Линклар

Jizzax viloyati Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh namozxon ziyofatga yig‘ilgan xonadonda qora niqoblilar reyd o‘tkazdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Baxmal tumanidagi Gulbog‘ fuqarolar yig‘inida oqshomgi ziyofatda o‘tirgan 20 yaqin dindordan 8 nafari hisbga olingan. Jizzax viloyati IIBda saqlanayotgan dindorlar "jihodchilik harakatlariga aloqadorlik"da gumon qilinayotgani aytilmoqda.

Baxmal tumanidagi Gulbuloq qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Qarapcha, Charrak va Changal qishloqlarida istiqomat qiluvchi 8 dindor Jizzax viloyati kuch ishlatar tuzilmalariga tegishli ekani aytilgan qora niqoblilar reydida hibsga olindi.

Ozodlik manbalari 20 oktabr kuni yo‘llagan xabarda aytilishicha, mahalliy namozxon va imomlardan iborat guruh 12 oktabr oqshomida Qarapcha qishlog‘idagi safdoshining uyida ziyofatga yig‘ilgan joyida bosqinga uchragan.

"Bizda savbat, deyishadi - "gap"ga o‘xshagan ziyofat - shunga yig‘ilgan bo‘lgan. Shu Qarapchaning o‘zidan 3-4ta mulla, keyin Charrak, Changal degan qishloqlardan ham borgan, u yoq-bu yog‘i 20 kishi bo‘lgan. Bular o‘zi shunaqa har oyda bir marta ming dollarlik ziyofatga yig‘ilishardi. Shunda birdan niqoblilar kelib, hammasini olib ketdi. Shu bo‘yi hali qaytarishgani yo‘q. Jihodchilarga aloqasi bor, deb qamoqda ushlab turishibdi ekan", dedi Ozodlik bilan suhbatda Qarapcha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi manba.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaning aytishicha, hibsga olinganlar mahalliy aholi bir so‘z bilan "mulla" deb ataydigan namozxon, imom va duoxonlardan iborat xos guruhdir.

"Bizda "mulla" deydi bularni. Shu odamlarga dam soladi, duo bilan da‘volaydi. Keyin ba‘zilari imomchilik qiladi, ilmi bor. Ba‘zilarining ilmi ham yo‘q, lekin avlodi mulla, eshon o‘tgan. Orasida shu zo‘ri Davron degan mulla edi. Keyin Baxmal pedagogika kollejida ishlaydigan Muzaffar eshonni ham olib ketishgan", dedi Ozodlik manbasi mikrofonsiz suhbatda.

Baxmal tumanidagi mahalliy hokimiyatga tegishli idoralardan birining ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddisi Ozodlik manbalaridan olingan bu ma‘lumotni tasdiqladi:

"Oblastnoy anti-terror bo‘limi (Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Terrorga qarshi kurash bo‘limi - tahr.)dan kelib, maxsus amaliyot o‘tkazishganda. Ko‘pchiligi qo‘yib yuborilgan hozir", deya gapni qisqa qilgan mulozim boshqa ma‘lumot bermadi.

Hozircha Baxmal tumani yoki Jizzax viloyati IIB, shuningdek, hibsga olinganlardan biri ishlagan Baxmal pedagogika kollejidan bu borada biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Voqea sodir bo‘lgan Gulbuloq fuqarolar yig‘inidagi mahalla keksalaridan biri hibsga olingan namozxonlarga nisbatan ilgari surilayotgan jihodchilikka oid ayblovlar asossiz, degan fikrni tilga oldi:

"Ular namozxon bolalar, shu oddiygina bir oyda bir marta bo‘ladigan "gap" (ziyofat)ga yig‘ilishardi, gap o‘ynalardi. Oddiygina hangoma bo‘lardi. Unaqa diniy savollaram oddiy bo‘lardi. Unaqa ma‘ruzalar bo‘lmasdi. Hozir endi shulardan 8 tasini melisada ushlab turibdi, haliyam kelishmadi", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz bu faol.

O‘zi ham besh mahal namoz o‘qishi va masjidga qatnab turishini aytgan bu suhbatdosh, qora niqoblilar guruhi bosqini chog‘ida ziyofatga yig‘ilganlarni olib ketish uchun biror asos yoki hujjat ko‘rsatilmagan, degan iddaosini ham qayd etib o‘tdi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda turli jamoat yig‘inlari va savdo, maishiy xizmat shoxobchalarida kuch ishlatar tuzilmalariga qarashli qora niqobli maxsus guruhlar tomonidan reyd o‘tkazilayotganiga oid xabarlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Ammo, xonadonda ziyofatda o‘tirgan dindorlarning qora niqoblilar tomonidan olib ketilishi Ozodlikka ilk bor xabar qilinmoqda. Shu kunga qadar bunday hibslar ichki ishlar idoralari yoxud milliy xavfizlik xizmatiga qarashli idoralar xodimlari tomonidan amalga oshirilishi kuzatilgan.

Bunday hibslar chog‘ida ham kuch ishlatar tuzilmalari xodimlari hujjati yoki hibsga olish uchun sanktsiyani taqdim etmasdan hibsga olganiga oid shikoyatlar Ozodlikka ko‘p kelgan.

Aslida huquq-tartibot idoralarining niqob taqqan maxsus guruhlari Toshkent va viloyatlardagi yirik savdo majmualari, bozorlar va tashkilotlarga uyushtirayotgan reydlar shov-shuv, noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, sentabr oyida Toshkentda o‘ndan ziyod zargarlik do‘koni kuch ishlatar tizimlari nomidan borgan "qora niqoblilar"ning reydi ortidan yopib qo‘yildi. Zargarlar reyd chog‘ida ularning katta miqdordagi mol-mulki noqonuniy musodara qilinganidan shikoyat qildi.

Shu yilning 20 iyunida huquq-tartibot idoralarining "qora niqobli"lar maxsus guruhi Toshkentdagi "Drujba Burger" tarmog‘ining o‘nga yaqin kafelariga bir paytning o‘zida reyd uyushtirdi.

Qora niqoblilarning 2012 yildagi yirik reydi Namangan shahri markazidagi "Isfarxon" savdo markazida 14 avgust kuni bo‘lgan va o‘shanda avtomatlar bilan qurollangan niqoblilar bozordan kamida 30 ta yuk mashinasida tadbirkorlar mol-mulkini olib ketganidan Ozodlikka shikoyat bo‘lgan edi.

2011 yilning 16 sentabr kuni Toshkentdagi "Malika" savdo markazida "Qora niqoblilar" guruhi reyd o‘tkazib, "Chigo" va "Metro" do‘konlarining hamma tovarini musodara qilgan.

Shuningdek, o‘sha yili 2 mart kuni Toshkentda bu guruh Bojxona, Soliq qo‘mitasi, O‘zstandart agentligi bilan birga, Turkiyaning "Turkuaz" shirkatiga qarashli do‘konlar joylashgan savdo uyiga reyd uyushtirgan va bu ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG