Линклар

logo-print

Chinoz va Chiroqchida ham maktab o‘quvchilari paxtaga chiqarildi


Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimso‘qmoq qishlog‘idagi maktab bolalari ham dalaga haydaldi

Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimso‘qmoq qishlog‘idagi maktab bolalari ham dalaga haydaldi

Toshkent viloyatining Chinoz tumani va Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari paxta terimiga jalb qilindi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ikkala tumanda ham maktablarning 8- 9 sinf o‘quvchilari dalaga haydalgan. Ayni paytda Chinoz va Chiroqchi rasmiylari o‘quvchilarning paxtaga chiqarilganini inkor qilishdi.

Chinozda maktablar yopildi

17 oktabrdan boshlab Toshkentning Chinoz tumanidagi barcha maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarildi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan chinozlikka ko‘ra, barcha maktablarning 8 va 9- sinf o‘quvchilari juma, shanba va yakshanba kunlari dalada paxta teradi:

“Hozir yuqori sinflar uchun maktablar yopiq. Bugun ham 8-9 sinflar paxtada. Dushanbadan yana maktabga qaytishini aytishgan. Lekin shanba-yakshanba o‘quvchilar dalada”, dedi chinozlik manba.

Boshqa bir chinozlikka ko‘ra, tumandagi kollejlarning hasharchi talabalari o‘qishga qaytgan, maktablar esa yopilgan:

“Maktablar yopildi. Nomiga 5ta o‘qituvchisi bor xolos. Boshqa o‘qituvchilar o‘quvchilari bilan paxta terayapti. Buni Xalqaro mehnat tashkiloti bilarmikin? Chinoz tumanidagi barcha maktablar paxtada. Istalgan maktabga borsangiz, yopiq”, deya xabar yo‘lladi chinozlik manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Chinoz tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi o‘quvchilarning paxtaga chiqarilganini inkor qilmadi, lekin aniq javob uchun xalq ta‘limi bo‘limiga murojaat qilishni tavsiya qildi.

Chinoz tuman xalq ta‘limi bo‘limi boshlig‘i Yo‘ldosh Musayev esa o‘quvchilarning paxtaga chiqarilganini butunlay inkor qildi:

- Baraka topgur, kollejning 1-2 kursini chiqarmagan joyda men maktab o‘quvchisini chiqaramanmi? Bizda bu kategoricheskiy mumkin emas. Men Rayono mudiriman, yangi bo‘lganman. Bunaqa narsani men hayolimga ham keltirmayman va birovni chiqarmayman ham. Bizda unaqa narsa bo‘lgani yo‘q, bo‘lmaydi ham. Men o‘qituvchini chiqarmayapman-ku, bozor kundan boshqa kuni. Bozor kuni butun respublika bo‘yicha hashar bo‘layapti. Bitta bizda emas. O‘qituvchi yakshanba kuni o‘zining tashabbusi bilan paxtaga chiqayapti. Hamma o‘qituvchilar yordam berish maqsadida, respublika paxta rejasini bajarishga hissa qo‘shamiz deb, faqat bozor kuni chiqayapti,- dedi Chinoz tuman xalq ta‘limi bo‘limi boshlig‘i Yo‘ldosh Musayev.

Chiroqchilik bolalar ham paxta terdi

Ayni paytda Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi Ozodlik manbalari tumandagi maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari paxta terimiga jalb qilingani haqida xabar yo‘lladi.

Jumladan, tumanning Karim Jo‘rayev jamoa xo‘jaligi hududidagi 16-sonli maktabning yuqori sinf o‘quvchilari paxtaga chiqarilgan.

“8-9 sinf bolalari paxta terayapti. O‘zi paxta boshlanishi bilan maktablarda dars bo‘lmadi hisob. O‘qituvchilar paxtada bo‘lgan payti o‘quvchilar maktabda pochti o‘qimadi”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz chiroqchilik manba.

Chiroqchining Beshchashma jamoa xo‘jaligi hududidagi 163-sonli maktabning ham yuqori sinf o‘quvchilari bu yil paxta terimida qatnashganini aytadi chiroqchilik boshqa bir manba:

“Yuqori sinf o‘quvchilari paxta terishdi. Obeddan keyin chiqishdi. Lekin hozir paxtaga otboy bergan. O‘quvchilar maktabga qaytishdi. Hozir g‘o‘zapoyalarni chopib, yig‘ishtirish ishlari boshlandi”, dedi chiroqchilik manba.

Chiroqchi tuman xalq ta‘limi bo‘limi boshlig‘i Nazira Obrayeva o‘quvchilarning paxtaga chiqarilgani bilan bog‘liq Ozodlik savolini eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki singari obro‘li tashkilotlar O‘zbekistonda bolalar mehnati yo‘q deb iddao qilayotgan bir paytda, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini paxtaga chiqarish holatlari mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi maktablarning 8-9- sinf o‘quvchilari 14 oktabrdan boshlab paxta terimiga safarbar etildi.

Jizzaxda esa o‘qituvchilar paxta terimiga haydalgani ortidan o‘quvchilarga dars berishga hech kim qolmagani uchun maktablarda 1 oktabrdan boshlab ta‘til e‘lon qilindi. Jizzaxlik huquq faollari yuqori sinf o‘quvchilari ham majburiy paxtaga chiqarilganini aytayapti. Jizzax mutasaddilari esa ta‘tildagi o‘quvchilarning ota-onasiga paxta terishda ko‘maklashish hollarigina borligini ta‘kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG