Линклар

logo-print

Samarqandlik 18 yashar talaba paxta frontining navbatdagi qurboni bo‘ldi


Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta mavsumidagi qurbonlar soni 15 nafarga yetdi

Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta mavsumidagi qurbonlar soni 15 nafarga yetdi

Samarqand Avtomobilsozlik kollejining 3-bosqich talabasi Vohid Jo‘rayev 18 oktabr kuni paxta terimida vafot etdi. Kollej ma‘muriyatiga ko‘ra, Narpay tumani dalalarida paxta terayotgan 18 yashar Vohidjon yurak xurujidan o‘lgan.

Narpay tumani Istiqlol qishlog‘ida paxta terayotgan Vohid Jo‘rayev o‘tgan shanba kuni soat 17:30larda olamdan o‘tdi.

Samarqandning Ishtixon tumani Kartepa qishlog‘idan bo‘lgan 18 yashar Vohidjon o‘sha kuni kursdoshlari bilan paxtadan ijarada turgan uyiga qaytgan payti yurak xurujiga uchragan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, 18 oktabr kuni kollej talabalari tushdan keyin yomg‘irda paxta terishgan va kechqurin ular paxtadan qaytgach, ushbu voqea sodir bo‘lgan:

“Shu kuni talabalar kechgacha yomg‘irda ivib paxta terishdi. Kechki soat 5 yarimda ular ijarada turadigan uyiga qaytishgan. Ular 7 kishi Kartepa qishlog‘idagi bir fuqaroning uyida yotoqxonada yashashgan. Shu kuni xonasiga kirib ketgach Vohidjonning yuragi ushlab qolib, yiqilib tushgan va shu yerning o‘zida vafot etgan”, dedi voqeadan xabardor manba.

Manbaga ko‘ra, o‘sha kuni Vohid Jo‘rayevning tirikligiga umid qilib uni Narpay tuman markaziy shifoxonasiga olib borishgan.

Ushbu shifoxona xodimlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Vohid Jo‘rayev shifoxonaga keltirilgan payti o‘lik holda bo‘lgan:

“Lekin doktorlar bir soatcha harakat qilishdi. Yuragini massaj qilishdi, Villa apparatini qilishdi. Har 10-15 minutda massaj qlishdi. Biroq natija bo‘lmadi. Yuragi qayta ishlamadi”, dedi shifoxona xodimlaridan biri.

Marhum Vohidjon Samarqand Avtomobilsozlik kollejining 3-bosqichi 31-guruhi talabasi bo‘lgan. Samarqanddan olingan so‘nggi ma‘lumotga ko‘ra, Vohidjonning kursdoshlari 20 oktabr kuni paxtadan o‘qishga qaytarilgan.

Paxta terimiga majburiy safarbar etilgan talaba va hasharchilar orasida Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni bu yil o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘proq bo‘ldi.

Vohid Jo‘rayev fojiasi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta mavsumidagi qurbonlar soni 15 nafarga yetdi.

XS
SM
MD
LG