Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:15

Rossiyada o‘g‘irlangan qashqadaryolik muhojir Jasliqqa tashlandi


O‘zbekiston islomiy harakatining shu yil iyunь oyida Karachi aeroportiga hujum uyushtirgani iddao qilingan 10 nafar xudkush a‘zosi surati.
O‘zbekiston islomiy harakatining shu yil iyunь oyida Karachi aeroportiga hujum uyushtirgani iddao qilingan 10 nafar xudkush a‘zosi surati.

Rossiyada noma‘lum shaxslar tomonidan 2013 yilda o‘g‘irlab ketilgan qashqadaryolik 37 yashar Baxtiyor Bozorov 2014 yilning 13 sentabrida O‘zbekistondagi Jasliq qamoqxonasiga yo‘llandi. Mahkumning opasi Oysanam Bozorovaning iddaosicha, mavhum tarzda O‘zbekistonga olib kelingan ukasiga O‘zbekiston JKning bir yo‘la 5 moddasi asosida Rossiya hududida O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo bo‘lish va terror guruhini tuzish aybi qo‘yilgan.

Qashqadaryoda O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zolikda ayblangan 70 ga yaqin shaxsdan biri - 1977 yilda tug‘ilgan, Qarshi shahrining Mirtemir ko‘chasida istiqomat qilgan Baxtiyor Bozorovning opasi Oysanam Bozorova iddaosicha, ukasiga qo‘yilgan ayblov asossizdir.

Oysanam Bozorova 2010 yilning aprel oyida Rossiyaga ishlagani ketgan ukasi 2013 yilning 17 avgustida noma‘lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangan va sirli ravishda O‘zbekiston respublikasi IIV yerto‘lasiga tushib qolganini aytmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bu ayol ukasi ustidan 2014 yilning iyun oyida bo‘lgan ilk mahkama "guvoh va dalillarsiz o‘tgan"i va unda O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo, degan "asossiz qaror" qabul qilinganini da‘vo qildi.

- Ukam o‘zi ichuvchi edi, narkologik dispanserda ham yotib chiqqan. 2010 yilda Rossiyaga poyezdga bilet olib jo‘natib yuborgan edik. O‘sha kunimizga la‘natlar bo‘lsin! Ichsa ham shu yerda - yonimizda yursa yaxshi edi. Sudda na dalil bor, na guvoh bor. Oldi, 15 yilga qamab yubordi. Shu adolatdanmi?! - deb da‘vo qildi Oysanam Bozorova.

Ilk mahkama qarori ustidan yaqinlari va himoyachilar kiritgan shikoyat arizasi asosida 18 avgust kuni o‘tgan apellyatsiya tartibidagi mahkama ham hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Oysanam Bozorova ukasi bilan bir jinoiy guruh a‘zosi sifatida sudlangan yana 5 shaxs - bulardan uch nafari ayol kishidir - aslida bir-birini tanimasligini da‘vo qilmoqda.

- Men ularni tanimayman. Ular bir-birini birinchi marta sudda ko‘rdi. Nigora degan qiz Moskvadan kelgan ekan, Jahon tillari universitetini bitirgan qiz ekan. Uyiga qidiruv qog‘ozi kelgani uchun o‘zi Qarshi GUVDga borgan, qamab qo‘yishgan. 6 oylik chaqalog‘i onasining qo‘lida qolib ketdi. Yana ikkita qiz bor edi. Ularga 9 yildan, ukam bilan yana bir yigitga 15 yildan berishdi, - deydi Oysanam Bozorova.

Ойсанам Бозорова билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:33 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka 2014 yilning 19 avgustida chiqarilgan ajrim nusxasi yo‘llandi.

Unda yozilishicha, sudlanganlar Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan va istiqomat qilgan: Otabek Ochilov(1977 yil, Qarshi), Zafar Po‘latov(1986 yil, Qarshi), Baxtiyor Bozorov(1977 yil, Qarshi), Lolaxon Qudratova(1967 yil, Marg‘ilon), Nigora Ernazarova(1988 yil, Qarshi) hamda Aziza Muxitdinova(noma‘lum)lardir.

Mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 155-moddasi (Terrorizm), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) hamda 244-moddasining 2- bandi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish)da aybdor topilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, bu shaxslar Rossiya Federatsiyasiga tirikchilik maqsadida borib, 2010-1013 yillarda Pokistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo bo‘lgan.

Shuningdek, hukmda ayni shaxslar tashkilot g‘oyalarini migrantlar orasida yoyib, O‘zbekistondagi vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish hamda o‘lkada xalifalik qurishni rejalagani qayd etilgan:

“...shu maqsadda Rossiyada ishlab topgan pullaridan baytulmol uchun 500 AQSh dollari ajratib, Rossiya Federatsiyasi hududidan o‘tuvchi “Moskva – Boku – Zohidon-Vana” poyezdi orqali Pokistondagi terrorchi guruhlarga qo‘shilmoqchi bo‘lgani aniqlandi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining noma‘lum go‘shalarida o‘qotar qurollardan foydalanish, jihodchilik tayyorgarligidan o‘tgan jinoyatchilar O‘zbekistondagi prezidentlik va parlamentar tuzumini o‘zgartirishni rejalashtirgan” deyiladi sud hukmida.

37 yashar ukasi Baxtiyor Bozorovga nisbatan 15 yillik qamoq jazosi belgilagan sud hukmini asossiz, deb da‘vo qilgan Oysanam Bozorova Ozodlik bilan suhbatda "bunga qadar tegishli javob bermagan" O‘zbekiston huquq tartibot idoralari, Oliy sudi va boshqa mas‘ul tashkilotlarga murojaat yo‘lladi.

Sud hukmidan keltirilgan nusxada aytilishicha, Baxtiyor Bozorov muqaddam ikki bora sudlangan. Birinchi bor katta miqdordagi talonchilik uchun, ikkinchi bor esa katta miqdordagi o‘g‘irlik uchun.

Yaqinlari da‘vosicha, muntazam ichgan va namozxon bo‘lmagan; sud hukmiga ko‘ra esa, muqaddam talonchilik va o‘g‘irlik uchun qamalib chiqqan shaxs, shu tariqa, Rossiyada diniy radikal, terrorchi tashkilot hisoblangan O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo bo‘lganlik va Pokistonga terrorchilik uchun ketishga hozirlik ko‘rganlikda aybdor topildi.

O‘zbekistondagi “Ezgulik” jamiyatining sudlanuvchilar himoyachilari va qarindoshlariga tayanib yozishicha, hozir Qashqadaryoda “O‘zbekiston Islomiy Harakati”ga mansublikda gumonlangan yana 60 dan ortiq shaxsga nisbatan tergov va surishtiruv ishlari bormoqda.

Inson huquqlari jamiyati o‘z bayonotida Qashqadaryoda kechayotgan "buyurtma mahkamalar"ni qoralab, yuqori instantsiya sudlarini O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro huquqiy normalarga mutanosib ravishda qarorlar chiqarishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG