Линклар

logo-print

Viborgda o‘zbek muhojiri vahshiylarcha o‘ldirib ketildi


O‘zbekistonlik muhojirning jasadi katta yo‘l trassasi bo‘yidagi o‘rmondan topildi.

O‘zbekistonlik muhojirning jasadi katta yo‘l trassasi bo‘yidagi o‘rmondan topildi.

Rossiyaning Leningrad viloyatida vahshiylarcha o‘ldirib ketilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirining jasadi topildi. Oyoqlari skotchlangan, bir qo‘li uzilgan 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi “Skandinaviya” trassasi bo‘yidagi o‘rmonzorga tashlab ketilgani aniqlandi.

Yakshanba, 19 oktabr kuni Leningrad viloyatining Viborg shahri yaqinidan o‘tuvchi “Skandinaviya” avtomobil trassasining 90-kilometrida ikkiga bo‘linib ketgan mehnat muhojiri tanasi topildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, jasadni o‘sha kuni ertalab soat 9-larda avtomobil yo‘lidan 150 metrcha ichkariroqda Kamenka qo‘rg‘onida harbiy xizmat o‘tayotgan askar topib olgan. Chavaqlab ketilgan murdani aniqlagan harbiy darhol shu atrofdagi DAN xodimlariga xabar bergan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Viborg tumani bo‘yicha boshqarmasi rasmiy vakili Yuliya Mataligina Ozodlikka bularni ma‘lum qildi.

- Hozircha tergov ishlari olib borilmoqda. Murda o‘lim sabablarini aniqlash uchun ekspertizaga yuborildi. Hozircha biror izoh bera olmaymiz – taftish natijalarini kutamiz. Uning shaxsi aniqlanmoqda, dedi Tergov qo‘mitasi vakili Yuliya Mataligina.

Biroq Viborg tuman politsiya boshqarmasidagi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan operativ xodim Ozodlik so‘roviga javoban, jasad yonida O‘zbekiston fuqarosiga tegishli bo‘lgan pasport topilgani, undan o‘ldirib ketilgan shaxs 1993 yilda tug‘ilgan Bobur Asadov ismli fuqaro ekani aniqlanganini bildirdi.

Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya va tergov xodimlari Bobur Asadovning tanasini deyarli ikkiga bo‘lib tashlangan, butun tanasi momataloq bo‘lib yotgan holatda topgan. Undan tashqari, o‘zbekistonlik muhojirning o‘zilgan chap qo‘li ayollar kiyimiga o‘ralgan holatda jasad yonidan topilgan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirgan dastlabki tergov xodimlari qora kurtka, yashil jinsi shimda bo‘lgan yigitning bo‘yni singani va oyoqlari skotch bilan bog‘langanini bildirishdi.

Hozircha qora kurtka, yashil jinsi shim kiygan o‘zbekistonlik 21 yashar Bobur Asadov Peterburgda qonuniy yashab kelgani va vaqtinchalik qaydda turgani ma‘lum. Tergovchilar muhojir o‘limidan oldin qattiq do‘pposlangani va qiynoqqa solinganini taxmin qilmoqda.

Peterburgda mehnat qilayotgan migrantlarning bunday vaxshiylarcha o‘ldirib ketilishi holatlari birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Bobur Asadov murdasi topilgan 19 oktabr kuni Sankt-Peterburgning “Moskovskiye vorota” metro bekati yonida, ertalabki soat 4:40-larda shahar tez yordam bo‘limlaridan biriga o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lgan 32 yoshli o‘zbekistonlik muhojir keltirilgan.

Hech qayerda ishlamaydigan bu shaxs metro bekati yonida no‘malum shaxs hech bir sababsiz unga quroldan o‘q uzgani va beli hamda yuzidan yarador qilganini aytgan.

Tergovchilar Bobur Asadov qotilligi milliy adovat yuzasidan qilingan bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan holda, bu jinoyatga o‘ldirilganning yurtdoshlari aloqador bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qildi.

Ozodlik suhbatlashgan tergov xodimi oxirgi paytlarda ayrim etnik jinoiy guruhlar muhojirlarning Rossiyada mutlaqo huquqsiz holatda ekanini tushungan holda, o‘z hamyurtlarini ochiqdan-ochiq tunayotgani yoki ularni o‘g‘irlab, yaqinlaridan pul undirayotgani holatlari ko‘payayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG