalg‘itishni maqsad qilgan”, deyiladi Loksli Rayan tarqatgan bayonotda.

Gulnora Karimova mamlakatni tark etgani haqidagi iddaolar o‘tgan hafta muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq harakati saytida paydo bo‘ldi. “Usmon Haqnazarov” taxallusi bilan tanilgan virtual muallifning navbatdagi maqolasida prezident qizining go‘ë 10 sentabr kuni Moskvaga uchib ketgani iddao qilingan.

O‘tgan oy O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “uyyushgan jinoiy guruh”ga aloqadorlikda ayblanayotgan prezident qizining uy qamog‘ida qolayotganiga ishora qilganiga qaramasdan, Londondagi PR firmasi ham kutilmaganda Gulnora Karimovaning uy qamog‘ida ekanini eslatmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 23 sentabr kuni jurnalistlar savollariga javob tariqasida e‘lon qilgan xabarnomada Gulnora Karimovaga nisbatan tergov ishlari davom etayotgani bildirilgan edi. Juranlistlarning prezident nabirasi Imon Karimova onasi Gulnora bilan uy qamog‘ida qolayotganiga doir xabarlarni izohlash so‘roviga prokuratura vakillari “Karimova Imonning tergov qilinayotgan jinoyat ishlariga umuman aloqasi yo‘q. Demak, Bosh prokuratura yoki boshqa huquq-tartibot va sud organlari tarafidan uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash bilan bog‘liq protsessual choralar, jumladan harakat erkinligi cheklanishiga doir choralar qo‘llanilgani yo‘q”, deya javob berdi.

Prokuratura bayonotidan sal avvalroq uning uy qamog‘ida harbiy soqchilar bilan tortishayotgani tasvirlangan rasmlarni tarqatgan Davidson Ryan Dore PR firmasi vakilining navbatdagi bayonotida “o‘z siyosiy maqsadlarida Gulnorani uy qamog‘ida ushlab turgan shaxslar butun dunyo bo‘ylab va O‘zbekistonning o‘zida Gulnoraning odil sud oldida javob berishini talab qilayotgan odamlar bosimi ostida sarosimaga tushib qolgan ko‘rinadi”, deya iddao qiladi.

Loksli Rayan, Ozodlik bilan suhbatda, Gulnorani ushlab turgan shaxslarning siyosiy maqsadlari va ular nimadan qo‘rqayotganini aniq bilmasligini e‘tirof etdi, lekin prezident qizi atrofidagi hodisalar O‘zbekistonda saylovlar arafasida sodir bo‘layotganini yana bir bor eslatdi:

- Ularning maqsadi nima ekanini bilmayman. Boshidan aytib kelayotganimizdek, Karimova xonim fevral oyidan beri uy qaomg‘ida tutib turilgan bo‘lsa-da, unga nisbatan haqiqiy bosim saylovlar oldidan boshlanayotgani g‘ayrioddiy tasodifdir, deydi PR firmasi vakili.

Gulnora Karimova muammolari saylov oldidan boshlandi, degan iddaolar biroz qulog‘idan tortilgan, demoqda kuzatuvchilar. Chunki O‘zbekiston rahbarining qizi yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora olgani, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarni yuvganiga doir ayblovlar 2012 yilda paydo bo‘lgan.

Bundan tashqari mustaqil O‘zbekiston tarixida birorta saylov oldidan bu kabi hodisalar kuzatilmagan. Siyosiy kuchlar o‘rtasida hech qanday raqobat kuzatilmaydigan saylovda Gulnora Karimova yoki boshqa shaxsning jinoiy javobgarlikka tortilglani hal etuvchi rol o‘ynaydi deyish qiyin.

Davidson Ryan Dore PR firmasi vakili bu haqda mulohaza qila olmasligi, faqatgina Gulnora Karimovaga Yevropada odil sud oldida javob berish imkoni yaratilishini istashini aytadi:

- U, ya‘ni Gulnora Karimova hal etuvchi figura, deb ko‘rilmayotganiga umid qilaman. Biz faqtagina agar unga Shveytsariya yoki Shvetsiyada savollar bo‘lsa, Karimovaga bu savollarga javob qaytarish imkoni berilishini so‘rayapmiz. Savollarga javob qaytarish imkoni berilmasdan, unga nisbatan iddaoli ayblovlarning qo‘yilayotgani, menimcha nomaqbuldir. Unga xalqaro advokatlar bilan uchrashish imkoni berilishi so‘rayapmiz xolos. Undan keyin qonuniy sud uning aybdor yoki aybsiz ekanini hal qilishi mumkin, deydi Loksli Rayan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “uyushgan jinoiy guruh”ga aloqadorlikda ayblayotgan Gulnora Karimova Shvetsiya, Shveysariya, Fransiya, Hollandiya, Litva kabi Yevropa mamlakatlarida ham korruptsiya va pul yuvish jinoyatlarida gumon qilinmoqda.

O‘tgan yilning oxirida g‘arb matbutiga bergan intervyusida Gulnora Karimova bu ayblovlarni o‘ziga qarshi dushmanlarning fitnasi, deya atagan edi. U Yevropada jinoyat ishlari ochilgan 2012 yildan to O‘zbekistonda joriy yil boshida jinoyat ishi ochilguniga qadar Shveysariya yoki Shvetsiya huquq-tartibot idoralari savollariga javob berish imkonidan foydalanmadi.

Davidson Ryan Dore PR firmasi Gulnora Karimova nohaq uy qamog‘ida ushlab turilibdi mazmunidagi bayonotlarni tarqatish barobarida Internetda FreeGulnaraNow (Gulnorani darhol ozod qiling) kampaniyasini ham boshladi. Loksli Rayan mazkur kampaniya prezident qizining dunyoning turli mamlakatlar, jumladan O‘zbekistondagi ko‘plab yaqinlari va do‘stlari yordamida olib borilayotganini iddao qilmoqda.

Gulnora Karimova o‘tgan yilning kuzida O‘zbekistonda bosimga uchray boshlaganidan keyin uning atrofida bo‘lganlar ham g‘oyib bo‘ldi. Gulnoraning nohaq bosimlarga uchrayotgani, qiyin ahvolda qolgani to‘g‘risida prezident qizining o‘zi, o‘g‘li va Londondagi PR firmasidan tashqari hech kim ochiqchasiga gapirayotgani kuzatilganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG