Линклар

Rossiyada oxirgi bir necha oy ichi rubl qadrsizlanishi tufayli o‘zbek muhojirlari daromadlari ham keskin tushib ketdi. Mutaxassislar rubl qadrsizlanishini G‘arb sanktsiyalari va jahon bozorida neft narxining arzonlashishi bilan izohlamoqda.

“Tushunmayapman, nega rubl tushib ketyapti?”

WhatsApp tarmog‘i orqali murojaat qilgan Ozodlik muxlislaridan biri Rossiyada so‘nggi paytlarda dollarning rublga nisbatan keskin oshib ketgani sabablarini tushuntirib berishni so‘radi.

Bir necha yildan beri Moskvada ishlayotganini gapirgan andijonlik suhbatdosh o‘zbekistonliklar o‘z yurtiga faqat dollar hisobida jo‘natayotgani sababli bu o‘zgarishlar “cho‘ntakka” sezilarli ta‘sir o‘tkazmoqda, deydi.

- Tojikiston, Qirg‘iziston fuqarolari uchun dollar zarur ham emas – ular dollarda yubormaydi. O‘zbekiston fuqarolari esa valyuta kursi bo‘yicha dollar yuboradi. Dollar esa Markaziy bankda kundan-kunga o‘sib bormoqda: Moskvada 40 rubl tiyini bilan bo‘lsa, oblastlarda 41 dan yuqori. Oldin 35 ming rublga 1000 dollar jo‘natilayotgan bo‘lsa, hozir 40-41 ming bo‘lyapti. Oylik oshgani yo‘q, dollar oshib bormoqda. Dollar nima uchun o‘syapti? Ukrainadagi voqealar tufaylimi yoki Amerikami...? Shuni aniqlashtirmoqchi edim, deydi savol bergan muhojir yigit.

Darhaqiqat, so‘nggi bir necha oy davomida Rossiyada rubl qadrsizlanish templari bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi va 20% etdi. Rossiya Banki birgina oktyabr oyi boshidan buyon rubl kursi 6 foizga tushganini e‘lon qildi va bu ham inqirozning so‘nggi nuqtasi emasligini taxmin qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan yana bir muhojir – samarqandlik Saidahmad, rublning kuchsizlanayotgani sabablarini aniq bilishini aytib, “bu holi holvasi” ekanini ta‘kidladi.

- Menga ham sezilayapti: avval 600 dollar yuborardim uyga, hozir 600-700 dollarim 500 dollarga aylandi. Bu Yevropa, Amerikaning Rossiyaga qilgan sanktsiyalariga bog‘liq. Bu Rossiyaning Ukrainaga qo‘llagan noto‘g‘ri siyosati, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, bu sanktsiyalar oxir-oqibat muhojirlarga bundan-da ko‘proq ta‘sir qilsa kerak, deb o‘ylayman, bu holi holvasi, lekin hamma davlatlar erkinlikka erishi orzusida yashaydi va shunaqa bo‘ladi baribir, deydi demokratiya butun dunyoda g‘alaba qozonishiga ishongan Saidahmad.

“Rus rubli neftga bog‘lanib qolgan”

Aksar kuzatuvchilar 16 oktabrga kelib rubl kursining dollarga nisbatan 41 ga yetishi, yevroning esa 52 dan oshganini Rossiya iqtisodining neft va gaz savdosiga qaram bo‘lib qolgani bilan izohladi.

Rossiya Markaziy Banki rahbariyati rublni muvozanatga keltirish uchun jahon bozorida vaqti-vaqti bilan katta miqdorda dollar va yevro sotayotganini bildirdi: ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra so‘nggi uch kunda Rossiya Markaziy Banki rublni ushlab turishga mamlakat zahiralaridan 1,75 mlrd dollar sarflagan.

Rossiya Markaziy Banki rahbari Elvira Nabiullina “qora oltin”ga bo‘lgan narxlar tushishi yaqin orada tugashi va rubl ham uning ortidan o‘z qadrini tiklab olishini va‘da qildi. Mamlakat Moliya vaziri Anton Siluanov esa 2015 yildan boshlab Rossiya Markaziy Banki rubl qadrini oltin zahiralari hisobiga ushlab turishni to‘xtatishini ma‘lum qildi.

Biroq tahlilchilar katta miqdorda valyutaning mamlakatdan chiqarilayotgani, xorijiy sarmoyadorlarning Rossiya iqtisodiyotiga ortiqcha mablag‘ kiritishga ikkilanib qolgani va G‘arb davlatlarining Ukraina masalasida Kremlga nisbatan sanktsiyalar siyosatini qo‘llashni davom etishi Rossiyada yuzaga kelayotgan jiddiy iqtisodiy inqirozning hali anchaga cho‘zilishini ta‘kidlamoqda.

Rublning qadrsizlanishini neftga bog‘liq ekanini e‘tirof qilgan BKS moliya guruhi bosh iqtisodchisi Vladimir Tixomirov Ozodlik bilan suhbatda bu holatni nafaqat sanktsiyalar, balki boshqa qator omillarga ham bog‘ladi:

- Odatda, 3-kvartal oxirlari – 4 kvartal boshlarida neft narxi doimo pasayib kelgan, chunki avtomobilda yurish fasli bo‘lgan yoz tugadi, ammo qishga tayyorgarlik bilan bog‘liq shov-shuv hali boshlanmadi. Shuningdek, global iqtisodiyot tiklanishi sekinlashayotgani, Osiyoda, xususan Xitoyda esa o‘sish sur‘atlari umuman pasayib ketgani yonilg‘i xom-ashyosiga bo‘lgan talabning keskin tushishiga ham olib kelmoqda. Dollarning oshishiga jahon bozoridagi moliya va jamg‘arma birjalaridagi dinamikaning tushishi ham o‘z ta‘sirini ko‘rsatmoqda, deya fikr bildirdi tahlilchi Vladimir Tixomirov.

"Serix Kepital Menedjment" sarmoya kompaniyasi tahlil bo‘limi boshlig‘i Nikolay Podlevskix esa neft mahsulotlari narxlarining tushib ketishiga ilgari muammoli sanalgan Iroq, Liviya mamlakatlaridan bo‘lgan taklif oshib borayotgani ta‘sir qilayotganini aytadi.

Tahlilchi neft va gazga bog‘lanib qolgan Rossiya allaqachon byudjet taqchilligiga yuz tutayotgani va ayrim sohalarga mablag‘larning yetishmasligi oddiy rossiyaliklar hisobiga qoplanishiga ishonishini bildirdi:

- Neft-gaz daromadlari byudjetning asosiy qismini tashkil etadi. Undan chiqdi, biz allaqachon byudjet taqchilligiga egamiz. Shu sababli, avvaliga arzimas sohalarga ajratmalar qirqiladi, keyin esa jiddiyroqlari. Axir Rossiya retsessiya holatiga tushmaslik uchun uning sotilayotgan Urals markali nefti 100 dollardan pastga tushmasligi kerak, deydi o‘tgan sentabr oyida Urals ning har bir barreli o‘rtacha 95 dollar atrofida sotilganini ta‘kidlagan Nikolay Podlevskix.

Boshqa tomondan, ekspertlar so‘nggi vaqtlarda AQShda neft qazib olish hajmi oshgani, ilgari bu mamlakatga yetkazilayotgan neftning jahon bozoriga arzonroq narxda chiqarilishiga olib kelganini ham ehtimoldan xoli qilmaslikni so‘ramoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG