Линклар

Matviyenko qirg‘izistonlik migrantlarni qora ro‘yxatdan chiqarishga va‘da berdi


Rossiya Dumasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Qirg‘iziston Jogorku Keneshi raisi Asilbek Jeenbekov bilan uchrashuv paytida.

Rossiya Dumasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko Qirg‘iziston Jogorku Keneshi raisi Asilbek Jeenbekov bilan uchrashuv paytida.

Rossiyada ma‘muriy tartibbuzarliklarni sodir etgani uchun qora ro‘yxatga kiritilgan qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari mazkur ro‘yxatdan chiqariladi. Bu haqda 21 oktabr kuni Bishkekda prezident Atambayev bilan uchrashuvidan so‘ng Rossiya Dumasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko ma‘lum qildi.

"Mehnat muhojirlari qora ro‘yxatdan chiqariladi"

Rossiya hududida ma‘muriy tartibbuzarliklar va turli jinoyatlarni sodir etgan mehnat muhojirlari qora ro‘yxatga tirkalishi ortidan Rossiyadan o‘z vatanlariga deportatsiya qilinadi. Qora ro‘yxatga kirgan mehnat muhojirlariga o‘n yilgacha Rossiya hududiga kirish taqiqlanadi.

Shu yilning aprel oyida Federal migratsiya xizmati Rossiya hududiga noqonuniy kirib kelgan va yashayotgan 800 ming mehnat muhojirini qora ro‘yxatga kiritgani haqida xabar bergan edi. Ularning orasida O‘zbekiston fuqarolari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

21 oktabr kuni Bishkekda prezident Almazbek Atambayev bilan uchrashaganidan so‘ng jurnalistlarga suhbat bergan Rossiya Dumasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko qirg‘izistonlik minglab mehnat muhojirlari qora ro‘yxatdan o‘chirilishiga va‘da berdi. Unga ko‘ra, Rossiyada mayda ma‘muriy tartibbuzarliklarni sodir etgan qirg‘izistonliklarni qora ro‘yxatdan o‘chirish masalasida Federal migratsiya xizmati ish olib bormoqda va bu masala tez kunlarda hal etiladi.

"Sendan ugina, mendan bugina"

20 oktabrda esa Valentina Matviyenko Qirg‘iziston parlamenti raisi Asilbek Jeenbekov bilan uchrashuvi paytida “sendan ugina, mendan bugina” qabilida so‘zlab, qirg‘iz hukumatidan mamlakatda rus tilining rivojlanishiga shart-sharoit yaratib berishni talab qilgan edi:

-Biz rus tilini rivojlantirish masalasi qirg‘iz hukumatining diqqat markazida bo‘lishi kerak, deb o‘ylaymiz. Biz rus tilini rivojlantirish masalasi qirg‘iz parlamenti e‘tiborida bo‘lishiga ishonamiz, - dedi Valentina Matviyenko.

"Qirg‘iziston tashqi siyosatda Rossiya ta‘siridan chiqa olmayotir"

Rossiya Senati raisining Bishkekka tashrifi Qirg‘iziston tashqi siyosatda to‘laligicha Rossiya yo‘nalishini tanladi, deb aytilayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Qirg‘izistonlik siyosatchi Alisher Mamasaliyev Ozodlik bilan suhbatda Moskva Ukrainadagi voqealar ortidan G‘arb bilan munosabatlari sovuqlashganidan so‘ng asosiy e‘tiborni Markaziy Osiyo mintaqasini o‘z ta‘siridan chiqarmaslikka qaratmoqda, deb hisoblashini bildirdi.

Siyosatshunos Emil Jurayev esa Qirg‘iziston nafaqat siyosatda, balki qonunchilik sohasida ham Moskva nuqtai nazariga uyg‘un keluvchi yo‘llarni izlayotganini aytdi:

- Qirg‘izistonda qonunlarni qabul qilish jarayonida Rossiyaning ta‘siri juda seziladi. Masalan, “xorij agenti”, “gey tashviqot” kabi tushunchalar birinchi bo‘lib Rossiya qonunchiligida aks etgan. Qirg‘izistonda ham mana shu kabi qonunlarni qabul qilish yuzasidan harakatlar ham Rossiya ta‘sirini bildirmoqda, - dedi Emil Jurayev.

Qirg‘iziston hukumati avvalroq Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga 2015 yilning 1 yanvaridan qo‘shilishi niyatida ekanini bildirgan edi. Hozir mazkur ittifoqqa Rossiyadan tashqari Belorus, Qozog‘iston va Armaniston a‘zo bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG