Линклар

Joriy yilning 13 avgust kuni Sankt-Peterburg shahrida bedarak yo‘qolgan va keyinchalik O‘zbekistonga olib ketilgani xabar qilingan “Yoshlar” harakati rahbari va Muhojirlarni o‘qitish mintaqaviy markazi boshlig‘i Maxsud Abdujabborovning qamoqdan chiqqani ma‘lum bo‘ldi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishi taqiqlangan huquq faoli ozodlikka chiqarilganidan so‘ng Samarqand shahrida yashaydigan akasi oldiga kelgan.

Ozodlikning ismi sir qolishni so‘ragan manbasi barcha tafsilotlarni bilmasa-da, Maxsudning Toshkent tergov izolyatoridan chiqqaniga amin ekanini xabar qildi:

- U hozirda Samarqandda, o‘z ishlari bilan mashg‘ul. Sog‘ligi durust, huquq-tartibot organlari bilan muammolari hal etildi, deb o‘ylayman. Uning Rossiyadan o‘g‘irlab ketilgani, deportatsiya qilingani to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ham haqiqat. Ammo uning nima shartlar asosida qo‘yib yuborilgani, uning hozirgi maqomi qanaqa, nima asosda u olib ketildi va nima ayb qo‘yilgan edi – bular haqida mutlaqo ma‘lumotga ega emasman. U hozircha bu haqda gapirmaslikni ma‘qul ko‘rmoqda. Nima bo‘lganda ham, uning olib ketilishi va nimadadir ayblanishi juda katta anglashilmovchilik. Kerak bo‘lsa, vaqti kelib o‘zi xabar berar, dedi suhbatdosh.

Manba, shuningdek, Maxsud Abdujabborovning Rossiyaga yaqin orada kela olishiga ham shubha bildirib, huquq faoli FMS boshqarmasining tushunarsiz qarori bilan 2016 yilgacha deportatsiya qilinganini eslatdi.

Sankt-Peterburg shahrida “Yoshlar” harakati rahbari va Muhojirlarni o‘qitish mintaqaviy markazi boshlig‘i Maxsud Abdujabborov 12 avgust kuni kechki payt Moskvaga jo‘nab ketganidan so‘ng yaqinlari bilan aloqaga chiqmadi.

14 avgust kuni Maxsudning rafiqasi erining qo‘l telefoniga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilgan va nihoyat, unga javob bergan noma‘lum shaxs Maxsud Krasnoye Selo shahridagi Xorij fuqarolarini saqlash markaziga olib borilgani, keyin uni o‘sha kuniyoq ertalabki soat 7:30 larda xorijiy rusumdagi avtomobilda noma‘lum manzilga olib ketishganini bildirgan edi.

Yaqinlari 18 avgustga kelib Krasnoye Selo maxsus priyomnigidan "uning allaqachon deportatsiya qilingani” haqida javob olishga muvaffaq bo‘ldi.

Keyinroq Rossiya Migratsiya xizmati rasmiylari Maxsud Abdujabborovni 14 avgust kuni Sankt-Peterburg shahrining “Pulkovo” aeroportidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotida vataniga jo‘natib yuborilganini ochiqladi.

Rossiya Migratsiya idorasining o‘tgan yil 19 sentyabrda Maxsud Abdujabborovni 2016 yil sentabr oyiga qadar Rossiyaga kiritmaslik haqida qaror chiqargani ma‘lum bo‘ldi.

Maxsud Abdujabborovning yaqinlari va do‘stlari uning O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilganini deb gumon qilmoqda.

36 yashar Maxsud o‘z so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab o‘zbek diasporalari, O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi faoliyatini jiddiy tanqid qilib kelayotgan edi.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar himoyasi bilan shug‘ullangan Maxsud Federal migratsiya xizmati va politsiya idoralarining muhojirlarga qarshi olib borayotgan “kurash” usullarini qoralab kelgan.

Xususan, Ozodlik orqali qilgan so‘nggi chiqishlaridan birida u Sankt-Peterburgdagi “Yoshlar” harakati faollari 4 yil ichida turli sabablar bilan Rossiyadan yurtiga o‘ligi yuborilgan o‘zbekistonliklar soni 48 ming 674 kishiga yetganini qaydga olganini ochiqlagan edi.

XS
SM
MD
LG