Линклар

Guanchjouda tuqqan o‘zbek qiz chaqalog‘i bilan ko‘chada qolishi mumkin


Qiz va chaqaloqning britaniyalik blogger suratga olib¸ so‘ngra mahalliy matbuotda tarqagan rasmi.

Qiz va chaqaloqning britaniyalik blogger suratga olib¸ so‘ngra mahalliy matbuotda tarqagan rasmi.

Xitoyning Guanchjou mintaqasida yashovchi asli britaniyalik haonowshaokao taxallusli blogger o‘z rafiqasi bilan ayni kasalxonada tug‘ib¸ chaqalog‘i bilan ko‘chaga haydalish tahdidi ostida qolgan o‘zbekistonlik qiz taqdiridan bong urdi.

Na pasporti¸ na puli va bu shaharda biror yaqini bo‘lgan bu qiz taqdiri kasalxona xodimlari tomonidan tarjimonlik qilish so‘ralgan blogger tashabbusi bilan Guanchjoudagi The Nunfang insider ingliz sayti¸ shuningdek mahalliy matbuot nazariga tushdi.

23 sentabr kuni Guanchjouda tug‘ilgan o‘zbek bolakay.

23 sentabr kuni Guanchjouda tug‘ilgan o‘zbek bolakay.

Ingliz tilidagi mahalliy nashrning yozishicha¸ u yoqdan bu yoqqa tinimsiz yurishdan to‘xtamagani bois bu qiz 22 sentabr kuni Guanchjoudagi Baiyun xalqaro aeroportida videonazorat rasmiylari nazariga tushgan. Qizning homilador¸ boz ustiga to‘lg‘oqda bo‘lgani aniqlangach¸ u darhol Baiyun kasalxonasiga olib kelingan va ertasiga soppa-sog‘lom o‘g‘il tuqqan.

Kasalxona xodimlari yosh ona bilan o‘z imkonlarida bo‘lgan barcha til - kanton (Guanchjou mahalliy lahjasi), ingliz va rus tillarida gaplashishga uringanlar¸ biroq qiz miq etib og‘iz ham ochmagan.

Qaysidir tasodif bilan uning o‘zbekistonlik ekanini ilg‘agan mijozlar orasidagi koreys ayol¸ o‘zbek tanishiga telefon qilib¸ qiz bilan gaplashib berishni so‘ragan.

Shaxsi ochiqlanmayotgan samarqandlik qiz o‘zining boradigan joyi yo‘qligini aytgan.

Shaxsi ochiqlanmayotgan samarqandlik qiz o‘zining boradigan joyi yo‘qligini aytgan.

Bu suhbatdan ayon bo‘lgan narsa¸ qizning asli samarqandlik ekani¸ mart oyida bolaning otasi bilan ajrab ketgani¸ biroq iyun oyida yana unga qaytib¸ birga biznes qilish uchun Guanchjouga kelgani haqidagi hikoya bo‘lgan.

Qizning iddaosicha¸ u Guanchjouda hamma narsasi - pasporti¸ pullari¸ mobil telefonini o‘g‘irlatgan¸ bolaning otasini oxirgi marta 22 sentabr kuni (qiz aeroport xodimlari tomonidan ushlangan kun) ko‘rgan va nima qilib bo‘lsa ham O‘zbekistonga ketish maqsadida tug‘ish arafasida Guanchjou aeroportiga borgan.

Ayni paytda u na o‘zi va na bolaning otasi ismi-sharifini¸ Xitoyga qachon¸ nima maqsadda kelgani¸ narsalarini qachon¸ qayerda o‘g‘irlatganini ochiqlamagan.

Xitoy rasmiylariga bu qiz shaxsini tasdiqlovchi biror hujjati yo‘qligini aytmoqda.

Xitoy rasmiylariga bu qiz shaxsini tasdiqlovchi biror hujjati yo‘qligini aytmoqda.

Aftidan¸ bu sirli qiz taqdiri kasalxonada ancha shov-shuv va xavotirga sabab bo‘lganidan britaniyalik blogger u haqda yozish va qizning O‘zbekistonga qaytishiga yordam berishga qaror qilgan.

"Kasalxondagilar undan pul so‘ramayapti. Ammo tug‘ruqxonada 3-4 kundan ortiq qolish mumkin emasligi bois¸ ular qizni nima qilishini bilmayotgan edi. Oxirgi eshitganim¸ qizning Jingxi Nanfang yoki Baiyun rayonidagi Qizil xoch kasalxonasiga ko‘chirishgani bo‘ldi"¸ deb yozdi britaniyalik blogger ikki kun avval.

Ingliz tilidagi blog va maqoladan so‘ng Guanchjoudagi ayrim xorijliklar qiz va uning bolasiga kiyim-kechak¸ oziq-ovqat¸ hatto O‘zbekistonga ketish uchun biletga pul yig‘ib berish tashabbusi bilan chiqdilar.

Biroq qizning qo‘lida pasporti yo‘qligi bois¸ muammo yechimi faqat Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasi qo‘lida ekani ta‘kidlanmoqda.

Britaniyalik bloggerning yozishicha¸ Guanchjoudagi kasalxona rasmiylari Pekindagi O‘zbekiston elchixonasiga telefon qilgan¸ ammo Toshkent hukumati vakillaridan tayinli bir gap olishning imkoni bo‘lmagan.

Ammo Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Pekindagi o‘zbek elchixonasi rasmiysi¸ hozircha Guanchjou matbuoti va muhojirlar jamoasi e‘tiboriga tushgan bu qiz haqida hech narsa eshitmaganini bildirdi.

"Bizga bu qizdan hech qanday murojaat bo‘lmadi. Marhamat¸ u bizga telefon qilsin¸ vaziyatni o‘rganaylik. So‘ngra qonun doirasida unga javob bildiramiz"¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan elchixona rasmiysi.

Ozodlik Guanchjoudagi blogger va mahalliy nashrlar orqali hozircha na yoshi va na ismi-sharifi ochiqlangan bu qiz va uning chaqalog‘i taqdiriga oid tafsilotlarni o‘rganishga urinmoqda.

Guanchjou mahalliy nashrlariga ko‘ra¸ qiz o‘zining yagona istagi chaqalog‘i bilan O‘zbekistonga qaytib ketish ekanini aytgan.

XS
SM
MD
LG