Линклар

Xorijga chiqayotgan o‘zbekistonliklar orasida OITS ko‘paymoqda. Xonanda Lola Yo‘ldoshevaning yarim yalang‘och surati internetda duv-duv gap bo‘ldi. Namanganda millionlarni o‘margan elektr korxonasi rahbarlari qo‘lga tushdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“O‘zbek tilini buzganlarga nega jazo berilmaydi?”

O‘zbek tiliga e‘tiborsizlik kuchayib borayotganiga qaramay, faqat 21 oktabr sanasi yaqinlashgandagina ushbu masalaga e‘tibor qaratilmoqda, qolgan vaqtda esa til qayg‘usi unutilmoqda (“Oila davrasida”, 16 oktabr).

“Modomiki, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi ahamiyatini oshirmoqchi ekanmiz, avvalo, ona tili haqida oktyabrda o‘ylaymiz degan qarashimizni o‘zgartirishimiz shart. Chunki bu o‘zimizga g‘irt hurmatsizlik”, deb yozadi gazeta.

Nashr o‘zbek tilining qoidalari qo‘pol buzilishiga doir bir qator misollar keltiradi.

“Agar kommunal to‘lovlarni to‘lamasangiz, darrov suddan chaqiriq qog‘ozi keladi, penya ham hisoblanadi. Biror binoni o‘z-o‘zidan borib bir g‘ishtini qo‘porsangiz, mahkamaga tortilasiz... Biroq O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni talablarini buzayotganga, xalq va davlat tilini mensimayotganlarga, millat ma‘naviyatiga zarar yetkazayotganlarga kim chora ko‘radi?” deb yozadi “Oila davrasida” nashri.

“Xorijga chiqayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida OITS ko‘paymoqda”

Xorijda ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida OITS (SPID) ko‘rsatkichi oshmoqda (“Hurriyat”, 15 oktabr).

Respublika OITSga qarshi kurash markazi rahbari Otabek Nurmatovga ko‘ra, 2012 yilda xorijda ishlab kelgan fuqarolar orasida OITSga chalingan 272 nafar bemor aniqlangan. 2013 yilda esa bu ko‘rsatkich 418 nafarni tashkil qilgan.

2014 yilda OIV infektsiyasini yuqtirganlarning 53,6 foizi erkaklar, 46,4 foizi ayollar bo‘lgan. 2013 yilda respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan bemorlarning 58,4 foizi jinsiy aloqa orqali, 27,8 foizi parenteral (teri va shilliq qavatlar) yo‘l bilan, 13,8 foizi vertikal yo‘l bilan kasallikni yuqtirgan.

“Farg‘onada besh nafar bojxona ofitseri pora ortidan uzoq muddatga qamaldi”

Farg‘onada bojxona ofitserlari – J.Boymatov, Q.Qodirov, M.Mo‘ydinov, S.Hasanov va A.To‘ychiyevlar poraxo‘rlik jinoyatida aybdor deb topildi (“Huquq”, 16 oktabr).

Bojxonachilar davlat foydasiga musodara qilingan tovarlarni maxsus do‘konga topshirib, do‘kon egasidan mahsulot narxining o‘n foizi miqdorida pora olib kelgan.

Shu tariqa 2012-2014 yillar davomida J.Boymatov 28,8 million so‘m, Q.Qodirov 20,6 million so‘m, S.Hasanov 24,2 million so‘m, M.Mo‘ydinov 14,3 million so‘m va A.To‘ychiyev 1,9 million so‘m pora olgan.

Sud bojxonachilarni leytenant, kapitan kabi unvonlardan, shuningdek, bojxona idoralarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etgan. Pora tariqasida olingan pullarni esa davlat foydasiga undirish tayinlangan.

“Namanganda elektr korxonasi rahbarlari mijozlarni to‘nash bilan shug‘ullanib kelgan”

Namangan viloyati Mingbuloq tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Abdulqosim Rahimov mijozlarni to‘nash, davlat mablag‘larini talon-taroj qilishda ayblandi (“Diyonat”, 16 oktabr).

Korxona rahbari fuqarolardan transformator o‘rnatib beraman degan va‘da bilan katta miqdorda pul olgan. Masalan, fuqaro R.Jumaboyevdan shunday va‘da bilan 2000 dollar va bir million so‘m olib, o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan. Rahimov, shuningdek, korxonaga tegishli 33,7 million so‘mlik mulkni o‘zlashtirgan.

Elektr korxonasi rahbari 5 yilu 2 oy ozodlikdan mahrum etilgan hamda 13,4 million so‘m jarimaga tortilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tumani sudi raisi Azamat G‘apporovga ko‘ra, ushbu ishga daxldor tuman elektr korxonasi bosh muhandisi va bo‘lim boshliqlari T.Isaqov, A.Yusupov, O‘.Jamoldinov, Sh.Saydullayev, O.Mirzayevlarga ham axloq tuzatish jazosi tayinlangan.

“Sarimsoqdan banan arzonroq”

Toshkent bozorlarida vitaminli meva va sabzavotlar narxi oshib ketmoqda (“Noviy vek”, 16 oktabr).

Masalan, na‘matakning bir kilosi 9 ming, sarimsoqpiyoz 10 ming, limon 15 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Mamlakatga chetdan keltiriladigan bananning kilosi esa 5-7 ming so‘mdan sotilmoqda.

Gazetaga ko‘ra, narx oshishiga olibsotarlar ham katta hissa qo‘shmoqda. Shu munosabat bilan “Toshbozortayyorlovsavdo” uyushmasi mutasaddilari savolga tutiladi.

“Xonanda Lola Yo‘ldoshevaning yarim yalang‘och surati internetda duv-duv gap bo‘ldi”

O‘zbekistonlik xonanda Lola Yo‘ldoshevaning ijtimoiy tarmoqqa joylangan yarim yalang‘och surati qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi (“Darakchi”, 16 oktabr).

Asosan tanqidlarga uchragan suratda Lola Yo‘ldosheva gaz plitasi yonida o‘tirib, yalang‘och sonlariga termulgan holatda aks etgan. “Eeeee, Lola ham aynibdi” deya munosabat bildirgan ushbu suratga Mirzo ismli foydalanuvchi.

Xonanda Manzuraning shu kabi surati ham tanqidlarga uchragan. Ayni paytda, Dilfuza Xon ismli foydalanuvchi Manzuraning ochiq-cochiq kiyinishini “Gap yo‘q” deb baholagan.

“Masalan, bula (eri yoki yigiti nazarda tutilmoqda) maniyam shunaqa kiyinishimmi xohlilla. Ochu-cochumi, glavniy ko‘ngil toza bo‘sin”, deb yozgan Dilfuza Xon ismli foydalanuvchi.

“Qozog‘istondan raketa uchirilishi O‘zbekistondagi ob-havoga ta‘sir etadimi?”

Xalq orasida ob-havo keskin ravishda o‘zgarishiga raketa uchirilishi sabab bo‘ladi degan qarash bor. Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Muhammadmuso Mamadazimovga ko‘ra, Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilgan raketa O‘zbekiston ob-havosiga ta‘sir etmaydi (“O‘zbekiston ovozi”, 16 oktabr).

Kosmik raketa 10-15 kilometr radiusdagi ob-havoga ta‘sir etishi mumkin, xolos. Ammo bulut, tuman qoplamalariga sun‘iy ta‘sir etish maqsadida uchirilgan maxsus raketalar albatta ob-havoni o‘zgartiradi.

XS
SM
MD
LG