Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:47

Xorazmda hokimlik yig‘ilishida haqoratlangan fermer o‘zini osdi


Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiyev uyiga qaytgach, o‘zini osdi. Hazorasp tumani hokimiyati rasmiylari fermerga tazyiq o‘tkazishganiga oid iddaolarni keskin rad etmoqda.

17 oktabr kuni ro‘y bergan bu hodisa haqida ismi aytilmasligini so‘ragan hazorasplik boshqa bir fermer 21 oktabr kuni Ozodlikka xabar yo‘lladi.

Bu manba iddaosicha, tuman hokimligi rahbarlarining paxta rejasini bajarish talabi bilan Egamberdiyevga muntazam o‘tkazgan tazyiqlari uning joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan.

- U 16 oktabr kuni paxta topshirdi. Hokimiyatdagi yig‘ilishda planni bajarmagani uchun gap eshitdi. Keyin uyiga borgan, tunda hamma uxlagan paytda bog‘idagi daraxtga o‘zini osgan, - deydi hazorasplik fermer.

Hazorasp tumani Ichki ishlar bo‘limining navbatchisi Muxomon qishlog‘ida fermer o‘zini osib qo‘ygani faktini tasdiqladi. Unga ko‘ra, bu ishni hozir tuman prokuraturasi tergov qilmoqda.

Hazorasp tumani hokimiyatidagilar esa fermerga tazyiq o‘tkazilganiga oid iddaolarni keskin rad etdi.

- Yig‘ilish bo‘ladi, fermerlarga paxtani topshiringlar, deb ularga aytiladi. Lekin, na ruhiy va na jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. U 16 oktabr kungi majlisga kelmagan ham edi, - dedi Hazorasp tumani hokimiyati rasmiylaridan biri.

Shuningdek, Hazorasp tumanining Do‘stlik jamoa xo‘jaligida ham 19 oktabr kuni yana bir fermer o‘ziga o‘t qo‘ygan va qattiq kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgani aytilmoqda. Ozodlik manbalari iddaosicha, bu fermer ham mahalliy hokimlik vakillarining bosimiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan.

Lekin, Hazorasp tumani Ichki ishlar bo‘limi rasmiylari bu holatni tasdiqlamadi.

O‘zbekistonda fermerlarning hokimlik vakillari bosimiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilishi hollari tez-tez uchraydi.

Shu yilning iyun oyida Namangan viloyati, Chust tumani, Baymoq qishlog‘ilik fermer dala shiyponida o‘zini osgan edi.

Ozodlikka xabar bergan norasmiy manbaning marhum yaqinlariga tayanib aytishicha, joniga qasd qilgan chustlik fermerligi bilan bog‘liq muammolari qarshisida ojiz qolgan.

O‘zbekistonda mahalliy hokimliklarning zo‘ravonligi insonlar o‘limiga sabab bo‘lgani hollari ko‘p bo‘lishiga qaramay, hayotdan ko‘z yumgan fermer yoki xo‘jalik rahbarlari qarindoshlariga bosimlar o‘tkazilib, bu jinoyatlar jamoatchilikdan sir tutib kelinadi.

XS
SM
MD
LG