Линклар

Tojikiston huquq-tartibot idoralari mamlakat hududida qator terrorchilik xurujlarini uyushtirishga uringanlikda ayblanayotgan 13 fuqaroni qo‘lga oldi. Ularning hammasi “Jundulloh” jihodiy guruhiga doxilligi aytilmoqda. Qo‘lga olinganlar orasida guruh rahbari Mansur Boboyorov ham bor.

Tojik militsiyasi ma‘lumotiga muvofiq, muhtamal terrorchilar mamlakat shimolidagi So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida ushlangan. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Suriyada maxsus tayyorgarlikdan o‘tganlar. Ular harbiy qismlardan biridagi qurol-aslahani qo‘lga kiritish hamda Dushanbe-Xo‘jand-Chanoq avtoyo‘lidagi ikki tunelni portlatishni rejalab yurganlar.

Bundan bir necha kun oldin So‘g‘d viloyat prokuraturasi Panjakentda yashovchi 9 kishi va Spitamen tumanida istiqomat qiluvchi bir fuqaroga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atgandi. Rasmiylarga ko‘ra, ular Suriya hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etish va islomiy davlat qurish ilinjida yurganlar.

Ularning hammasi sentabr oyi oxirida qo‘lga olingan. Prokuratura xodimlariga ko‘ra, bu odamlarni “haq yo‘l”ga panjakentlik Mansur Boboyorov va spitamenlik Eldor Hotamov da‘vat qilib yurgan.

Ozodlik radiosi tojik xizmati manbasining aytishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida ushlangan bu odamlar hozirda Xo‘jand shahar tergov izolyatorida tutib turilibdi. Ularga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining uch moddasi bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan.

Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning so‘nggi ma‘lumotlarga tayanib ma‘lum qilishicha, Suriyada hozir 200 ga yaqin tojikistonlik jang qilmoqda. Shu kungacha bu mamlakatda 50 chog‘li tojikistonlik halok bo‘lgani haqida ma‘lumotlar bor.

Vazirga ko‘ra, hozirda Suriya hududida janglarda ishtirok etganlik ayblovi bilan tojikistonlik 25 fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Ayni paytda Tojikistondan bo‘lgan jihodchilar turli saytlarda Suriyadagi janglarda ishtirok etib yurgan tojikistonliklar soni 500 kishiga yetishini qayd etmoqdalar.

XS
SM
MD
LG