Линклар

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida hasharchilarni paxtadan olib qaytayotgan avtobus yonib ketdi. Zargarsoy qishlog‘ida 20 oktabr kuni oqshom ro‘y bergan yong‘in oqibatida 50 kishi borayotgan avtobusdagi bir necha hasharchi turli darajada kuyish bilan jarohatlandi.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, avtobus hasharchilarni G‘allaoroldan Samarqandaga olib ketayotgan bo‘lgan.

– Avtobusni bagajida 200 litr benzin bo‘lgan. Shu avtobus Jizzaxni Samarqand bilan bog‘laydigan M-38 trassasida ketayotganida, portlab yonib ketdi. Yong‘in G‘allaorol tumanining Zargarsoy va Baxmalsoy qishloqlari oralig‘ida ro‘y berdi, - dedi ismi sir qolishini istagan g‘allaorollik hasharchi.

Jizzax viloyati Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rasmiylari yong‘in sabablari o‘rganilayotganini aytishdi.

- Yong‘in sabablari ma‘lum emas. O‘t o‘chiruvchilarimiz vaqtida yetib borib yong‘inni o‘chirishdi. Oq rangli Mersedes-Benz rusumli avtobus yondi. Ichida bo‘lgan ellikga yaqin yo‘lovchining hammasi sog‘-omon evakuatsiya qilindi, - dedi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rasmiylaridan biri.

Shuningdek, boshqarma rasmiylari yo‘lovchilar yengil darajada kuygani va hech birining sog‘ligiga jiddiy shikast yetmaganini ham ta‘kidladi.

So‘nggi paytlarda poytaxt Toshkent va viloyatlarda bir qancha avtobuslarda yong‘inlar ro‘y berdi.

Toshkentlik avtobus haydovchisi Roziq Hakimovning Ozodlikka aytishicha, avtobus saroylari mutasaddilari texnik nazoratga e‘tiborsizlik bilan qarashi shunday yong‘inlarga sabab bo‘lmoqda.

- Texnik nosoz bo‘lgan avtobuslarni liniyaga chiqarishi oqibatida shunday ko‘ngilsizliklar kelib chiqadi. Avtobuslarga vaqtida qaralmasa kutilgan muddatidan oldin ishdan chiqadi. Bundan tashqari avtobuslarda ko‘p odam tashilishi bois transport motori qizib yong‘inga sabab bo‘ladi, - deydi Hakimov.

Bu 2014 paxta mavsumidagi ilk avtobus halokati emas.

O‘tgan oy Toshkentdan Sirdaryoga hasharchilarni olib ketayotgan avtobus kolonnasi urib yuborgan yo‘lovchi shifoxonada olamdan o‘tgan edi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaro boysunlik mardikor bo‘lib, uni militsiya xodimi quvlagan payti ushbu halokat sodir bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG