Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:10

Zominda paxtaga chiqarilgan 16 yashar o‘quvchi tok urishidan o‘ldi


Behzod Qahhorov avtomobil tashiydigan vagonning ustiga chiqqanida uni tok urgan.
Behzod Qahhorov avtomobil tashiydigan vagonning ustiga chiqqanida uni tok urgan.

Jizzax viloyati Zomin tumani Qishloq xo‘jalik va maishiy xizmat kasb-hunar kollejining paxta terimiga chiqarilgan birinchi bosqich o‘quvchisi Behzod Qahhorov paxta mavsumining navbatdagi qurboni bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan zominlik manbaga ko‘ra, voqea poyezdlar to‘xtab turadigan raz‘ezdda sodir bo‘lgan:

“Kollejning birinchi kurs talabalari ham paxta terimiga chiqarilgan. Zominning To‘rttom degan qishlog‘ida raz‘ezd bor. Kollej o‘quvchilari shu raz‘ezdga yaqin joyda paxta tergan. Mahallamizda yashagan 16 yoshli Behzod degan bola kecha tushdan keyin vagonning ustiga chiqib rasmga tushaman degan. Lekin tepadan o‘tgan elektr toki simiga tegib ketganmi, tok urib yiqilib tushgan. Bola shu joyning o‘zida o‘lib qolgan. Bugun janozasi bo‘ldi. G‘ayratli, sportsmen bola edi, sambo bilan shug‘ullanardi”, dedi zominlik manba.

Zomin tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi voqea temir yo‘l hududida sodir bo‘lgani bois, bu ish bilan Sirdaryo viloyati transport militsiyasi shug‘ullanayotganini bildirdi.

Xovos tumani transport militsiyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi paxta terishga chiqarilgan kollej o‘quvchisi Behzod Qahhorov temir yo‘ldagi elektr tokining urishi oqibatida halok bo‘lganini tasdiqladi:

“1998 yilda tug‘ilgan, Zomin kasb-hunar kollejining birinchi kurs o‘quvchisi Behzod Qahhorov oltinchi raz‘ezdning birinchi yo‘lida avtomobil tashishga mo‘ljallangan vagonning ustiga o‘yinqaroqlik qilib chiqqan. Vagon ustidan o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr tokiga tegib ketishi oqibatida tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Zominlik manbaning aytishicha, terim mavsumi boshlanganidan buyon avval kollejning uchinchi kurs o‘quvchilari, bir haftadan buyon esa birinchi va ikkinchi kurs o‘quvchilari terimga safarbar etilgan:

“Bugun janozada ham odamlar shu paxta odamlar boshiga bitgan balo bo‘ldi, deb gapirishdi. Aytishlaricha, kollej direktoriga tuman hokimi Bahriddin Safarov hammani paxtaga chiqargin¸ deb buyruq bergan ekan. Eshitishimizcha, hokim ishdan olinibdi bugun”, dedi manba.

Ozodlikning Zomin tuman hokimligi telefon raqamlari va hokimning mobil telefoniga qilgan qo‘ng‘iroqlari kun davomida javobsiz qoldi.

Zomin tumanidagi Qishloq xo‘jalik va maishiy xizmat kasb hunar kollejining telefonlari ham javob bermadi.

Paxta terimiga majburiy safarbar etilgan talaba va hasharchilar orasida Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni bu yil o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘paydi.

Behzod Qahhorov fojiasi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta mavsumidagi qurbonlar soni 14 nafarga yetdi.

XS
SM
MD
LG