Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:52

Hukumat Skype, WhatsApp, Viber kabi xizmatlarni to‘sib qo‘ymoqda


O‘zbekistonda Skype, WhatsApp, Telegram, Viber, Mail.Ru agent kabi xizmatlar orqali ovozli muloqot qilishda muammolar kuzatilmoqda. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, davlatga qarashli “O‘ztelekom” aloqa shirkati bu xizmatlar faoliyatini blok qilishga harakat qilmoqda. Bu xizmatlardan foydalanayotgan abonentlar yozuvli xabarlar bilan almashishi mumkin, lekin bir-biri bilan gaplashish imkoni bo‘lmayotganidan shikoyat qilishmoqda.

O‘tgan haftadan beri Skype, WhatsApp, Telegram, Viber, Mail.Ru kabi VoIP internet-telefon xizmatlaridan o‘zbekistonlik abonentlar foydalana olmayapti.

Internet-telefon vositasida gaplashmoqchi bo‘lib bir-biri bilan bog‘langan abonentlar bir necha soniyadan ortiq gaplasha olmayotganlaridan shikoyat qilishmoqda. O‘zbekistonliklarning Ozodlikka aytishicha, dastlabki soniyalardan keyin aloqa sifati gaplashayotganlar bir-birini tushunmaydigan darajada tushib ketmoqda.

“Rostdan ham muammo bo‘layapti. Hozir tekshirib ko‘rdim. 7 sekunddan keyin na uning ovoz, na sizning ovozingiz eshitiladi. Viber ham shunaqa bo‘layapti. Lekin aloqa uzilmaydi, chunki Internet bor”, deb yozdi Ozodlik mushtariylaridan biri 16 oktabr kuni.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, mazkur ovozli xizmatlar O‘zbekistonda internet va telefon aloqasini nazorat qiladigan davlatga qarashli “O‘ztelekom” shirkati tarafidan maxsus to‘sib qo‘yilmoqda.

Uznews.net nashrining “Sharq Telekom” Internet provayderidagi o‘z manbasiga tayanib yozishicha, bu xizmatlarni to‘sish aynan “O‘ztelekom” tarafidan amalga oshirilmoqda. Tashqi telefon va internet-trafik to‘laligicha davlatga qarashli bu idora nazoratidadir. “Bunda qaysi texnologiyalardan foydalanyotganini aniq ayta olmayman, lekin ovozli trafikni aynan “O‘ztelekom” blok qilayotganini ishonch bilan ayta olaman”, deya iqtibos keltirdi nashr intrenet mutaxssis so‘zlaridan.

Ozodlikning informatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassisi Glenn Keyts VoIP internet telefon xizmatlarini to‘sish juda oson deydi:

- Hozir kunda bu sohada katta tajriba bo‘lgani uchun bunday xizmatlarni to‘sish osonlashib qolgan. Bundan tashqari bir narsani e‘tiborga olishingiz kerak. Masalan, O‘zbekiston bugun Skype xizmatini to‘sib qo‘ymoqchi bo‘lsa, buni birdaniga amalga oshirmaydi. Ular buni avvaldan o‘ylab qo‘ygan bo‘lishi kerak, telekom shirkatlari va Internet provayderlarga, biz aytgan paytda muayan xizmatlarni to‘sib qo‘yasiz, qabilida ko‘rsatma bergan bo‘lishi kerak. Chunki Internet provayderlarning bu xizmatlarga doir protokollari bo‘ladi, ya‘ni oddiy qilib aytganda, ularda alohida sayt yoki xizmatlarni istagan paytda o‘chirib qo‘yish imkoni bor. O‘zbekistonda bu aynan qanday amalga oshirilayotganini aytish qiyin, lekin ularda bu protokollar bo‘lishi kerak, deydi mutaxassis.

O‘zbekistonda Internet xizmatlari davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Ko‘plab mustaqil internet nashrlari hukumat tarafidan to‘sib qo‘yilgani bois xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston rejimini "Internet dushmani", deb e‘lon qilgan.

2011 yil mart oyida O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish davlat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlari va Internet provayderlarga hukumat talabi bilan o‘z tarmoqlarini o‘chirib qo‘yish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Glenn Keytsning aytishicha, avtoritar rejimlar bunday xizmatlarni o‘z maqsadlarida blok qilsa, telekom shirkatlari ham bundan manfaatdor bo‘lishi mumkin:

- Bu vositalarning ko‘pchiligi, ayniqsa, mobil telefonlarda ishlatiladigan dasturlarni telekom shirkatlarining o‘zlari ham to‘sib qo‘yadi. Chunki telekom shirkatlari bunday xizmatlarni yoqtirmaydi. Chunki masalan, siz WhatsApp yoki Viber xizmatidan foydalansangiz, mobil aloqa uchun pul to‘lamaysiz. Shuning uchun o‘tmishda bu xizmatlarni avtoritar rejimlar ham, o‘z mobil xizmatini sizga sotmoqchi bo‘lgan telekom shirkatlari ham to‘sib qo‘yganiga guvoh bo‘lganmiz, deydi Glenn Keyts.

O‘zbekistondagi Ucell mobil aloqa operatori vakili, Ozodlik bilan suhbatda, Skype va Viber kabi xizmatlar maxsus to‘sib qo‘yilayotgani yo‘q, shunchaki aloqa sifatida kamchiliklar bor, deya iddao qildi.

Ozodlik radiosining inforatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassisi ayni paytda foydalanuvchilarning o‘zlari qo‘yilgan to‘siqni aylanib o‘tishi mumkinligini eslatadi:

- Foydalanuvchilar VPN, proksi serverlar yordamida to‘siqlarni aylanib o‘tishi mumkin. Masalan, Skypening sozlash bo‘limiga kirib proksi server orqali bog‘lanishga moslashtirib qo‘yishingiz mumkin.

Skype, WhatsApp, Telegram, Viber, Mail.Ru abonentlarining aytishlaricha, tekstli xabar almashish imkoni hozircha ochiq qolmoqda.

XS
SM
MD
LG