Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:33

Sirdaryoda 60 kg paxta termaganlar "qonuniy chora" bilan qo‘rqitilmoqda


Ba‘zi mahallalar paxta terimiga ixtiyoriy taklif qilsa, mirzaobodlik melisalar aholiga ogohlantirish xatlari tutqazmoqda
Ba‘zi mahallalar paxta terimiga ixtiyoriy taklif qilsa, mirzaobodlik melisalar aholiga ogohlantirish xatlari tutqazmoqda

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani aholisini paxta terimiga majburiy jalb etish uchun ichki ishlar bo‘limi zo‘ravonlik o‘tkazmoqda. IIB bo‘limi boshlig‘ining nomi zikr etilgan ogohlantiruv xatlarida har bir xonadon paxta terimiga bir kishidan odam chiqarishi talab qilgan.

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida istiqomat qiladigan Ozodlik manbasining aytishicha, aholining paxta terimiga majburan chiqarish uchun militsiya tomonidan bosim o‘tkazilyapti:

“Uchastkovoy uyma-uy yurib har bir xonadonga ogohlantirish tarqatib yuribdi. Bizning “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ham u bilan yurib, imzo qo‘ydirib olyapti. Bu bir parcha qog‘ozda agar xonadondan bir kishi paxtaga chiqmasa ichki ishlarga borib tushuntirish berishi haqida ogohlantirilgan. Huquqini bilmagan odamlar qo‘rqqanidan paxtaga chiqyapti”, dedi manba.

Mirzaobod IIBning ogohlantiruv xati va tilxat.
Mirzaobod IIBning ogohlantiruv xati va tilxat.

Manba aholini majburiy mehnatga chiqarish haqidagi IIBning ogohlantirishida na imzo va na muhr borligini aytadi:

“Ogohlantirish pastida Mirzaobod ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i R.A.Oxunov va tuman IIB YoXB inspektori serjant U.T.Rasulovning nomlari yozilgan”, dedi manba.

Ozodlikka yuborilgan paxtaga chiqish majburiyati haqidagi “tilxat” nusxasida fuqarolar har kuni 60 kilogramdan paxta terib bermasa, "qonunda doirasida" jazolanishga rozilik berishi yozilgan:

“Men..... QFYda yashovchi fuqaro....”Paxta 2014” yig‘im-terimi mavsumi davomida xonadonimdan 1 nafar fuqaroni paxta terimiga jalb qilaman. Har kuni mahalladagi tashkil etilgan otryadlar tarkibiga 60 kg paxta terib berishim to‘g‘risida kafolat beraman. Agarda kundalik paxta terish topshirishig‘ini bajarmasam tuman IIB tomonidan menga qonun doirasida chora ko‘rishingizga roziman”, deyiladi tilxatda.

Urush yillarida frontga yuboilayotgan askar qasamyodiga o‘xshab ketadigan tilxatlarni aholidan olish keyingi ikki-uch yil davomida urfga aylanmoqda, deydi mirzaobodlik “Ezgulik” jamiyati faoli, o‘qituvchi Isroiljon Rizayev:

- Har yili paxta boshlanganda qishloq hududlarida mahalla faollari, uchastka nozirlari guruh bo‘lib yurib, ana shunday ogohlantirish va tilxatlarga imzo qo‘ydirib oladi. Odamlarda qo‘rquv bor va ular militsiya boshlig‘i nomini ko‘rganidan so‘ng ishi va yumushini tashlab paxtaga chiqishga majbur bo‘lyapti. Bu majburiy mehnatga jalb qilishning bir ko‘rinishi,- deydi huquq faoli.

Isroiljon Rizayevga ko‘ra, so‘nggi paytlarda militsiya xodimlari sog‘liqni saqlash muassasalriga, maktablarga kutilmaganda bostirib boradigan bo‘lgan:

- Ichki ishlarning formadagi xodimlari sog‘liqni saqlash muassasalariga va hatto maktablarga kelib majlis o‘tkazyapti. Nega sizlar paxta terimiga yordam bermayapsizlar deb, dag‘adag‘a qilmoqda. Axir paxta yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi boshqarmalari bor, hokimlik bor. Bular endi direktorlarning kabinetlarigacha kirib zug‘um o‘tkazmoqda. Endi bir kami melisaning o‘qituvchilarga xo‘jayinlik qilmagani qolgan edi,- dedi Isroiljon Rizayev.

Mirzaobod tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi haqiqatan ham IIB boshlig‘i nomi yozilgan ogohlantiruv xatlari aholiga tarqatilganini tasdiqladi. Mulozim bu xatlarning qonuniyligi haqida hech narsa deyolmasligini aytdi.

O‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilovdan bunday tilxatga qo‘l qo‘yganlarga aytilgan chora ko‘rilishi mumkinmi, deya so‘radik:

- Muhr bormi o‘sha xatda. Yo‘q bo‘lsa, bu xat hech qanday kuchga ega emas. Agar muhri va imzosi bo‘lsa ham qonuniy hisoblanmaydi. Chunki majburiy mehnatga hatto prezident ham buyruq bera olmaydida. Majburiy mehnat faqat sudning qarori bilan va favqulodda holatlarda, harbiy xizmatda qo‘llaniladi, dedi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko‘ra, qonunda ko‘rsatilgan hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 7-moddasida ham shunday qoida belgilanib, majburiy mehnatga biron jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash deya ta‘rif berilgan.

XS
SM
MD
LG