Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:02

Samarqandda maktab o‘quvchilari ommaviy tarzda paxtaga chiqarilmoqda


Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimoqsoq qishlog‘ida maktab bolalari paxtada. 14 oktabr 2014 yil.
Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimoqsoq qishlog‘ida maktab bolalari paxtada. 14 oktabr 2014 yil.

Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki singari obro‘li tashkilotlar O‘zbekistonda bolalar mehnati yo‘q deb iddao qilayotgan bir paytda, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini paxtaga chiqarish holatlari kuzatilmoqda. Ozodlik Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi bir necha maktab yuqori sinf o‘quvchilarining dars o‘tmay paxta terimiga safarbar etilgani faktini tasdiqladi. Mobil muxbirlarimiz bolalarning paxta terayotgani aks etgan suratlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi bir necha maktabning 8-9- sinf o‘quvchilari 14 oktabrdan boshlab butunlay paxta terimiga safarbar etildi.

Ozodlikning mobil muxbiri Payariq tumanning Eshimoqsoq qishlog‘idagi paxta dalalarida paxta terayotgan maktab o‘quvchilarining suratlarini Ozodlikka taqdim etdi.

Bu suratlarda 14-15 yoshli maktab o‘quvchilarining paxta terayotganligi aks etgan.

Ozodlik bu voqeani surishtirish jarayonida Payariq tumanidagi boshqa maktablar o‘quvchilarining ham paxta terimiga chiqqan-chiqmaganligi bilan qiziqdi.

Payariq tumanining Xalqobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasining aytishicha 72-umumta‘lim maktabining 8-9 sinflari ham paxtaga to‘laligicha safarbar etilganiga uch kun bo‘lgan:

“14 oktabrdan boshlab maktabning yuqori sinf o‘quvchilari dars o‘tmay paxtaga yuborilmoqda. Mening o‘g‘lim ham 9-sinfda o‘qiydi. Uch kundan buyon ertalabdan paxta terimiga ketmoqda. Borma desam, o‘qituvchimiz urishadi, deb ketayapti”, dedi manba.

Bu manba yordamida 72-umumta‘lim maktabining 15 yoshli o‘quvchisini topib suhbatlashganimizda, u hozirgina daladan kelgani va 6-7-sinf o‘quvchilari ham terimga chiqqanini aytdi:

- Mana hozir paxtadan keldim, 20 kilo paxta terib keldim.

Ozodlik: Necha kundan buyon paxta teryapsizlar?

- Ikki kun bo‘ldi. Bugun uchinchi kun.

Ozodlik: Dars bo‘lmayaptimi.

- Yo‘q, dars o‘tmayapmiz, hamma paxta teryapti.

Ozodlik: Nechanchi sinflar?

- 8,9 sinflar chiqdi. Bugun 6-7 sinflar ham chiqdi.

Ozodlik: Paxta terish yaxshimi yoki dars o‘qish?

- Iye, dars o‘qish yaxshida, dedi o‘quvchilardan biri.

Ozodlik manbalarining aytishicha, tumandagi boshqa maktablar yuqori sinf o‘quvchilari ham paxta terimiga safarbar etilgan.

Payariq tumani Xalq ta‘limi bo‘limi mudiri O‘ktam Narimonov maktab o‘quvchilarining nima sababdan paxta terimiga safarbar etilayotgani haqidagi savolimizni diqqat bilan tinglab bo‘lgandan so‘ng go‘yoki boshqa eshitmayotganday “alo, alo” dedida telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Mudir bilan qayta bog‘lanishga qilgan harakatlarimiz natija bermadi.

18 oktabrda "Samarqand shahar kuni" bayrami o‘tkazilishi mo‘ljallangan. Shu kunga qadar viloyatda paxta topshirish rejasini bajarish uchun, Ozdlik manbalariga ko‘ra, hokimlar o‘quvchilarni ham paxta terimiga olib chiqish haqida maktab direktorlariga og‘zaki farmoyish bergan.

Ayni paytda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i vazifasini ijro etuvchi Navid Hasan Nakvining joriy yilda mamlakat paxtazorlarida bola mehnati kuzatilmagani haqidagi xabarini chop etdi.

Bu xabarda aytilishicha, Jahon banki vakillari sentabr-oktabr oylari davomida Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Buxoro viloyatlarida paxta terimini kuzatganlar:

“Vakillarimiz Xalqaro mehnat tashkilotining 2013 yildagi hisobotida qanday natija qayd qilingan bo‘lsa¸ o‘shanday holatni kuzatdilar. Ular borib ko‘rgan fermer xo‘jaliklari terimchilar bilan tuzilgan shartnoma va ularning pasport nusxalariga ega bo‘lgan. Eng yosh terimchi 19 yoshda bo‘lgan. Hukumat tomonidan bu sohada ancha ish qilinganligi va uning natijalari namoyon bo‘ldi. Bundan tashqari Jahon banki vakillari maktab o‘quvchilarining sistemali tarzda terimga jalb qilinayotgani haqidagi dalillarga ham ega bo‘lmadi”, deyiladi Jahon banki tarqatgan xabarda.

Ayni shuningdek¸ 16 oktabr kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bir oy davomida o‘tkazilgan Milliy monitoring xulosalarini e‘lon qildi va mamlakat bo‘ylab 18 yoshga to‘lmaganlarni paxta terimiga jalb etilayotganini iddao qildi.

XS
SM
MD
LG