Линклар

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki yaqin fursatda MasterCard xalqaro to‘lov uyushmasiga a‘zo bo‘lmoqchi. Ayni paytda, Bank xalqaro mikrochipli Visa to‘lov kartalarini ham muomalaga kiritishishni rejalagan. Tadbirkorlar "agar bu amalga oshsa, onlayn savdoning rivojiga hissa qo‘shadi", demoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki MasterCard xalqaro to‘lov uyushmasiga a‘zo bo‘lishga harakat qilayotgani to‘g‘risidagi xabarni bank rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda, tasdiqladi.

Ismini oshkor qilishni istamagan bank rasmiysi hozirda MasterCard va Visa kartalarini muomalaga kiritish bo‘yicha ikkita alohida loyiha amalga oshirilayotganini aytib, bu haqda boshqa ma‘lumot bera olmasligini bildirdi.

MasterCard shirkatining Yevropadagi bo‘limi xodimi Korinne Rays Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki MasterCard xalqaro to‘lov uyushmasi litsenziyasiga ega bo‘lishi o‘zbekistonliklarga MasterCard xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratishini aytdi.

- Agar bank menejerlari MasterCard litsenziyasini olsa va u karta chiqarishga ruxsat beradigan litsenziya bo‘lsa, bank MasterCard nomidan kartalar chiqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari litsenziya olgan bank MasterCard shirkati ishlab chiqqan barcha texnologiyalardan foydalanish, mobil telefon, Internet orqali xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi,- deydi MasterCard rasmiysi.

Korinne Rays MasterCard kartasi kichik biznes yurituvchilar uchun ham juda foydali ekanini qo‘shimcha qildi:

- Bizda kichik biznesga mo‘ljallangan kartalar bor. U orqali kichik biznes bilan bog‘liq ko‘p xizmatlar amalga oshiriladi. Bu kartadan bir kishidan yoki o‘n kishidan iborat shirkatlar pul oqimini, byudjet va sarf-harajatlarni boshqarishda undan osonlikcha foydalanish mumkin.

Toshkentlik tadbirkor Abdulbosit Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonliklar MasterCard emas balki, Visa kartasidan foydalanishini aytdi.

- Masalan, Yevropa yoki boshqa davlatlarga boradigan o‘zbeklar Visa kartasidan foydalanadi. Lekin Visa karta faqat chetga chiqqanda ishlaydi. Mamlakat ichida ishlamaydi, - deydi Otchopar bozoridagi savdogar.

Non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi toshkentlik tadbirkor Bahodir Ikromov Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan MasterCard kartalarining muomalaga kiritilishi tadbirkorlarga ko‘proq moliyaviy erkinlik yaratishini aytdi:

- MasterCard va Visa joriy qilinsa, xorijga safarga ketayotgan paytimda bankimga borib valyuta hisobimga pul tashlayman, qo‘limda naqd ikki ming dollar olib chiqib ketaman va plastik kartam bilan xorijda ikki ming dollardan ko‘pga narsa sotib olishim mumkin.

Bu moliyaviy erkinlik paydo qiladi. Bundan tashqari, MasterCard va Visa kartalarning joriy qilinishi onlayn savdoni yanada takomillashtiradi.

Ayni paytda Bahodir MasterCard va Visa kartalarini muomalaga kiritish barobarida bank plastik kartadagi mablag‘dan foydalanishga cheklov belgilab qo‘yishi mumkinligini ham ehtimoldan soqit qilmadi.

XS
SM
MD
LG